Abu Abdulloh az-Zanjoniy (faylasuf)
Abu Abdulloh az-Zanjoniy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 1891-yil (hijriy 1309-yil) |
Vafoti |
milodiy 1941-yil (hijriy 1360-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | faylasuf va mufassir |
Abu Abdulloh ibn Abdurrahim ibn Nasrulloh az-Zanjoniy — faylasuf va mufassir bo‘lgan. Baʼzi ilmlarni bilgan. U milodiy 1891-yil (hijriy 1309-yil) ribiʼu-l-avval oyi Zanjonda tug‘ilgan. Zanjon ulamolaridan islom fiqhi asoslari, arab tili va adabiyotidan saboq olgan. So‘ngra 1326-yildan 1329-yilgacha Eronning hakimlaridan biri — al-Mirzo Ibrohim az-Zanjoniydan falsafa va falakiyot ilmidan tahsil olgan. So‘ngra Tehronga borib, u yerda bir qancha muddat fransuz maktablaridan birida o‘qigan. So‘ng Zanjonga qaytib kelgan va Najafga borgan. Muhammad Kozim al-Yazdiy va Shayxushshariʼa al-Isfahoniydan fiqh va usulni o‘rgangan. Islom dinining ulug‘ peshvolari bo‘lgan Ibn al-Hasan al-Isfahoniy, al-Og‘a Mirzo Husayn an-Noiyniy, al-Og‘a Ziyouddin al-Iroqiylarning darslariga qatnashgan. U yerda to‘qqiz yil yashab, ijtihodda yuksak darajaga erishgan. 1338-yilning oxirlarida Zanjonga qaytgan. Yana Eronning baʼzi shaharlariga safar qilgan. So‘ngra Suriya, Falastin, Qohira va Makkaga ziyorat qilgan. Ushbu ziyorati davomida ko‘plab ilm ahillari bilan tanishgan. So‘ngra yana Zanjonga qaytib kelgan va shariat qozisi bo‘lib ishlash bilan bir qatorda fiqh, falsafa, tafsir va hadis ilmlaridan dars bergan. Hijriy 1347-yil muharram oyining 7-sanasida Damashqdagi arab akademiyasiga aʼzo etib yuborilgan. Uni Eron maorif vazirligi Tehron universitetining professori etib tayinlagan va o‘sha yerda tafsir, axloq, falsafa tarixidan taʼlim bergan. U hijriy 1360-yil (milodiy 1941-yil) jumaduloxir oyining 7-sanasi Zanjonda vafot etgan[1].
Asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Nashr etilgan arab tilidagi asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- „Tarixu-l-Qurʼon“ („Qurʼon tarixi“)
- „Tarixu-l-faylasufi-l-forisiyi-l-kabiyr Sadriddin ash-Sheroziy“ („Zabardast fors faylasufi Sadruddin Sheroziyning tarjimai holi“)
- „Sharhu risolati baqoi-nnafs baʼda fanoi jasad Nasiriddin at-Tusiy“ ("Nasiruddin at-Tusiy qalamiga mansub „Jasadning vafotidan keyin nafsning boqiylig“i risolasiga sharh")
- „Tahoratu ahli-l-kitob“ („Ahli kitob tahorati“)
Arab tilidagi qo‘lyozma asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- „Usulu-l-Qurʼoni-l-ijtimoʻiya“ („Qurʼonning ijtimoiy usullari“)
- „al-Vohid la yasduru anhu illa alvohid“ („Birdan faqat bir chiqadi“)
- „at-Tasavvuf fi-t-tarix“ („Tarixda tasavvuf“)
- „al-Islom va-l-uvrubiyyun“ („Islom va yevropaliklar“)
- „Siyaru-l-Imom al-Husayn ibn Ali alayhimi-s-salom“ („Imom al-Husayn ibn Ali (a.s.)ning siyratlari“)
- „Sirru intishori-l-islom“ („Islom yoyilishining siri“)
- „Dinu-l-fitra“ („Fitrat dini“)
- „al-Maʼorif fi Eron qabla-l-islom“ („Eronda islomdan oldin mavjud bo‘lgan maorif“)
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Z. Munavvarov va boshqalar. Ренессанс олимлари қомуси (oʻzbekcha, inglizcha va arabcha), 2021-yil — 27-bet. ISBN 978-9943-7557-7-2.
Ushbu maqolada Renessans olimlari qomusi maʼlumotlaridan foydalanilgan. |