Kontent qismiga oʻtish

Abu Hafs Kabir

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Abu Hafs al-Kabir al-Buxoriydan yoʻnaltirildi)
Abu Hafs Kabir
Rasmiy ismi Ahmad ibn Hafs ibn Zaburqon ibn Abdulloh ibn Buxoriy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi 767-yil
Vafoti 832-yil
Dini islom
Boshqa nomlari Abu Hafs Kabir

Ahmad ibn Hafs ibn Zaburqon ibn Abdulloh ibn Buxoriy (Abu Hafs Kabir“ kunyasi bilan tanilgan[1]; 767-yil, Buxoro — 832-yil) — islom olamining fiqhshunos olimi. Imom Buxoriy bilan zamondosh.

Buxoroning Fagsodara mahallasida tugʻilgan. 804-yil o‘z vatanida egallashi mumkin bo‘lgan barcha ilmlarni chuqur o‘zlashtirgach, Bag‘dod tomon yo‘l oladi. Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniyga shogird tushgan. Imom Muhammaddan hanafiylik mazhabi fiqhini oʻrganib, yana o‘z vataniga qaytadi. Shu sabab, u hanafiylik taʼlimotini Movarounnahrga birinchi bo‘lib olib kelgan shaxs sifatida taniqlidir.

Oʻgʻli Abu Abdulloh ham islom olamida taniqli. Uni otasi bilan yanglishtirmaslik maqsadida ulamolar otasini Abu Hafsi Kabir, oʻgʻlini Abu Hafsi Sagʻir deb ataganlar. Islom olamining islom qonunshunosligi asoslarini yaratgan yirik olim boʻlgan.

Narshaxiyning yozishicha, uning sharofati bilan Buxoro „Qubbat ul-islom“ — „Islom dinining gumbazi“ unvonini olgan. Abu Hafsi Kabir fiqhning turli masalalari yoritilgan „Al-Ahvoʻ-val-ixtilof“ („Havoyi gaplar va kelishmovchiliklar“), „Ar-raddu alal-Laf-ziyya“ („Yuzaki qarovchilarga raddiya“) kitoblarining muallifidir.

Abu Hafsning oʻziga „Kabir Buxoriy“ — „Buxoriylarning kattasi“ va „Hojatbaror imom“ degan unvonlar berilgan, oʻgʻli Abu Abdulloh (Abu Hafs Sagʻir Buxoriy; 877-yil) ham otasi singari fiqh ilmida peshqadam boʻlgan.

Rivoyat qilinishicha, Abu Hafs Kabir Buxoroda hanafiy mazhabiga asoslangan birinchi madrasani qurdirgan. Abu Hafs Kabir madrasasi hozirda saqlanib qolmagan.

Imom Shofeʼiy Abu Hafsni „Odamlar fiqhda u zotning boqimandalaridir“ deya taʼriflagan. Buxoroning aksariyat olimlari Abu Hafsdan ilm olishgan.

Asarlarda foydalanish

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu Hafsning asaridan olingan iqtiboslar va uning bergan fatvolari keyingi davr ulamolarining fiqhga doir asarlarida keng foydalanilgan. Xususan, uning fikrlari Mas’ud ibn Mahmud ibn Yusuf Samarqandiyning „Saloti Mas’udiy“, Alouddin Buxoriyning „Hayratul- fuqaho“, Abu Bakr ibn Mas’ud Kosoniyning „Badoyi’us- sanoyi’ fi tartibi-sh- sharoi’“, Burhoniddin Mahmudning „Muhitu-l- Burhoniy“, Avrangzebning buyrug‘i bilan Shayx Nizomiddin Balxiy boshchiligida 23 nafar faqih tomonidan yozilgan „Fatovoyi Olamgiriy“ kabi asarlarda yozilgan.

Ayrim asarlarda Abu Hafs Kabir haqida alohida boblar ajratilgan. Misol uchun, Soʻfi Olloyorning „Maslakul-muttaqin“ asarida „Bayonoti Abu Hafs Kabir“, „Hikoyati Xoja Abu Hafs Kabir Buxoriy“ sarlavhalari bilan 2 bob ajratilgan[2].

Abu Hafsning oʻnlab shogirdlari boʻlgan. Jumladan Abu Jaʼfar Rizvon ibn Salim Badakoriy Buxoroning Badakor qishlogʻidan boʻlgan. Boshqa shogirtlari: Abu Solih Toyyib ibn Muqotil Xunomatiy, Abul Hasan Muqotil ibn Said Baydariy, Muhammad ibn Abdullo Abu Zahhok Fazl ibn Hasson Sutikaniy, Muhammad ibn Hotam Subizgukiy, Abu Usmon Said ibn Sulaymon Shargiy. Sulaymon shargiyning otasi Abu Said Sulaymon ibn Dovud Shargiy ham Abu Hafsdan taʼlim olgan[1].

Abu Hafsi Kabir Buxorodagi Darvozai nav qarshisidagi tepalikda dafn etilgan. Buxoroliklar u joyni muqaddas sanab, „Haqrah“ („Haq yoʻl“) va Xoja Imom Abu Hafs deb ataganlar. Mustabid sovet tuzumi davrida uning qabri va atrofidagi meʼmoriy yodgorliklar buzib tashlangan[3].

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  1. 1,0 1,1 „Имом Абу Хафс Кабир Бухорий“ (2014-yil 13-dekabr). 2023-yil 15-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 15-iyul.
  2. „HANAFIY MAZHABINING YURTIMIZDA TARQALISHIGA SABABCHI BOʻLGAN OLIM ABU HAFS KABIR AL-BUXORIY (767-832)“ (2023-yil 12-yanvar). Qaraldi: 2023-yil 15-iyul.
  3. OʻzME. Husniddinov Z., Ibrohimov N. 16-bet. -T: "Davlat ilmiy nashriyoti", 2004.