Abdulmalik ibn Qatan
Abdulmalik ibn Qatan ibn Nufayl al-Fihriy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 653-yil (hijriy 33-yil) |
Vafoti |
milodiy 741-yil (hijriy 123-yil) Ra’s al-Qantara |
Dini | Islom |
Abdulmalik ibn Qatan (arabcha: عبد الملك بن قطن — Abdulmalik ibn Qatan ibn Nufayl al-Fihriy, 33/653,? — 123/741, Raʼs al-Qantara) — Hishom ibn Abdulmalikning Andalusdagi voliysi.
Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Harra jangida Muslim ibn Uqba qo‘mondonligidagi umaviy qo‘shiniga qarshi madinaliklar tomonida turib jang qiladi. Madinaliklarning mag‘lubiyati bilan tugagan ushbu jangdan keyin Ifriqiyya (Tunis)ga qochadi. Qisqa muddat shu yerda qoladi, so‘ng Andalusga o‘tib Qurtubaga joylashadi. Karl Martell (Charles Martel) boshchiligidagi fransuzlar bilan jang qilayotganda shahid bo‘lgan Abdurrahmon al-Gʻofiqiyning o‘rniga Andalusga voliy etib tayinlanadi (114/732-yil). Bir yildan so‘ng vaskonlarga qarshi yurish qilib, ularni yengadi va ko‘pgina g‘animat (o‘lja)larni qo‘lga kiritadi.
Andalus voliyligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdulmalik ibn Qatanning voliylik davridagi eng katta xavf barbariylarning isyonlari bo‘lgan. Abdulmalik ibn Qatan bu isyonlarni bostira olmagach, xalifa Hishomning Tunisdagi yangi voliysi Ubaydulloh ibn Habhob uni lavozimidan chetlatadi. O‘rniga esa, Uqba ibn Hajjoj as-Saluliyni qo‘yadi (734-yil). Uqba Abdulmalik ibn Qatanni hibsga oldirib, yaqin odamlarini Tunisga surgun qiladi. Tunisda arablar bilan barbariylar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jangda ko‘p sonli arablarning halok bo‘lishi Andalusda katta to‘polon chiqishiga sabab bo‘ladi. Uqba ibn Hajjojga qarshi bosh ko‘targan arablar uni voliylik kursisidan tushirib, o‘rniga yana qaytadan Abdulmalik ibn Qatanni chiqaradilar (739-yil).
Balj ibn Bishr bilan boʻlgan voqealar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Xalifa Hishom bu voqealardan xabardor bo‘lgach, Ubaydullohning o‘rniga Kulsum ibn Iyozni voliy etib tayinlaydi va uni katta qo‘shinga qo‘mondon qilib Tunisga jo‘natadi. Kulsum barbariylarga qarshi kechgan urushda yengilib halok bo‘lgach, jiyani Balj ibn Bishr qolgan askarlar bilan Seuta (Ispaniya)ga chekinadi. Bu yerda barbariylar uni qurshab olgach, Abdulmalik ibn Qatandan yordam so‘raydi. Abdulmalik ibn Qatan o‘zining yaqin odamlari bilan maslahat qilib, Balj ibn Bishr keyinchalik Andalusni bosib olishi mumkinligidan xavfsiragani uchun unga yordam bermaslikka qaror qiladi. Hatto o‘zidan beso‘roq Baljga yordam tariqasida oziq-ovqat yuborgan Ziyod ibn Amr al-Lahmiyni qatl qildiradi. Lekin ko‘p o‘tmay, barbariylarning tobora kuchayib borayotganini ko‘rib, Tunisda arablar boshiga tushgan fojia kelajakda o‘zlarining ham boshiga tushishidan xavotirlanib, Balj ibn Bishr va askarlariga bir nechta shart bilan Andalusga kelishlariga rozi bo‘ladi. Shartga ko‘ra, Balj o‘n nafar odamini Abdulmalik ibn Qatanning oldida garov sifatida qoldirishi va bir yildan so‘ng Andalusdan chiqib ketishi lozim edi. Balj uning shartlariga rozi bo‘lgach, Abdulmalik ibn Qatan bir qancha kema orqali Andalusga uning ko‘p sonli askarlarini olib keladi va bu askarlar yordamida Salit vodiysida barbariylarni tor-mor qiladi. Barbariylar masalasini hal qilgach, kelishuvga binoan ularni Andalusni tark etishlarini istaydi. Ammo bu askarlarga yoqmay, qo‘zg‘olon ko‘tarishadi va uni saroydan chetlashtirib, o‘rniga Baljni voliy etib saylashadi (741-yil).
Vafoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Boshqaruv Baljga o‘tgach, Jazirat ul-xazrodagi garovda turgan odamlarini Qurtubaga olib keladi. Ular o‘zlariga nisbatan juda yomon muomala qilingani, och-nahor qoldirilganlari, hatto g‘assoniylarga mansub bo‘lgan bir safdoshlari ochlikdan o‘lganini aytishadi. Baljning qo‘shinidagi shomlik askarlar Abdulmalik ibn Qatan Harra jangidagi mag‘lubiyat intiqomini olish maqsadida ularni Seutada shunday ahvolga solganini aytib, uning o‘ldirilishini talab qilishadi. Balj ularni tinchlantirishga uringan bo‘lsa-da, foydasi bo‘lmaydi va isyon chiqarishlaridan xavfsirab Abdulmalik ibn Qatanni qatl qilishga izn beradi. Abdulmalik ibn Qatanning ikki o‘g‘li Marida va Saragosada askar to‘plab, ularga qo‘shilgan Abdurrahmon ibn Habib va Abdurrahmon ibn Alqamalar bilan Balj ibn Bishrga qarshi yurish qilishadi. Biroq o‘zlari mag‘lubiyatga uchraydilar. Abdulmalik ibn Qatan Qurtuba shahrining tashqarisida joylashgan Ra’s ul-Qantarada taxminan to‘qson yoshlarida qatl qilinadi. Bu yer keyinchalik, Maslab ibn Qatan nomi bilan tanilgan. Yusuf ibn Abdurrahmon al-Fihriyning Andalus voliyligi davrida Abdulmalikning o‘g‘li Umayya bu yerda otasi xotirasiga masjid qurdiradi va yuqorida nomi zikr qilingan ushbu joy o‘sha sanadan boshlab „Masjidi Umayya“ deb atala boshlaydi.
Abdulmalik ibn Qatanning o‘g‘illariga qarshi kechgan jangda yarador bo‘lgan Balj, Abdulmalik qatl qilingandan bir necha kun o‘tgach, o‘zi ham vafot etadi[1].
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Ibn al-Asir. Al-Kāmil. — Bayrut; 1399/ 1979. V, 174, 175, 181, 185, 192, 250-252, 490, 491;
- Ibn Xaldun. Al-Ibar. — Bayrut: 1399/1979. IV, 119;
- R. Dozy. Spanish Islam. — London: 1972. 138, 140-143;
- Anwar G. Chejne. Muslim Spain, Its History and Culture. — Minnesota: 1974. 12;
- Xolid as-So‘fiy. Tarӣx al-’arab fi-l-Andalus. — Bing‘ozi: 1980. 239-269;
- Az-Zirikliy. Al-Aʼlām. — Bayrut: 1984. IV, 162;
- M. Th. Houtsma. „Abdülmelik“. İA. I, 94-95;
- M. Schmitz. „Belc“. İA. II, 468;
- E. Lévi-Provençal. „Abd al-Malik b. Katan“. EI2 (İng.). I, 76;
- Abdülkerim Özaydin. „Abdülmelik b. Katan“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 265.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |