Kontent qismiga oʻtish

Abdulloh ibn Omir

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Abdulloh ibn Omir ibn Yazid ibn Tamim ibn Rabi’a ibn Omir ibn Abdulloh ibn Imron al-­Yahsubiy ad-Dimashqiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi milodiy 642-yil (hijriy 21-yil)
Vafoti milodiy 736-yil (hijriy 118-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi Qiroat sohibi

Abdulloh ibn Omir (arabcha: عبد الله بن عامر — Abdulloh ibn Omir ibn Yazid ibn Tamim ibn Rabi’a ibn Omir ibn Abdulloh ibn Imron al-­Yahsubiy ad-Dimashqiy, 21/642, Damashq — 118/736, ?) — qiroat sohibi.

Abdulloh Ibn Omir arablarning Himyar qabilasiga mansub. Uning kunyasi haqida ikki-uch xil rivoyat keltirilgan, to‘g‘rirog‘i, Abu Imrondir. U Damashq tumanlaridan biri — Balqoda tavallud topgan. Rasululloh vafot etganlarida ikki yoshda bo‘lgan. Abdulloh Ibn Omir buyuk tobe’in, mashhur yetti qorilarning biri va ularning qiroatdagi sanadi oliylaridan hisoblanib, u qiroatni Abu Hoshim Mug‘iyra ibn Abu Shihob va Abu Dardodan olgan. Mug‘iyra Qur’onni Usmonga o‘qib bergan. Usmon va Abu Dardo bu qiroatni Rasulullohdan o‘rganganlar. Abdulloh Ibn Omir qiroatni bir tomondan ikkita vosita, ikkinchi tomondan bitta vosita orqali Rasulullohdan naql qilgan. Imom al-Jazariy Shom diyorlarida 56/676-yillarda ham, asosan, Abdulloh Ibn Omirning qiroati mashhur bo‘lgani, xalq ommasi Qur’onni shu qiroatda o‘qiganini aytgan.

Abdulloh Ibn Omir Qur’on, hadis ilmi, arab tili qoidalari va balog‘atda yetuk bilimdonlardan bo‘lgan. Abu Dardodan keyin Shom ahlining qiroat ilmidagi katta ustozi sifatida peshvo bo‘lgan. Xalifa Valid ibn Abdulmalik davrida qozi etib tayinlangan. U Damashqdagi markaziy masjid „Jome al-umaviy“da ko‘p yil imomlik qilgan. Xalifa Umar ibn Abdulaziz ham kelib, uning orqasida namoz o‘qir edi.

Shogirdi Yahyo az-Zimoriy aytadi: „Ibn Omir mamlakatning qozisi edi, Damashq masjidining binosida o‘tirardi. U mas­jidning raisi bo‘lib, u yerda biror bid’at ko‘rsa, albatta uni o‘zgartirar edi“.

Abu Ali al-Ahvoziy aytadi: „Ibn Omir imom, olim, keltirgan maʼlumotida ishonchli, rivoyat qilganlarini esda yaxshi saqlagan, yod olganlarini puxta egallagan, aytgan gapini yaxshi bilib, to‘g‘ri fahmlay olgan, naql qilganlarida sodiq kishi edi. Musulmonlarning afzallaridan, tobeʼinlarning eng yaxshilaridan, roviylarning ulug‘laridan bo‘lgan. U din-­diyonati haqida yomon gumon qilinmagan, iymonida shak etilmagan, omonatida shubha qilinmagan, ri­voyatida gap-so‘z bo‘lmagan olimdir“.

Abdulloh Ibn Omir Muoviya ibn Abu Sufyon, Noʻmon ibn Bashirlardan hadis tinglagan va rivoyat qilgan. Imom an-Nasoiy va boshqa muhaddislar uni o‘ta ishonchli kishilardan deb aytishgan. U rivoyat qilgan hadislarni Imom Muslim, Ibn Hibbon va Imom Ahmadlar o‘z hadis to‘plamlarida keltirganlar.

Abdulloh ibn Omirdan ukasi Abdurrahmon ibn Omir, Yahyo ibn Horis az-Zimoriy, Rabi’a ibn Yazid, Jaʼfar ibn Robi’a, Ismoil ibn Ubaydulloh ibn Abu Muhojir, Saʼid ibn Abdulaziz, Bulqo qozisi Xallod ibn Yazid ibn Subayh al-Murriy, Yazid ibn Abu Molik va boshqa qiroatdan taʼlim olganlar va uning qiroatini rivoyat qilganlar. U kishidan Abdurrahmon ibn Yazid ibn Jobir, Abdulloh ibn Alo, az-Zubaydiy, Yahyo az-Zimoriy va boshqalar hadis rivoyat qilganlar. Imom Abdulloh Ibn Omirning qiroatini rivoyat qilganlar ichida eng moʻtabarlari Hishom va Ibn Zakvonlardir[1].

  1. Ibn al-Jazariy. Gʻāya an-nihāya. I, 424;
  2. Ibn Hajar. Tahzӣb at-tahzӣb. V, 24;
  3. Az-Zahabiy. Siyar. 2001. III, 19-21; V, 292-293;
  4. Az-Zahabiy. Maʼrifa al-qurrā. I, 85.
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.