Abdulvahhob ibn Axmad
Shaʼroniy (yoki ash-Shaʼroviy), Abdulvahhob ibn Axmad—misrlik mashhur soʻfiy va ilohiyotchi.
Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Saqiyat – Abu Shaʼra qishlogʻida 1493-yilda tugʻilgan, oʻz shajarasini (asossiz ravishda) Ziyoniylar sulolasidan chiqqan Tlemsen hukmdorlariga, ular orqali alaviy Muhammad ibn al-Hanafiyaga bogʻlagan. Qohirada yashab, ijod etgan. Shofi’iylik fiqhini u Misrning atoqli faqihi Zakariyo al-Ansoriydan oʻrgangan. Ibn Arabiy qarashlari unga katta taʼsir koʻrsatgan. Qohirada Shaʼroniy soʻfiy vaʼzxon sifatida tezda shuhrat qozongan, tarafdorlari koʻpaygan. Badavlat qozi Abdulqodir al-Magʻoziliy unga atab madrasa kurdirgan va vaqf sifatida bir qancha yer mulklari ajratib bergan. Shaʼroniy va uning avlodlari undan merosiy foydalanish huquqini olganlar. Shu tufayli Shaʼroniy koʻp xayr-u sadaqalar qilgan, kambagʻallar, mayib-majruhlar, shuningdek, koʻp sonli muridlarini boqqan, bular uning shuhrati yanada ortishiga sabab boʻlgan. Shaʼroniy 1565-yilda vafot etadi. 1774-yilda uning sagʻanasi ustiga uning nomi bilan ataladigan masjid bunyod etilgan, u hozir ham saqlangan. Masjid joylashgan koʻcha va yaqin atrofdagi mavze ham uning nomi bilan ataladi.
Taʼlimoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shaʼroniy hadis, fiqh, soʻfiylik va boshqalarga oid 60 dan ziyod asar yozgan. Ibn Arabiyning kuchli taʼsiriga qaramay, Shaʼroniy uning vahdat al-vujud taʼlimotini qabul qilmagan. U „maʼrifatli“ soʻfiylik tarafdori boʻlib, fiqh va islom aqidalarini chuqur bilish har bir soʻfiy uchun shart deb hisoblagan. U tavakkulni bir taraflama -har bir ishni Allohning irodasiga tashlab qoʻyishni, bu bilan „qashshoqlikda kun kechiruvchi bekorchilar va tekinxoʻrlarni“ soʻfiylikda ortib borishiga qarshi chiqqan. Fiqh sohasida Shaʼroniy mezon nazariyasini ishlab chiqqan, unga koʻra, islomdagi 4 asosiy mazhab oʻrtasidagi ixtiloflar asosan shariat qoidalariga amal qilishga oid. Shaʼroniy fikrig koʻra, barcha mazhab asoschilari haq boʻlib, diniy qonun negazida sobitqadam boʻlganlar. Ular oʻrtasidagi farq faqatgana shariatning u yoki bu qoidasini „murakkablashtirish“ (tashdid) yoki „engillashtirish“ (taxfif)dan iborat boʻlgan.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Husniddinov, Zuhriddin. Islom ensiklopediyasi. Toshkent: „O’zbekiston milliy entsiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2004.