Abdiqodir eshon madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Madrasa
Abdiqodir eshon madrasasi
Muhammad Sharif oxun madrasasi
Mambetsherip axun madrasasi

qoraqalpoqcha: Abdiqadir iyshan medresesi
qoraqalpoqcha: Muxammed Sherip axun medresesi
qoraqalpoqcha: Mambetsherip axun medresesi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Qoraqalpogʻiston
Maktab yoʻnalishi Sunniy
Binokorlik tashabbuschisi Erkaboy va Mirzaboy
Asosiy sana:
XIX asrning I choragi


Abdiqodir eshon madrasasi (mahalliy xalq orasida Muhammad Sharif oxun madrasasi yoki Mambetsherip axun madrasasi nomi bilan mashhur) (qoraqalpoqcha: Abdiqadir iyshan medresesi, qoraqalpoqcha: Muxammed Sherip axun medresesi, qoraqalpoqcha: Mambetsherip axun medresesi) — Qoraqalpogʻiston madrasalaridan biri. Qoʻngʻirot sulolasi davrida Xiva xonligida (hozirgi Qoraoʻzak tumanida) Turkistondan koʻchib kelishgan Erkaboy va Mirzaboylarning mablagʻlari evaziga XIX asrning I choragida bunyod etilgan[1].

Madrasaning soʻnggi mutavallisi Abdusattor oxunning nabirasi Muhammad Sharif oxun (Mambetsherip axun) boʻlgan. Muhammad Sharif oxun 18 yil davomida Xorazm xonlarining oʻgʻillari bilan birga Xiva madrasalaridan birida tahsil olgan. Madrasani bitirganidan soʻng oʻzining ajdodlari madrasasida ilm oʻrgatgan[1].

Ushbu madrasa 3 ta binoning majmuidan tashkil topgan: Doʻngdagi masjid, Oydagi masjid va oshxona. Madrasa binolari bir-biriga nisbatan 50—60 metr uzoqlikda va oshxona ularning orasida joylashgan. Doʻngdagi masjid Oydagi masjidning shimoliy tomonida keyinroq qurilgan. Madrasalarning qurilishi bilan bogʻliq bir nechta afsonalar bizgacha yetib kelgan[1].

Oydagi masjid[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oydagi masjid toʻrtburchak shaklida (15x16 metr). Binoning oʻrtasidan janubdan shimolga qarab koridor oʻtgan. Koridorning sharqiy tomonida talabalar yashashi uchun 5 ta hujra joylashgan. Koridorning gʻarbiy tomonida 4 ta xona: darsxona, kutubxona va oxunning yashashi uchun qurilgan xonalar joylashgan. Madrasaning janubiy tomoniga qadab yana bir xona — tavojixona (muridlar tayinlangan xona) qurilgan[1].

Doʻngdagi masjid[tahrir | manbasini tahrirlash]

Doʻngdagi masjid ham toʻrtburchak shaklida boʻlib (19x20 metr), hovli atrofini oʻrab qurilgan 20 ta xonadan tashkil topgan. Darsxona va kutubxona madrasaning janubiy tomonida joylashgan. Informatorlarning soʻslariga koʻra, madrasaning qurilishi paytida bu yerda odamlar yashashgan[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 Карлыбаев 2002, s. 44—46.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Карлыбаев М.. Медресе в Каракалпакии XIX — начала XX вв.. Нукус: Билим, 2002 — 84 bet.