Kontent qismiga oʻtish

Abu-l-Yusr al-Pazdaviy

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Sadrul-islom Abu-l-Yusr Muhammad ibn Muhammad ibn Abdulkarim al-Pazdaviy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi milodiy 1030-yil (hijriy 421-yil)
Vafoti milodiy 1099-yil (hijriy 493-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi „Usӯl ad-dӣn“ asari muallifi

Abu-l-Yusr al-Pazdaviy (arabcha: أبو اليسر الپزدوي — Sadrul-islom Abu-l-Yusr Muhammad ibn Muhammad ibn Abdulkarim al-Pazdaviy) — „Usӯl ad-dӣn“ asari muallifi.

Sadrul-islom Abu-l-Yusr Muhammad ibn Muhammad ibn Abdulkarim al-Pazdaviy 1030-yil (hijriy 421-yil)da hozirgi Qashqadaryo viloyatidagi Pazda nomli qishlogʻida tug‘ilgan. Dastlabki saboqni otasi Abu-l-Hasan Muhammad al-Pazdaviydan olgan. Al-Moturidiyning shogirdlaridan bo‘l­gan bobosi Abdulkarim ibn Muso orqali Samarqand kalom maktabi bilan tanishish imkonidan ham foydalangan.

Ustozlari va shogirdlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu-l-Yusr al-Pazdaviy o‘z davrida bir qancha hanafiy olimlardan tahsil olgan. Ustoz­lari orasida Abu Yaʼqub Yusuf ibn Muhammad an-Nishopuriy va Abu-l-Xattob kabi olimlarning o‘rni katta bo‘lgan. „Aqāid an-Nasafӣ“ asarining muallifi Abu Hafs Najmuddin Umar an-Nasafiy va Abu-l-Muʼin an-Nasafiylar uning eng mashhur shogirdlari hisoblangan. Shogirdlari orasida Ruknul-aimma Abdulkarim ibn Muhammad as-Sanoiy (yoki as-Saboiy) al-Madaniy, Muhammad ibn Tohir as-Samarqandiy va Abdulloh ibn Muhammad al-Hulamiy kabi olimlar bo‘lganini ham alohida taʼkidlash lozim.

Mashhur asari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Asarlaridan „Usӯl ad-dӣn“ muhim ahamiyatga ega. Abu-l-Yusr al-Pazdaviyning ushbu asari Xans Peter Linss tomonidan Anqarada (Xo‘ja Ismoil Soib kutubxonasi. Inv. raqami 2/1261) topilgan. Oradan ko‘p o‘tmay, X.Piter bu asar bo‘yicha doktorlik dissertasiyasini himoya qilgan (Bonn universiteti, 1952-yil) va asarni 1963-yilda nashr ettirgan. Keyinchalik ushbu asar Sharafiddin Go‘ljuk tomonidan turk tiliga tarjima qilinib, 1980-yilda IstanbuldaAhli sunna aqoidi“ nomi bilan nashr ettirilgan.

To‘qson olti masaladan tashkil top­gan mazkur asar mazmun jihatidan ahli sunna val-jamoa yo‘nalishi va moturidiyya maktabi fikrlarining butun mohiya­tini ochib berish maqsadida yozilgan.

Abu-l-Yusr al-Pazdaviy „Usӯl ad-dӣn“ asarining avvalida taʼkidlashicha, samarqandlik bir qancha olimlar ham shu maqsadda asarlar yozishgan. Lekin ulardan unchalik ko‘ngli to‘lmagani sababli o‘zi mazkur asarni yozishga qaror qilgan.

Boshqa asarlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu-l-Hasan al-Ashʼariyning ham ko‘p­lab asarlarini mutolaa qilgan Abu-l-Yusr al-Pazdaviy uning „Kitāb al-muʼjaz“ va „Maqālat al-islāmiyyӣn“ asarlariga alohida urg‘u bergan. Shuningdek, ko‘p marotaba al-Moturidiy fikrlarini ilovalar qilgan. Masalan, o‘z asarining boshida u „Kitāb at-tavhӣd“ asariga urg‘u berib, uning uslubi va o‘ziga xos xususiyatlari haqida muhim maʼlumotlar keltiradi. Shuningdek, uning Imom Muhammadning „Al-Jāmiʼ as-sag‘ӣr“ asariga sharh sifatida „Taʼlӣqāt“ hamda fiqhga oid „Al-Vāqiʼāt“ va „Al-Mabsӯt“ asarlari mavjud bo‘lgan. Abu-l-Yusr al-Pazdaviy Movarounnahrda, ayniqsa, Buxoroda hanafiy mazhabi hamda moturidiyya kalom maktabi rivojiga ulkan xizmat ko‘rsatgan olim hisob­lanadi.

Abu-l-Yusr al-Pazdaviy 1099-yil (hijriy 493-yil)da Buxoroda vafot etgan[1].

  1. Ibn Qutlubg‘o. Tāj at-tarājim fӣ tabaqāt al-hanafiyya. — Leipzig: Flugel, 1862;
  2. Al-Lakhnaviy. Al-Favāid al-bahiyya fӣ tarājim al-hanafiyya. — Qohira: 1324/1906;
  3. As-Samʼoniy. Al-Ansāb. — Bayrut: „Dor al-fikr“, 1998. Al-Pazdaviy. Kitāb usӯl ad-dӣn. — Qohira: „Dor ihyo al-kutub al-’arabiyya“, 1383/1963;
  4. S. Oqilov. Abul Muin an-Nasafiy ilmiy merosi va moturidiya taʼlimoti. — T.: „Muharrir“, 2009.
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.