Abkar al-Afkar
Muallif(lar) | Sayfuddin al-Omidiy |
---|---|
Til | arab tili |
Janr(lar)i | kalom ilmiga doir asar |
Abkar al-Afkar (arabcha: أبكار الأفكار — Ash’ariyya olimlaridan Sayfuddin al-Omidiyning (vafoti: 631/1233-yil) — kalom ilmiga doir asari.
Muqaddima
[tahrir | manbasini tahrirlash]Asar qisqa muqaddima va sakkiz bo‘limdan tashkil topgan. «Muqaddima»da asosiy mavzulardan biri sifatida Allohning zoti va sifatlari haqida bahs qiluvchi, diniy ilmlarning asosini tashkil qilgan kalom ilmi – eng sharafli ilm ekani, uni o‘rganish katta ahamiyat kasb etishi, shuningdek, mutaqaddim va mutaaxxir olimlarning o‘z davriga oid qarashlari izohlangan holda ifodalangan. «Qoida» nomi bilan atalgan bo‘limlarda «fasl, bob, qism, nav’, masala, asl va far’» nomi berilgan ichki tuzilmalar qo‘llanilgan.
Boʻlimlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]I boʻlim
[tahrir | manbasini tahrirlash]Fan muammosiga tegishli birinchi bo‘limda turli ta’riflar berilib, fan sohalari bilan bog‘liq tahlillar keltirilgan.
II boʻlim
[tahrir | manbasini tahrirlash]Aqliy dalillar (nazariya) keltirilgan ikkinchi bo‘limda nazariyaning ta’rifi, shartlari, manbasi, nazariy bilim manbai sifatida qabul qilinmagan fikrlar tanqidi, Allohning borligini anglash uchun sof tafakkur har bir mukallafga farz ekani kabi mavzularga o‘rin ajratilgan.
III boʻlim
[tahrir | manbasini tahrirlash]Nazariy hukmlarga olib boruvchi uslublar tilga olingan uchinchi bo‘limda had, qismlari, turlari va ularning dalillari ustida to‘xtalinadi.
IV boʻlim
[tahrir | manbasini tahrirlash]«Ma’lum» mavzusiga oid to‘rtinchi bo‘lim asarning eng keng qismini tashkil qiladi. «Ma’lum» – mavjud yoki ma’dum bo‘ladi; mavjud bo‘lgan «ma’lum» vojib va mumkin shaklda ikkiga bo‘linadi. Shuningdek, vojib borliq mavzusi keng bayon qilingan ushbu bo‘limda vojib al-vujudning isboti, sifatlari, sifatlarining bir-biri bilan bog‘liqligi, Alloh haqida joiz bo‘lgan va bo‘lmagan xususiyatlar, ru’yatulloh, Allohni maxluqlariga o‘xshatishlikdan poklash, nasroniylarning uluhiyyatga aloqador qarashlari tanqidi, ilohiy fe’llar, ta’dil va tajvir, qudrat va iroda mavzulari ustida so‘z boradi. Mumkin borliq qismida esa javhar (substansiya), araz (aksidensiya) va bularga aloqador hukmlar bilan olamning hodis bo‘lishi mavzusi tilga olinadi. Mazkur bo‘limning ma’dum bo‘lgan «ma’lum» qismida ahvol nazariyasi tanqid qilinadi.
V boʻlim
[tahrir | manbasini tahrirlash]Nubuvvatga doir beshinchi bo‘limda nubuvvat, nabiy va moʻjiza tushunchalari sharhidan keyin, payg‘ambarlarning vasflari hamda ustunliklari haqidagi mavzular o‘rin olgan.
VI boʻlim
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oxirat holatlari va sam’iyyot (oxirat hayotiga oid mavzularning umumiy nomi)ga oid oltinchi bo‘limda oxirat hayoti, qabr azobi, jannat va jahannamning mavjudligi, hisob, mezon, sirot kabi mavzular bayon qilinadi.
VII boʻlim
[tahrir | manbasini tahrirlash]«Al-Asmā va-l-ahkām» nomli yettinchi bo‘limda iymon va kufr tushunchasi, ahli qiblaning kufrda ayblanmasligi, takfir masalasi va kofirlarga bog‘liq ayrim hukmlar haqida so‘z boradi.
VIII boʻlim
[tahrir | manbasini tahrirlash]Imomatga doir bo‘lgan sakkizinchi bo‘lim – xalifalarning saylanishi va bunga aloqador shartlar, ilk to‘rt xalifaning qonunchiligi, sahobalar orasida sodir bo‘lgan ichki ziddiyatlar, sahobalarning fazilatdagi darajalari, amri ma’ruf, nahyi munkar va buni ijro etuvchi kishining vazifalari kabi mavzularni o‘z ichiga oladi.
Mavzusi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ash’ariyyaning eng nufuzli manbalaridan biri bo‘lgan Abkar al-Afkar, kalom va falsafa ilmlari jamlangan ilk asarlardan hisoblanadi. Shuningdek, islomiy firqalardan – xorijiylar, shia, mu’tazila, najjoriyya, hashviyya, mushabbiha; Islomdan tashqari dinlardan – yahudiylik, nasroniylik, majusiylik va sobiiylik asarda tanqid ostiga olingan asosiy mavzulardandir. Abkar al-Afkarda uluhiyyat mavzusiga keng joy ajratilgani va mazkur mavzuda muallifning ba’zi original qarashlarini mavjudligi diqqatga sazovordir.
Abkar al-Afkar asari muallifning o‘zi tomonidan «Rumӯz al-kunӯz» nomi bilan muxtasar qilingan. Aziduddin al-Iyjiy, at-Taftazoniy va Sayyid Sharif al-Jurjoniy kabi mutaaxxir kalom olimlari ham mazkur asardan asosiy manba sifatida foydalanganlar. Abkar al-Afkar asari Ahmad Mahdiy tomonidan al-Azhar universitetining «Usul ad-din» fakultetida doktorlik ishi sifatida himoya qilingan.
Abkar al-Afkar Sulaymoniya kutubxonasining Ibrohim Posho fondida 807–inv. raqam ostida saqlanmoqda. Ko‘prulu va To‘pqopi saroyi muzeyi kutubxonalarida ham turli nusxalari mavjud[1].
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Omidiy. Abkār al-afkār. Sulaymoniya kutubxonasi, Damad İbrâhim Paşa, inv. raqam 807;
- Hoji Xalifa. Kashf az-zunӯn. – Istanbul: 1941–43. I, 4;
- Brockelmann. GAL. Suppl., I, 678;
- Muhammed Aruçi. Nûreddin es-Sâbûnî ve ârâʾühü’l-kelâmiyye min kitâbihi’l-Kifâye fi’l-hidâye (yüksek lisans tezi, 1406/1986. Câmiatü’l-Kahire, Külliyyetü Dâri’l-Ulûm). «İSAM Ktp., nr. 13.834». 980;
- Emrullah Yüksel. «Ebkârü’l-yefkâr». TDV İA. – İstanbul: 1994. X, 77–78.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |