Abdulla Boltayev
Abdulla Boltayev (1896 — Xiva 1966) — naqqosh, Oʻzbekiston xalq rassomi (1950). Xorazm naqqoshligining yirik vakillaridan bo'lib, chizma va boʻyama naqsh ustasi. Boʻyoqchi, matoga gul bosuvchi usta oilasida tugilgan. Xivalik mashhur naqqosh va koshinkor usta Eshmuhammad Xudoyberdiyevdan hunar oʻrgangan. Yirik hashamatli binolar ( Islomxoʻja madrasasi va minorasi, 1912) qurilishida va ularni bezashda ishtirok qilgan. 1920-yildan mustaqil ishlay boshlagan. 1924-yildan Xorazm viloyati oʻlkashunoslik muzeyida ilmiy xodim. Xorazm vohasidagi atoqli ganch, tosh, yogʻoch oʻymakorlari, naqqosh larning eng yaxshi naqshlarini toʻplagan, ularni ijodiy oʻrganib, oʻzi ham naqsh na'munalari yaratgan. Xiva naqqoshligiga xos shox, poya (tanob, raftor), barg, gul va gʻunchalarga oʻxshash aylanma islimiy naqshlar Abdulla Boltayev ijodida asosiy oʻrin egallaydi. Naqsh namunalari, axtalari va girixlarida islimiy naqshlar uygʻunlashtirilgan. Koʻpgina xorazmlik ustalar uning chizmalari asosida ishlagan. Maye, Ota Polvonov uning chizmalari asosida bezagan ustun va eshik 1937-yil Parijda Amaliy sanʼat koʻrgazmasida namoyish qilingan. Abdulla Boltayev ishtirokida Koʻhna Ark, Toshhovli, Nurullaboy saroyi va boshqa meʼmoriy yodgorliklar taʼmirlangan. 1946—1947 yillarda Toshkentdagi Navoiy teatri binosining Xiva zalini bezagan ustalarga rahbarlik qilgan, shu teatr binosi eshiklari, tosh detallaridagi naqshlar uning chizmalari asosida ishlangan. Abdulla Boltayev tayyorlagan naqsh namunalari, uning chizmalari asosida ishlangan kulollik buyumlari Moskva (Sharq xalqlari sanʼati muzeyi), Toshkent (Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi, Amaliy sanʼat muzeyi, Oʻzbekiston Adabiyot akademiyasi Badiiy koʻrgazmalar direksiyasi), Xivadagi muzeylarda saqlanadi.[1] U 30 yil Xiva muzeylarida saqlovchilik qilgan, SSSR davlat mukofoti laureate bo‘lgan[2].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Xoʻjayev A., Naqqosh Abdulla Boltayev,T., 1963.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |