Kontent qismiga oʻtish

Abduvahob Murodiy

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Abduvahob Murodiy
Tavalludi 1901-yil 29-may
Toshkent Egarchi mahallasi
Vafoti 1932-yil 25-aprel
Solovki lageri, SSSR
Fuqaroligi Rossiya imperiyasi
Sohasi agranom, o'qituvchi
Mashhur ishlari "Botanika", "Paxta yetishtirish usullari"
Turmush oʻrtogʻi Marta (Murodiy)
Dini Islom

Abduvahob Murodiy — XX asr boshida Germaniyada tahsil olgan taraqqiyparvar, birinchi oʻzbek agranomi, oʻqituvchi va olim 1930-yillardagi muhim ijtimoiy-madaniy jarayonlarning faol ishtirokchisi. Aksilinqilobiy tashkilot aʼzosi sifatida qatagʻonga uchragan.

Hayoti va faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yoshlik yillari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abduvahob Murodiy 1901-yil 29-may kuni kuni Toshkentning Egarchi mahallasida dunyoga kelgan. Qashshoq oilada tugʻilganligi sababli uning taʼlim va tarbiya olishiga Munavvar qori Abdurashidxonov homiylik qilgan[1].

1913-yil Eshonxoʻja Xoniyning „Xoniy“ maktabini, 1914-yil Munavvar qorining „Namuna“ maktablarini bitirgan. 1915-yil Munavvar qori tavsiyasi bilan Namangan shahridagi jadid maktabiga oʻqituvchi sifatida bir yil ishlagan. 1916—1917-yillar Toshkentdagi „Hayot“ maktabida dars bergan. 1917—1919-yillar Ozarbayjonning Boku shahridagi ziroat bilim yurtida oʻqigan[2], soʻngra Toshkentga qaytib 1919-20-yillar „Mashrab“ maktabida dars bergan. Oʻsha vaqtlarda Said Ahroriyning „Izchilar toʻdasi“, Fitratning „Chigʻatoy gurungi“ tashkilotlari tadbirlarida faol ishtirok etgan. 1921-yil iyul oyida Berlindagi Qishloq xoʻjaligi akademiyasiga oʻqishga kirgan.

Abduvahob Murodiy Martava (Marta) ismli nemis ayoliga uylangan. Maryam ismli bir nafar qiz farzandi boʻlgan. Onasining ismi Xayrinisa. Abduqodir ismli ukasi va hibsga olingan vaqtida 13 yoshli singlisi ham boʻlgan[3].

Abduvahob Murodiy Turkistonga kelgan taniqli turk generali Jamol poshshoning maslahati bilan Germaniyada oʻqishga qaror qildi. Unga Akmal Ikromov „Muallimlar jamiyati“ xazinasidan maʼlum miqdorda pul ajratgan. 1920-21-yillar Afgʻonistonda boʻlib, 1921-yil iyulida Germaniyaga yetib bordi va Berlindagi Qishloq xoʻjaligi akademiyasiga oʻqishga kirdi.[4]

Germaniyadagi faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Berlin ziroat akademiyasi talabasi Abduvahhob Murodiyning „Qizil bayroq“ gazetasida „Germaniyadan xat“ rukni ostida chop etilgan ilk maktubida u Toshkentda ochilgan „Koʻmak“ jamiyatini qutlab shunday yozgan: „Toshkentdan olingan bir xatda Ovrupoga talabalar yubormoq uchun sizlarning bir uyushma tuzganingizni oʻqidim va terimga sigʻmaydirgan darajada suyundim. Bir yildirkim Ovrupoda yashamoqdaman. Ilm maorifda Ovruponing birinchi boʻlgan Germaniya dorulfununlarida butun dunyodan, hatto tatarlardan oʻnlab, turklardan esa minglab talabalar boʻlgani holda bizning Turkistondan mendan boshqa talabaning boʻlmasligi yuragimni parchalamoqda. Boshqalarga hasad sezgisini uygʻotmoqda edi. Mana sizlarning bu xayrlik muborak tashabbusingiz bir yildan beri kulmagan koʻnglimni kuldirdi va ruhimga jon berdi[5].“

Gazetaning keyingi sonida Ovroʻpo mamlakatlari orasida tahsil uchun har jihatdan maʼquli Germaniya ekanligini taʼkidlab: „… nemislar oʻzlarining hisobsiz dushmanlarini yengmak uchun Sharqning uygʻonmoqligini istaydirlar. Bu kungacha Sharq toʻgʻrisida yozgan kitoblari butun betaraflik bilan yozilmishdir. Faqat ilmda, maorifda bular Ovrupada ustoz sanaladirlar. Nemislarning oliy maktablarida yuzlab amriqolik, fransuz va inglizlarning boʻlishini va bu yerda muhandis toʻplamoq uchun bir muncha hayʼatlarning kelishi menim bu davoimni isbot etadir[6]“, — deydi.

Soʻnggi maktubi „Germaniyada oʻqish va oʻqitish“ sarlavhasi ostida boʻlib, unda Murodiy „…Germaniyada 21 dorulfunun va boshqa sonsiz yuqori va oʻrta darajalik maktablar bor. Germaniya dorulfununlari maktab boʻlishdan boshqa yana bir koshiflar, ixtiro qilgʻuchilar yotogʻidir. Germaniya dorulfununlaridagi oʻrgatish usuli hech bir yerda yoʻqdir… Darsni eshitmak bilan qolmas. Balki, darsning ruhiga kirib ketar. Fanni oʻzidan yiroq emas, oʻz ichida his etar. Mana shu surat bilan uning miyasida fan tugʻilur va yashar. Ixtiro fikri uygʻonur. Katta imtihon boʻlganda ana shul darsdan ham soʻz, ham yozuv bilan imtihon berur. Soʻngra shul fan toʻgʻrisida bir kitob yozar. Ul kitob mudarrislar orasida oʻqilur. Ular tanqid etarlar. Talaba isbot qilur. Shul yoʻl bilan talabaning fanning har nuqtasiga yetishganligi bilingach qoʻliga shahodatnoma berilur. Bu shahodatnomani olgan talabaga har qanday ish topshirilur. Talaba bir nazariyotchi boʻlib emas, balki, haqiqiy bir fan olimi boʻlib yetishar[7]“, — deydi.

1922-yil kuzidan Germaniya tuprogʻiga yuzga yaqin turkistonlik yoshlar qadam qoʻydi. Abduvahhob ularni iqtidoriga koʻra taʼlim sohalarni tanlash va yoshlarni nemis xonadonlariga joylashtirish ishlariga bosh qosh boʻldi. Munavvarqori va Fitratlar maslahati bilan Ovroʻpoga yoʻl olayotgan yoshlarning har biriga uchtadan daftar taqdim etilgan edi. 1-daftarga egallayotgan sohasiga oid chuqur ilmiy maʼlumotlar, kitoblar va eng yirik olimlarini yozish; 2-daftarga oʻsha soha pedagogikasi, taʼlim dargohlari, kadrlar qayerda va qay tartibda oʻrgatilishi; 3-daftarga sohaning asosiy tushuncha va terminlari, qaysi tildan olingani va qanday maʼno berishi, oʻzbek tilida qaysi soʻzga mos tushishini yozish[8].

Shanba, yakshanba kunlari ilmiy sayohatlar uyushtirib, shaharlardagi asosiy korxonalar, ularning tuzilishi va ish usullari, iqtisodiyotdagi ahamiyatini muhokama etishardi. Har oʻn besh kun, bir oyda Fayzulla Xoʻjayev tomonidan sovgʻa qilingan Berlindagi Maorif uyida jamlanishib, talabalar oʻzlari oʻrganayotgan soha va amalga oshirayotgan ishlari haqida maʼruzalar qilardi. Tadbir soʻngi adabiy kechaga aylanib, kichik teatrlar sahnalashtirishar, mushoiralar uyushtirishardi[9].

Misrdagi amaliyot

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1926-yil Abduvahhob Murodiy toʻrt oy davomida Misrda paxtachilik sohasida amaliyot oʻtab, Yevropa taʼlim muassasasida oliy maʼlumot olgan birinchi oʻzbek agronomiga aylandi. „Yer yuzi“ jurnalining 1926-yil 11-sonida „Birinchi diplomli agronom“ maqolasida muallif oʻquvchilarga Murodiy haqida xabar beradi va keyinga yillarda „…yuzlarcha muhandis, kimyogar, doʻxtir, sotsiolog mutaxassislarga ega boʻlurmiz[10]“, — deb yozadi.

Turkistondagi faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1927-yilda Turkistonga qaytgan Murodiy sovet hukumati idoralari tomonidan ishonchsiz deb topildi. Bir muddat ishsiz qoldi. Bu vaqtda u oʻzining Germaniyadan keltirgan kitoblari asosida bolalar uchun olmon adabiyotidan tarjimalar qildi, qator darslik va oʻquv qoʻllanmalari yaratdi. Jumladan, „Botanika“, „Paxta yetishtirish usullari“ kabi kitoblari chop etildi, vaqtli matbuotda koʻplab maqolalari bosildi.

Abuvahhob Murodiy 1927-yil soʻngida Shreder nomidagi Bogʻdorchilik ilmiy-tekshirish institutida direktor muovini boʻldi, Oʻrta Osiyo davlat universiteti qishloq xoʻjaligi fakultetida oʻqituvchi vazifalarida ishlay boshladi. Shuningdek, u mashhur qozoq adibi Muxtor Avezov, akademik Borovkovlar bilan sharq fakultetining turkiyshunoslik boʻlimida ham ilmiy xodim sifatida taʼlim bergan. Abuvahob Murodiy tinimsiz ilmiy va amaliy mehnat faoliyati bilan bir paytda matbuot sahifalarida sharqshunoslik va oʻzbek imlosi masalasiga oid maqolalari bilan ham qatnashdi.

Oʻzbekiston hukumati rahbarlari Fayzulla Xoʻjayev va Akmal Ikromovlar uning nomzodini bir necha marta Yer ishlari komissari lavozimiga tavsiya etdi. Bu esa ayrim „qizil imperiya“cha siyosat tarafdori boʻlgan kimsalarga yoqmadi. Ular yosh oʻzbek agronomining ish jarayoniga turli boʻhton bilan qarshilik koʻrsatdilar. Shunga qaramay, u qisqa muddatda Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi tajriba stansiyasida koʻpgina iqtidorli shogirdlarni yetishtirib berdi. Toshkent tumani Achchi ovulida oʻz tashabbusi bilan tuzilgan „Qizil namuna“ jamoa xoʻjaligida Germaniyada oʻrgangan ilmlarini ishga solib juda boy jamoa xoʻjaligini yuzaga keltiradi va oʻz davri uchun misli koʻrilmagan iqtisodiy yutuqlarni qoʻlga kiritadi[11].

Qamoqqa olinishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abuvahhob Murodiy 1930-yil 25-aprel kuni Munavvarqori Abdurashidxonov rahbarligidagi „Milliy ittihod“ tashkiloti aʼzosi sifatida OGPU tomonidan qamoqqa olindi. U bir yildan ortiq vaqt davom etgan qiynoq va tahqirlar ostida soʻroq qilindi. Bu tergov materiallari mazmuni bugun Murodiyning jinoyatchi emas, aksincha haqiqiy millat qahramoni ekanligini isbotlovchi dalillardir.

1931-yil 25-aprel kuni OGPU kollegiyasi qarori bilan Abduvahhob Murodiyga otuv hukmi 10 yillik konslager bilan almashtirildi[12]. Ayrim maʼlumotlarga qaraganda u jazoni Oq dengizdagi orollarda joylashgan dahshatli Solovki lagerida oʻtagan va shu joyda halok boʻlgan. 1932-yil turmush oʻrtogʻi Marta xonim va qizalogʻi Potye (oʻzbekcha ismi Maryam)lar mamlakatdan chiqarib yuborildi. Turmush oʻrtogʻi Marta xonim qizi Potyelarning ham keyingi taqdiri nomaʼlumligicha qolmoqda[13].

  1. Sherali Turdiyev "Ular Germaniyada o'qigan edilar". Toshkent. 43-bet., 2006 {{citation}}: Andozada hech qanday qiymat berilmagan (boʻsh) nomaʼlum parametr mavjud: |seperator= (yordam)
  2. Birinchi diplomli agranom, "Yer yuzi" jurnali, 1926-yil, 11-son., 1926 {{citation}}: Andozada hech qanday qiymat berilmagan (boʻsh) nomaʼlum parametr mavjud: |seperator= (yordam)
  3. Sherali Turdiyev "Ular Germaniyada o'qigan edilar". Toshkent. 51-bet., 2006 {{citation}}: Andozada hech qanday qiymat berilmagan (boʻsh) nomaʼlum parametr mavjud: |seperator= (yordam)
  4. „Germaniya taʼlimini olib qatagʻonga uchragan jadidlar - Birinchi oʻzbek agronomi Abduvahhob Murodiy“.
  5. Germaniyadan xatlar, "Qizil bayroq" gazetasi, 1922-yil, 29-iyul - 1-avgust sonlari, 1922 {{citation}}: Andozada hech qanday qiymat berilmagan (boʻsh) nomaʼlum parametr mavjud: |seperator= (yordam)
  6. Germaniyadan xatlar, "Qizil bayroq" gazetasi, 1922-yil, 29-iyul - 1-avgust sonlari, 1922 {{citation}}: Andozada hech qanday qiymat berilmagan (boʻsh) nomaʼlum parametr mavjud: |seperator= (yordam)
  7. Germaniyadan xatlar, "Qizil bayroq" gazetasi, 1922-yil, 29-iyul - 1-avgust sonlari, 1922 {{citation}}: Andozada hech qanday qiymat berilmagan (boʻsh) nomaʼlum parametr mavjud: |seperator= (yordam)
  8. Sherali Turdiyev "Ular Germaniyada o'qigan edilar". Toshkent. 53-bet., 2006 {{citation}}: Andozada hech qanday qiymat berilmagan (boʻsh) nomaʼlum parametr mavjud: |seperator= (yordam)
  9. „Germaniya taʼlimini olib qatagʻonga uchragan jadidlar - Birinchi oʻzbek agronomi Abduvahhob Murodiy“.
  10. Birinchi diplomli agranom, "Yer yuzi" jurnali, 1926-yil, 11-son., 1926 {{citation}}: Andozada hech qanday qiymat berilmagan (boʻsh) nomaʼlum parametr mavjud: |seperator= (yordam)
  11. „Germaniya taʼlimini olib qatagʻonga uchragan jadidlar - Birinchi oʻzbek agronomi Abduvahhob Murodiy“.
  12. OGPUning 1931-yil 25-apreldagi 670-raqamli jinoyat ishi
  13. „Germaniya taʼlimini olib qatagʻonga uchragan jadidlar - Birinchi oʻzbek agronomi Abduvahhob Murodiy“.