Abdulloh ibn Tohir
Abu-l-Abbos Abdulloh ibn Tohir ibn al-Husayn | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 798-yil (hijriy 182-yil) |
Vafoti | milodiy 844-yil (hijriy 230-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | davlat arbobi va qo‘mondon |
Abdulloh ibn Tohir (arabcha: عبد الله بن طاهر — Abu-l-Abbos Abdulloh ibn Tohir ibn al-Husayn, 182/798, Xuroson — 230/844, ?) — davlat arbobi va qo‘mondon.
Bolalik va oʻsmirlik davri
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abbosiylar davlat arbobi va qo‘mondoni bo‘lgan Abdulloh ibn Tohirning bolalik va o‘smirlik yillari Xurosonda o‘tgan. U otasining nazorati ostida yaxshi tarbiya ko‘rgan. Otasi Tohir Horun ar-Rashidning o‘g‘illari Amin va Maʼmun o‘rtasidagi xalifalik talashuvida Ma’mun tarafdori bo‘lgan va bunda asosiy rol o‘ynagan. Abdulloh ibn Tohir ham otasining qo‘li ostida mazkur kurashda ishtirok etadi. U al-Jazirada yuzaga kelgan isyonlarni bostirish maqsadida 815-yil mintaqaga voliy etib saylangan otasining yonida ilk harbiy va boshqaruv amaliyotini o‘taydi. Otasi bu yerdan ketgach, (819-yil, 11-avgust) uning vakili sifatida kurashni davom ettiradi.
Al-Jazira isyonlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Otasi Xurosonga voliy bo‘lgach, Abdulloh ibn Tohir Bag‘dod sohibush-shurtaligiga tayinlanadi. Al-Jazira isyonlari jiddiy tus ola boshlagach, xalifa Maʼmun uni Jazira, Shom va Misrga voliy qilib, isyonni bostirish vazifasini topshiradi (821-yil). Abdulloh ibn Tohir yigirma ming kishilik qo‘shin bilan Raqqaga kelgach, avval isyonchilarga nisbatan yumshoqroq muomala qilib, ularning o‘ziga qarshi birlashishlarining oldini olishga urinadi. Biroq Shimoliy Shom va al-Jazira hududidagi Muzor qabilasi aʼzolarining isyonga qo‘shilishi oqibatida isyon avj olib, salkam to‘rt yil davom etadi. Bunga qarshi Abdulloh ibn Tohir isyonchilarning harbiy bazasiga aylangan qal’alarni zabt etishga kirishadi. Og‘ir kechgan janglardan keyin avval Balis qal’asini zabt etadi. So‘ng isyonchilar rahnamosi Nasr ibn Shabas turgan Qaysum qal’asiga hujum qilib, qal’ani qurshab oladi. Qamal natijasida Nasr omonlik so‘rashga majbur bo‘ladi. Biroq Abdulloh ibn Tohir mintaqadan qaytishi bilan yana qaytadan isyon ko‘taradi. Abdulloh ibn Tohir ortiga qaytib, qal’ani ikkinchi bor qamal ostiga oladi va Nasrni qo‘lga tushirib, Bag‘dodga yuboradi.
MIsrdagi muammolar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Isyon bostirilgach, navbat Misrdagi muammolarni hal qilishga keladi. Amin va Maʼmun orasidagi hokimiyat kurashi Misrdagi qabilalararo davom etib kelayotgan raqobatni kuchaytirgan va bu jarayon qurolli tus olishgacha borgan edi. Aka-uka orasidagi kurashga barham berish bilan bu jarayonni tugatishga harakat qilinayotgan bir paytda, Andalus umaviy hukmdori Hakam I tomonidan 15000 oilaning Misrga surgun qilinishi vaziyatni keskinlashtiradi. Ayni damda Misr voliysi Ubaydulloh ibn Soriy xalifalik markazi bilan aloqani uzib, solig‘ini to‘lamagach, xalifa Abdulloh ibn Tohirga Misrni qaytadan markazga bo‘ysundirish vazifasini topshiradi. 825-yil Misrga yurish qilgan Abdulloh ibn Tohir andalusliklardan Iskandariyani qaytarib oladi. U isyonchilarni mag‘lub etgach, Ubaydulloh omonlik so‘rashga majbur bo‘ladi.
Xuroson voliyligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Al-Jazira va Misrdagi isyonlarni bostirishda erishgan muvaffaqiyatlari tufayli Abdulloh ibn Tohir zimmasiga Ozarbayjonda isyon ko‘targan Bobak al-Xurramiy xavfini bartaraf qilish vazifasi yuklatiladi. Buning uchun avval Ozarbayjon va Armanistonga voliy etib tayinlanadi. Abdulloh ibn Tohir Dinavarda Bobak ustiga hujum qilish taraddudida turganida ukasi Talha ibn Tohirning o‘limi sababli o‘rniga Xuroson voliyligiga tayinlanadi (214/829-30-yil). 821-yildan eʼtiboran avval otasining, keyin esa, ukasining boshqaruvida bo‘lgan Xurosonga kelgan Abdulloh ibn Tohir, Raydan tortib Hindistongacha cho‘zilgan hududni erkin hukmdordek boshqara boshlaydi.
Tolaqondagi isyon
[tahrir | manbasini tahrirlash]834-yil Tolaqonda isyon ko‘targan Alining avlodlaridan Muhammad ibn Qosimni osongina yengadi va uni qo‘lga olib, Bag‘dodga jo‘natadi. Bir necha yildan keyin boshqaruvi Xurosondan turib yuritilgan Tabaristonda yanada jiddiy isyon chiqadi. Buning aybdori qaysidir maʼnoda Abdulloh ibn Tohir bo‘lgan, chunki u Tabaristonda qoriniylar urug‘idan Mozyor ibn Qorin ustidan xalifaga shikoyat qilgach, Mozyor to‘lab turgan solig‘ini to‘xtatgan edi. Mozyorni isyon qilishga undagan sabablardan biri hududdagi tohiriylar hukmronligiga hasad qilgan turk qo‘mondonlaridan Afshin ekani ayrim manbalarda aytib o‘tiladi. Nihoyat xalifa Mu’tasim ham unga qarshi bo‘lgach, Mozyor 839-yil isyon ko‘targan. Biroq u Abdulloh ibn Tohir va xalifa qo‘shini qarshisida mag‘lub bo‘ladi, o‘zi qo‘lga olinib Somarroda qatl qilinadi (840-yil avgust).
Xuroson rivojidagi harakatlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdulloh ibn Tohir Maʼmun davrida katta obro‘ga ega bo‘lgan. Ammo Mu’tasim uni unchalik xushlamagan. Hatto xalifa uni zaharlash uchun joriya qiz orqali zaharli ro‘molcha yuborgani, lekin joriya Abdulloh ibn Tohirga oshiqligi bois reja barbod bo‘lgani aytiladi. Abdulloh ibn Tohir Xurosonni salkam o‘n to‘rt yil otasi o‘rnatgan qoidalar asosida boshqaradi. Mamlakatda aholi turmush darajasini yaxshilash uchun, ayniqsa, qishloq xo‘jaligiga alohida eʼtibor beradi. Sug‘orishda ishlatiladigan suvni tartibli sarflash, mazkur muammo sababli aholi orasida yuzaga keladigan janjallarning oldini olish maqsadida Xuroson va Iroq faqihlarini bir joyga to‘plab, qonun-qoidalar ishlab chiqaradi. Bu hay’at tomonidan tayyorlangan „Kitāb al-qunӣ“ ikki asr davomida sug‘orish ishlarida andaza vazifasini bajargan.
Manbalarda Abdulloh ibn Tohirning qishloqliklar manfaatini himoya qilish uchun maʼmurlarga ko‘rsatmalar bergani, xalqning taʼlim olish imkoniyatiga ega bo‘lishini xohlagani, uning voliyligi davrida, ayniqsa, kambag‘al bolalar o‘qish uchun shaharlarga qatnagani aytiladi. Abdulloh ibn Tohir adabiyot va falsafaga jiddiy eʼtibor berib, ilm va sanʼat egalarini himoya qilgan, ayrim ilmiy bahslarda shaxsan o‘zi ham ishtirok etgan. „Al-Hamāsa“ni jamlagan shoir Abu Tammomga homiylik qilgan. O‘zi ham shoirligi qatorida musiqanavis ham bo‘lgan. Abdulloh ibn Tohir dabdaba va hashamatni yoqtirgan. Bag‘dod va Nishopurda mahobatli saroy qurdirgan. Uning xalifaga 38-44 million dirham orasida soliq to‘lagani boshqaruvi ostidagi mamlakatning turmush darajasi ancha yaxshi bo‘lganini ko‘rsatadi. Vafot etganida tohiriylar oilasi har tomonlama qudratga ega bo‘lgan[1].
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Al-Yaʼqubiy. Tarӣx. — Leyden: 1883. II, 456, 459, 461, 463, 472, 477, 480;
- Ibn Xallikon. Vafayāt. — Bayrut: 1968-72. III, 83-89;
- Fikret Işıltan. Urfa Bölgesi Tarihi. — İstanbul: 1960. 132-141;
- W. Barthold. Türkistan. — İstanbul: 1981. 267, 271-273, 274-281, 308;
- C. E. Bosworth. „The Tahirids and Arabic Culture“. JSS. XIV (1969). 45-79;
- Hakki Dursun Yildiz. „Abdullah b. Tâhir“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 137-138.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |