Abduvahhob Ibodiy
Abduvahhob Ibodiy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi |
1877-yil Toshkent shahri |
Vafoti | 1943-yil |
Fuqaroligi | SSSR |
Millati | oʻzbek |
Kasbi |
|
Abduvahhob Ibodiy (1877—1943) – oʻzbekistonlik fidokor, taniqli oʻzbek pedagogi, maʼrifatparvar. „Eʼtiqodi islomiya“ kitobi va „Miftoh ul-alifbo“, „Tahsil ul-alifbo“ darsliklari muallifi. „Maktabi boqiya“ (Hayot maktabi) nomli yangi usuldagi maktabi, „Maktabi Vahhobiya“ hamda „Urfon“ nomli maktablar asoschisi.
Hayoti va mehnat faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abduvahhob Ibodiy Qoʻqon shahrida Eski aravabozor mahallasida hunarmand oilasida tavallud topgan. Otasi Ibodulla otameʼros kavushdoʻzlik hunari bilan shugʻullangan. Onasi Robiya esa otin maktabdor boʻlib, qizlarni oʻqitgan.
Abduvahhob Ibodiy mahalladagi maktabda tahsil olib, savod chiqargandan soʻng bir muddat oilasiga qarashib turadi, soʻng Qoʻqon va Buxoro madrasalarida oʻqiydi. Buxorodan qaytgach, 1989-yilda Shoazim noʻgʻay domlaning maktabida tajriba orttirib, yangi usullarni oʻrganadi. Keyinchalik oʻzi 1901-yilda Qalandarxona mahallasidagi Soʻfi Badal eshon tashqari hovlisida „Maktabi boqiya“ (Hayot maktabi) nomi bilan yangi usuldagi maktabga asos soladi. Keyinchalik Soʻfi Badal eshon va uning ukasi Orifxon daʼvati bilan Galabaqqol mahallasida ham maktab ochadi. 1905-yili oʻz nomiga „Maktabi Vahhobiya“ maktabini tashkil etadi.
Abduvahhob Ibodiyning „Urfon“ nomli maktabi 1919-yilda Birinchi maktab-internatga aylantirilgan. Maktablardagi foydalanilayotgan darsliklardan qoniqmagan Ibodiy 1912—1914-yillarda Toshkentga kelib yangi usuldagi maktabga moʻljallab yozgan „Miftoh ul-alifbo“, „Tahsil ul-alifbo“ darsliklarini nashr ettirib qaytadi.
Oʻz kasbiga talabchan boʻlgan muallim Ibodiy 1914-yildagi qilgan haj safari chogʻida Turkiyada toʻxtab, maktablarning dars usullari va yangi darsliklar bilan tanishadi. U yerdan qaytgach, Orenburgga borib Husayniya madrasasi oʻquv tizimi bilan tanishadi. Soʻngra oʻzining olgan safar taassurotlari va tajribalari asosida ikkinchi bosqich maktabini tashkil etish ustida bosh qotiradi va 1914-yili Qoʻqonda u birinchi sonli naʼmuna maktabi asoschisiga aylanadi. Keyinchalik bu maktab Ashurali Zohiriy tavsiyasiga koʻra „Irfon“, yaʼni „Ilm“ deb nomlanadi. Shu yilning oʻzida Qoʻqonda „Irfon“ maktab oʻquvchilari uchun toʻrt qismdan iborat „Eʼtiqodi islomiya“ kitobini chop ettirgan. 1917-yilda Abduvahhob Ibodiy 1917-yilda „Shoʻroyi Islom“ tashkilotining Qoʻqon boʻlimi „Taʼmimi maorif“ jamiyatiga aʼzo boʻladi.
1918-yil voqealaridan soʻng uning maktabi 100 oʻrinli internat sifatida qayta tashkil qilindi. Xususiy maktablarning maktab tomonidan yopilishi tufayli 1921—1923-yilli Qoʻshchi ittifoqi va oziq-ovqat tayyorlov boʻlimlarida mudir vazifasida faoliyat olib borgan.
Abduvahhob Ibodiy 1923-yilda hukumat maorif boʻlimining taklifi bilan ikki bosqichli maktabni 5-bolalar uyi va 8-bolalar internatini va kashshoflar uyini tashkil etadi. Ammo u yerda uzoq vaqt ishlay olmaydi. 1925—1927-yillarda xalq qozisi vazifasini bajaradi. Keyinchalik bu vazifa davlat tomonidan bekor qilinib, oʻzining asosiy kasbini davom ettiradi. 1930—1937-yillarda 1-son bolalar uyida mudir sifatida ishlaydi.
Abduvahhob Ibodiy 1936-yilda „Mehnat qahramoni“ unvoni bilan taqdirlanadi. Shu yilning 1-sentabridan nafaqaga chiqadi.
Ayblov
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbekiston NKVD Qoʻqon boʻlimi qarori bilan 1937-yil 10-sentabrda „Milliy ittihod“ tashkiloti aʼzosi deb topilib, qamoqqa olingan. Shu yilning 27-noyabrida Uchlik qarori bilan 10 yilga MTL (mehnat tuzatish lageri)ga surgun qilingan. Ibodiy 1956-yilda oqlangan[1].
Oʻlimi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abduvahhob Ibodiy 1942-yilda jazoni ijro etish chogʻida vafot etganligi aytiladi[2].
- ↑ Ahmad, Sirojiddin. Qizil mustamlaka: e'lon qilinmagan urush Katta qirg'in qomusi (1929-1950). Toshkent: Info Captal Books, 2022-yil — 635-bet. ISBN 978-9943-5789-3-7.
- ↑ „Abduvahob Ibodiy“. jadidlar.uz. Qaraldi: 12-may 2024-yil.