Kontent qismiga oʻtish

„Yodgorlik“ ipakchilik fabrikasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
„Yodgorlik“ ipakchilik fabrikasi
Sobiq nomi Xon atlas
Turi Ipak mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxona
Qachon asos solingan 1924-yil
Joylashuvi Margʻilon shahri
Ishchilar soni 80—450
Map
„Yodgorlik“ ipakchilik fabrikasi manzili xaritada

„Yodgorlik“ ipakchilik fabrikasi — dastlab 1924-yili Margʻilon shahrida artel shaklida tashkil etilgan ipak mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan fabrika. Fabrika keyinchalik „Xon atlas“ nomi bilan ipak mahsulotlari ishlab chiqarish ishlarini davom ettirgan. Avval boshda artel oʻlaroq faoliyat koʻrsatib, 1981-yilda yirik korxonaga aylangan. Korxona, shuningdek, 1991-yili UNESCO tashkiloti tomonidan turizm yo‘nalishida qoʻshgan hissasi sabab xalqaro eʼtirofga sazovor boʻlgan[1][2]. Germaniyaning Das Erste telekanali bu korxona misolida ayollarning ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari borasida maxsus lavha tayyorlagan[3][4].

Oʻzbekiston SSR tashkil etilgandan soʻng unda faoliyat boshlagan yangi hukumat tomonidan olib borilgan dastlabki ishlardan biri hunarmandchilik kooperatsiyalari (artellar)ning tashkil etilishi boʻlgan[5]. Shunday artellardan biri Margʻilon shahrida 1924-yilda tashkil etilgan ipakchilik arteli edi. Ushbu artel negizida 1971-yilga kelib korxona bunyod etilgan[6].

90-yillarda eng birinchilardan boʻlib „Yodgorlik“ ipakchilik fabrikasi xususiylashtirila boshlangan. Fabrikaning bugungi kundagi rahbari Aʼzamxon Abdullayev bu jarayonlar haqida quyidagi fikrlarni aytib oʻtgan:

Men ushbu korxonaga 1981-yili kelganman. SSSR davrida hamma narsaga davlat monopoliyasi mavjud bo‘lgani sababli qancha va qaysi matolarni ishlab chiqarish yuqoridan belgilab berilar edi. Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng, erkin kishilarga aylandik, deyishimiz mumkin. Eski o‘zbek matolarini tiklashga va yangilarini yaratishga kirishdik. 90-yillarning boshida fabrikani birinchilardan bo‘lib xususiylashtirdik. 1992-yilda men uning to‘liq egasi bo‘ldim[7].

2000-yillarga kelib Korxona toʻliq xususiylashtirilgan va „Yodgorlik“ MCHJga aylantirilgan. 2019-yil maʼlumotlariga koʻra fabrikada ishlab chiqilgan mahsulotlarning 70% Xitoyga eksport qilib kelingan[8]. 2021-yilda ishlab chiqilgan ish dasturiga koʻra xorijlik hamkorlar ko‘magida 2022-yili Tojikiston hamda Qirg‘izistonning Oʻsh, Soʻg‘d viloyatlari, shuningdek, Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlaridan kelgan qatnashchilar ishtirokida „Fergana Valley“ festivalini o‘tkazish reja qilingan. 2023-yilda esa Moda haftaliklari oʻtkazish belgilangan[1].