Kontent qismiga oʻtish

Abdurauf Muhamedov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdurauf Muhammedov
Tavalludi 1908-yil
Vafoti 1938-yil 14-oktyabr
Toshkent
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Taʼlimi Sharq mehnatkashlari kommunistik universiteti
Kasbi Namangan shahar sovet raisi
Faoliyat yillari 1920-1938
Otasi Abdushukur Toshmuhammad oʻgʻli
Onasi Oyimchabibi

Abdurauf Muhammedov (1908-yil — 1938-yil, 14-oktyabr) — XX asr oʻzbek maʼrifatparvarlaridan, Oʻrta Osiyo davlat universitetida direktor oʻrinbosari, Namangan shahar soveti raisi boʻlib ishlagan. 1938-yil qatagʻon qurboni boʻlgan.

Tarjimayi holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdurauf Muhammedov 1908-yilda tugʻilgan. U ham akasi Abduvosiq Muhammedov kabi „Namuna“ maktabida tahsil oldi. Abdurauf mehnat faoliyatini juda erta boshlab, 1920-yil 13 yoshida meva-choy ishlab chiqarish korxonasida ishlagan. 1924—1926-yillarda esa Toshkentning eski shahar komsomol tashkiloti tuman qoʻmitasida tashkiliy boʻlim mudiri va kotibi vazifalarida ishlaydi. 1926—1927-yillarda davlat apparatini mahalliylashtirish komissiyasida mas’ul kotib, 1927—1928-yillarda esa Toshkent okrugi chakana ishlab chiqaruvchilar ittifoqi madaniyat boʻlimida mudir lavozimlarida faoliyat koʻrsatadi. Abdurauf Muhammedov 1928—1931-yillarda Oʻrta Osiyoda birinchi boʻlib tashkil etilgan radio markazida direktor oʻrinbosari boʻlgan.

Abdurauf Muahmmedov 1931—1932-yillarda Moskvada tahsil oladi. Moskva va Leningradga ketadiganlar guruhiga yetakchilik qiladi[1]. Moskvada oʻqish bilan bir paytda talabalar stipendiya komissiyasi raisi va Oʻzbekistonning Moskvadagi doimiy vakilining mas’ul kotibi vazifalarida ish olib borgan. Toshkentga qaytgach, 1932-yil sentyabridan 1933-yil 15-apreligacha Oʻrta Osiyo davlat universitetida (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) direktor oʻrinbosari boʻlgan. Keyinchalik Toshkentdan ketkazilib 1933-yil 15-aprelda Namanganning Yangi Qoʻrgʻon tumanida ijroKoʻm raisi oʻrinbosari lavozimiga tayinlanadi. Tashabbuskor va intiluvchan rahbar sifatida 1936-yil 26-yanvarda Namangan shahar soveti raisi lavozimiga saylanadi.

1937-yil 2-sentyabr kuni Abdurauf Muhammedov toʻsatdan Namangan partiya qoʻmitasi tomonidan partiyadan oʻchiriladi va ishdan chetlashtiriladi. 1937-yil 14-sentyabr kuni esa qamoqqa olishga order yozib beriladi.

1937-yilning 14-oktyabr kuni oʻtkazilgan birinchi soʻroqda Abdurauf Muhammedovning oʻtmishi bilan qiziqadilar. 1937-yil 1-noyabr kungi soʻrovda Abdurauf Muhammedovning Namangandagi shahar sovetida raisligi davrida olib borgan ishlari „aksilsovet faoliyati“ deb notoʻgʻri talqin qilinadi. Uni mahalliy troitskiychi aksilinqilobiy tashkilot tuzgan deb, OʻZSSR Jinoyat kodeksining 58-, 63-, 64-, 67-moddalari bilan aybdor deb topadilar. Mash’um uchlik Abdurauf Muhammedovnining ishini 1938-yil 14-oktyabr kuni soat 13:55 dan 14:10 gacha koʻrib chiqadi va oʻsha kunning oʻzida hukm ijro etilib otib tashlanadi[2].

  1. Bahrom Irzayev. Turkiston jadidlarining Ko'mak tashkiloti. Toshkent islom universiteti 2016 — 8-bet. ISBN 978-9943-4825-0-0. 
  2. Б. Ҳасанов. Tarixning noma'lum sahifalari. 7-kitob. Toshkent islom universiteti 2018 — 139-bet. ISBN 978-9943-4964-4-6.