Kontent qismiga oʻtish

Abu Bakr Sa’d Yamaniy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu Bakr Sa’d Yamaniy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi IX asr
Vafoti X asr
Buxoro yaqinidagi Sumitan qishlog‘i
Dini islom
Ota-onasi
  • Zaynulobiddin ibn Husayn (otasi)
Fuqarolik Arab xalifaligi, Somoniylar davlati

Abu Bakr Sa’d Yamaniy, Xoja Sa’d (IX—X asrlar) — imom Husaynning Zaynulobiddin ismli o‘g‘lidan tug‘ilgan nabirasi, Chor Bakrlardan biri.

Tarjimayi holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Buxoroga Ali ibn al-Husayn lashkarlari bilan birga kelgan. 13 oy Farob qal’asida turgandan keyin Buxoroga kelgan. Somoniylar amirining hurmatini qozongan. Uning saroyida xizmat qilgan. Xoja Sa’d harbiy ilmni ham puxta egallagan. U Ismoil Somoniyning harbiy yurishlarida ma’naviy madad berib turgan. Jo‘yi Mo‘liyon yerlarida vaqf yerlariga ega bo‘lgandan keyin bog‘-chorbog‘ bilan birga tim, hammom, bozorcha qurgan[1]. Ulardan keladigan foydadan xayr-ehson qilib turgan. Yerli aholi uchun Xoja Sa’dning tegirmonlaridan foydalanish bepul bo‘lgan.

Yerlaridan daromadi ko‘payganidan keyin Buxoroning Quyoshbotar, Navobod tomonlaridan yer sotib olib, dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Jumladan, Sumitan qishlog‘idan katta, serdaromad yer xarid qilib, bu yerda bog‘, chorbog‘, ekin maydonlari, sarhovuz, sardoba, tegirmon qurgan. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, yer sotib olib chorakorlarni ishlatgan. Yetishtirilgan hosilning uch qismi yerda ishlagan dehqon haqi bo‘lib qolgan, bir qismi Xoja Sa’dga tegishli bo‘lgan. Shu yo‘l bilan Xoja Sa’d dehqonlarning chorakorlik yerlaridan manfaatdorligini oshirgan. Xoja Sa’dning ana shunday yer va chorbog‘lari ko‘p bo‘lib, ular Qorako‘l tumani bilan Sumitan qishlog‘igacha bo‘lgan kenglikni tashkil qilgan. Bu yerlar xalq tilida Qiblazamin (ya’ni qibla tomonda joylashgan yerlar) deb nomlangan.

Xoja Sa’d shahristonga yaqin, tabiiy bulog‘ga ham ega bo‘lgan qadimiy Sumitan qishlog‘ida o‘zi va oilasi uchun qasr qurdirgan. „G‘iyos ul-lug‘ot“da Sumitan so‘ziga „jundan mato to‘quvchilar maskani“, deb sharh berilgan. Xoja Sa’d vafot etganida uning jasadi, vasiyatiga ko‘ra, Sumitan qishlog‘idagi qadimiy qabristonda ko‘milgan. Keyinchalik bu joy Jo‘yboriylarning xilxonasi bo‘lib qolgan[2].

  1. Ҳусенов С., Ражабова И. Чор Бакр. Тошкент: Шарқ, 2001 — 12-bet. 
  2. „Чор Бакр дурдонаси — маънавиятимизнинг тўрт устуни“ (2023-yil 29-iyun). Qaraldi: 2023-yil 20-iyul.