Kontent qismiga oʻtish

Abd

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Abd (Arab tilida: عبد) - keng ma’noda "qul" tushunchasi; shuningdek, majoziy ma’noda aksariyat musulmonlar ismining tarkibiy qismi (mas., Abdurahmon, Abdurahim va b.). Allohning quli, bandasi ma’nosini bildiradi. Qur’onda Alloh bilan inson o‘rtasidaga munosabat xoja bilan qul o‘rtasidagi munosabatga o‘xshatilgan. Bunga binoan Alloh insonlarga qanchalik g‘amxo‘r bo‘lsa, xojalar ham qullariga shunday g‘amxo‘r bo‘lmoqliklari lozim. O’z ixtiyori bilan qulni ozod qilish solih amallardan sanalib, u yetim yoki kambag‘alni ocharchilik paytida yedirib-ichirganida olgan savobidek savobga erishadi. Xoja ichgan qasamini buzsa yoxud ataylab emas, bexosdan biror-bir musulmonni o‘ldirsa, o‘ziga xos xun to‘lash shakli sifatida qul ozod qiladi. Ozod qilinganlik yozma ravishda qayd etiladi. Muhammad (sav)ning yigirmatacha (ismlari ma’lum) qullari bo‘lib, u zot ularni turli vaqtlarda ozod etganlar; payg‘ambar (sav)ning ikki ayollari qul-cho‘rilardan bo‘lishgan, ozod ayollaridan farqli suratda ularga mahr berilmagan. Musulmon huquqi barcha musulmonlarni erkin, ozod deb bilib, ularni musulmon davlatlarida qul qilinishi, jumladan qarzi evaziga qulga aylantirilishi mumkin emas deb hisoblaydi. Shunga binoan topib olingan go‘dak, hanafiylik ta’limotiga ko‘ra, musulmonlar yashaydigan yurtdan topilgan bo‘lsa, musulmon va erkin hisoblanadi. Islom Ensiklopediyasi www.ziyouz.com kutubxonasi 3 Kimda-kim dalillarsiz uni qul deb da’vo qilsa, u qabul qilinmaydi. Biroq qulning islom diniga kirishi, uning o‘z-o‘zidan erkin, ozod bo‘lganini bildirmaydi. Qonun merosxo‘rlarning manfaatidan kelib chiqqan holda, vasiyatnomada qullarni, 1/3 qismidan ortig‘ini ozod etilishiga ruhsat etmagan. Cho‘ri bilan turmush qurish - unga egalik qilishning shakllaridan biri. Agar tug‘ilgan farzand xojadan bo‘lsa (xoja uni o‘ziniki deb tan olsa) cho‘ri umm valad ("go‘dak onasi")ga aylanadi va ayrim imtiyozlarga ega bo‘ladi. Agar xojaning ozod xotini bo‘lmasa u cho‘riga uylanishi mumkin bo‘lgan, cho‘ri esa, ozod ayolga nisbatan yarim huquqqa ega bo‘la olgan. Uning farzandlari erkin hisoblangan, ya’ni bolalar otaga merosxo‘r bo‘lganlar. Shuning uchun cho‘ridan tarqalganlik shaxsning sha’niga dog‘ tushirmagan. Ko‘pchilik xalifalar (mas., Horun arRashid) cho‘rilarning farzandlari bo‘lishgan. Qullar xojalarining roziligi bilan oila qurish huquqiga ega bo‘lganlar, bu hatto Qur’onda ham tavsiya etilgan. Ajralish uchun xojaning roziligini olish shart emas, hatto xoja o‘z qullarining nikohini bekor qilishga haqqi bo‘lmagan. Diniy jihatdan musulmon-qul erkin musulmonlar bilan teng deb bilingan, biroq juma namozida bo‘lish hamda zakot to‘lash va sadaqa berish uning uchun majburiy hisoblanmagan. Bordi-yu, namoz paytida erkin musulmon bo‘lmasa, qul imomlikka xam o‘tishi mumkin bo‘lgan, lekin mustaqillikni talab etuvchi bironta ham diniy mansablarni (qozi, muhtasib, maosh oluvchi imom) unga topshirish mumkin bo‘lmagan. Islom davlatlarida qulchilik 20-a. o‘rtalarigacha saqlanib kelgan. Jazoirda - 1848 y., O’rta Osiyoda 1865-73 yillarda rasman, amalda esa 20-a. 1-choragida, Afg‘oniston, Eron, Iroqda- 1923-29 yillarda, Saudiya Arabistonida - 20-a.ning 70-y.larida bekor qilingan.