Abu Luboba ibn Abdulmunzir
Abu Luboba ibn Abdulmunzir (arab: أبو لبابة بن عبد المنذر) Muhammad alayhissalomning sahobalaridan, Yasribdagi arab qabilasi Banu Avsning yetakchi aʼzosi boʻlgan.
Biografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abu Luboba 622-yilda Muhammad alayhissalom Madinaga kelganlaridan soʻng, islomni qabul qilgan.
U 627-yilda Muhammad alayhissalom bilan to‘qnash kelgan yahudiy qabilasi Banu Qurayza qamali paytida tarix sahnasida paydo bo‘lgan. Qurayza avslar bilan uzoq yillik ittifoqqa ega edi va qamal paytida Abu Luboba bilan maslahatlashishni soʻradi. Ibn Ishoqning yozishicha, Abu Luboba yig‘layotgan qabila ayollari va bolalariga rahmi kelib, qurayzaliklar taslim bo‘laylikmi, deb so‘rashganida, ularga shunday qilishni maslahat beradi. Biroq, maslahat beribgina qolmay, qo‘lini tomog‘iga olib borib, ularni o‘lim kutayotganligi haqida ishorat ham beradi. Abu Luboba u yerni tark etganidan so‘ng, Banu Qurayza butunlay taslim bo‘ladi va qabilaning barcha erkaklari qatl etilib, ayollar va bolalar qul qilinadi.
Shundan so‘ng Abu Luboba qilgan ishidan juda afsus va nadomad chekkan: “Alloh va Rasuliga qarshi borganligimni bilganimdan so‘ng oyoqlarim turgan yeridan siljimay qoldi” degan. Keyin Madinadagi Masjidga yo‘l olib, o‘zini u yerdagi ustunga bog‘laydi va: “Men bu yerdan Alloh meni mag‘firat etmagunicha jilmayman” deya e’lon qiladi. Shu bilan birga u yana qattiq xato qilgani bois Banu Qurayza yashagan manzillarga hech qachon qaytib kirmaslikka ont ichadi[1].
Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga bu haqida xabar berishganda u zot: “Agar so’raganida Allohdan uni mag‘firat qilishini so‘rab bergan bo‘lar edim. Holbuki, u o‘zini o‘zi bog‘lab olgan ekan, mag‘firat qilish endi Allohning o‘ziga havoladir” deganlar[1].
Abu Luboba bog’langan holda olti kechani o‘tkazdi[1]. Yettinchi kunning erta tongida Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga vahiy ila uning mag‘firat etilgani ma’lum etilgandan so‘ng, bu xabarni barchaga e’lon qiladilar[2].