Kontent qismiga oʻtish

Abu al-Qosim at-Toyyib

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Abu al-Qosim at-Toyyib
arabcha: أبو القاسم الطيب بن الآمر
Unvoni Shialikning Toyyibi ismoiliylik mazhabi imomi
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi 1130-yil fevral-mart
Dini Islom
Ota-onasi
  • Al-Amir biahkamillah (otasi)
Oqim Shialikning Imoiliylik mazhabi Toyyibi mustaʼiliy boʻlimi

Abu al-Qosim at-Toyyib ibn al-Amir (arabcha: أبو القاسم الطيب بن الآمر) – ismoiliylikning toyyibiy mazhabi yigirma birinchi imomi. Xalifa al-Amir biahkamillahning yagona oʻgʻli, otasi oʻldirilgan vaqtda hali goʻdak boʻlgan. Hokimiyat uchun kurash kechayotgan paytda gʻoyib boʻlgan. Zamonaviy tarixchilar uni oʻsha vaqtda oʻlgan yoki raqib kuchlari tomonidan yashirincha oʻldirilgan deya taxmin qilishgan. 1132-yilga kelib, amakisi al-Hofiz oʻzini al-Amirning oʻrniga xalifa va imom deb eʼlon qilgan. Biroq ushbu maʼlumot at-Toyyibning tarafdorlari yamanlik ismoiliylar tomonidan qabul qilinmaydi.

Al-Hofizning hokimiyat tepasiga kelishi ismoiliylarning ikki alohida boʻlimlar Toyyibiylar va Hofiziylarga boʻlinib ketishiga sabab boʻlgan. Toyyibiylarning fikricha, at-Toyyib hokimiyat uchun kurash kechyotgan bir vaqtda Qohiradan xavfsiz joyga koʻchirilgan, lekin uning oʻzi va undan keyin turuvchi barcha Toyyibiy imomlari mavjud vaziyat tufayli yashirinishgan. Keyinchalik ularning jamoasi bir qator Daʼi al-mutlaq (soʻzma-soʻz tarjimasi: mutlaq yoki cheklanmagan missioner) tomonidan boshqarilgan.

At-Toyyib 1101–1130-yillarda Misrni boshqargan yigirmanchi Fotimiy imom-xalifasi al-Amir biahkamillahning yagona oʻgʻli edi. At-Toyyib 1130-yilning fevral yoki mart oylarida Qohirada tugʻilgan. Ayrim manbalarga koʻra u tugʻilishi bilanoq merosxoʻr etib tayinlangan[1]. Al-Amir oʻsha yilning 7-oktyabrida ismoiliy shialikning raqib Nizoriy mazhabi vakillari tomonidan oʻldirilgan[2][1].

Xalifalik merosxoʻri at-Toyyib hali goʻdak boʻlgani bois hokimiyat sulolaning tirik qolgan eng keksa vakili, al-Amirning amakivachchasi Abdulmajidga oʻtgan[3][4]. Keyinchalik sodir boʻlgan voqeaga mohiyatan toʻntarish sifatida qaraladi. Al-Amirning ikki xizmatkori – armiya ustidan taʼsirga ega boʻlgan Xizor al-Mulk Hazarmard (yoki Javarmard) va Bargʻash hukumatni nazorat ostiga olish maqsadida Abdulmajid bilan ittifoq tuzgan. Regent Abdulmajid Fotimiylar xalifasi boʻlishga umid qilgan boʻlishi mumkin[2][4][1].

Ammo Abdulmajidning regentligi kimning nomidan amalga oshirilgani nomaʼlum[1]. Aksariyat manbalar hatto at-Toyyibning tirikligi ham sir tutilganligi, keyinchalik butunlay yoʻqolib qolganligi haqida xabar beradi. Tugʻilishi ommaviy bayramlar va eʼlonlar bilan maʼlum qilingan at-Toyyibning keyingi hayoti va oʻlimi qanday qilib bunday ravishda sir tutilgani haligacha nomaʼlum. Zamonaviy olimlar at-Toyyib goʻdakligida, ehtimol, otasidan ham oldin vafot etgan boʻlishi mumkin, deb taxmin qilishadi, lekin Suriyaning zamonaviy anonim manbalarida at-Toyyib Abdulmajidning buyrugʻi bilan oʻldirilganini taʼkidlangan[2][3][4].

At-Toyyibning keyingi hayoti qanday kechgani haqida hech qanday maʼlumot boʻlmaganligi bois rasmiy manbalarda XX asr baʼzi ilk ismoiliylik olimlari uning mavjudligiga shubha bilan qarashgan[2]. Hozirda bir necha manbalarga asoslangan holda at-Toyyibning tarixda mavjudligi tasdiqlangan. Al-Amir tomonidan oʻgʻlining tugʻilgan kunini nishonlash uchun uyushtirilgan bayram haqida saqlanib qolgan maʼlumotlar, XII asr tarixchilari tomonidan u haqidagi tarqoq eslatmalar va Yaman malikasi Arva al-Sulayhiyga bayramni nishonlash uchun yuborilgan doʻstona maktublar at-Toyyibning tarixda mavjud boʻlganini koʻrsatuvchi dalillar hisoblanadi[3][1][2].

Hofiziylar va Toyyibiylar oʻrtasidagi ixtilofi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yangi tuzum oʻsha vaqtda kanizaklardan biri al-Amirdan egizak homilador ekanligini, xalifa oʻzining yaqinlashib kelayotgan oʻlimini sezib, bu tugʻilmagan bolani oʻzining oʻgʻli va merosxoʻri deb eʼlon qilganini taʼkidlagan va shu tariqa at-Toyyibning mavjudligini chetlab oʻtgan[4][2]. Kanizak va uning homilasi bilan sodir boʻlgan keyingi voqealar nomaʼlum. Ayrim manbalarda kanizakning qiz tugʻganligi haqida maʼlumotlar berilgan boʻlsa, boshqalari homilaning topilmaganini yoki koʻp oʻtmay Abdulmajid chaqaloqni oʻldirgani haqida xabar bergan[1]. Yagona ixtilofli maʼlumot XV asr Toyyibiy yetakchisi va tarixchisi Idris Imad al-Din tomonidan berilgan boʻlib, u Abdulmajid at-Toyyibning regenti lavozimini egallagan deya taʼkidlagan[2]. Asl haqiqat qanday boʻlishidan qatʼi nazar, yangi tuzum uzoq davom etmagan, chunki qoʻshinlar qoʻzgʻolon koʻtarib, Qutayfatni vazirlikka koʻtarganlar[1][4]. Dastlab Qutayfat Abdulmajidni regent sifatida saqlab qolgan, biroq keyinchalik uni mahbus qilgan. Oradan koʻp oʻtmay Qutayfat sulolani butunlay agʻdarilgan deb eʼlon qilgan va xalifalik dini ismoiliylikni tark etib, shialikning oʻn ikki imom oqimiga eʼtqod qilib, oʻzini yashirin imomning noibi sifatida qabul qilgan[2][4][1]. Tarixchi Heinz Halm ayni shu vaqtda Qutayfat at-Toyyibni yoʻq qilgan boʻlishi mumkin, deb hisoblaydi[1].

Qutayfat 1131-yilning dekabr oyida fotimiy tarafdorlari tomonidan oʻldirilib, Abdulmajid qamoqdan ozod qilingan[3][4]. Abdulmajid dastlab regent sifatida hukmronlik qilishni davom ettirgan, ammo 1132-yil 23-yanvarda u oʻzini al-Amirning oʻrniga al-Hofiz nomi bilan imom va xalifa deb eʼlon qilgan[4][3][1]. Al-Hofizning oʻta tartibsiz ravishda taxtga oʻtirishi va uning imomlikka daʼvolari Misr, Nubiya va Levantdagi Fotimiylar domenidagi ismoiliy dindorlari tomonidan qabul qilingan, ammo baʼzi jamoalar buni rad etgan. Yamanda malika Arva at-Toyyibning huquqlarini himoya qilgan, Hamdoniylar va Zurayiylarning quyi mintaqaviy sulolalari esa al-Hofizning daʼvolarini tan olgan[4][3]. Al-Hofizning taxtga kelishi shu tariqa ismoiliylikning mustaʼliy boʻlimida at-Toyyib imomati tarafdorlari (Toyyibiylar) va al-Hofiz tarafdorlari va uning oʻrinbosarlari (Hofiziylar) oʻrtasida katta nifoqqa sabab boʻlgan[3][4].

Toyibiylar at-Toyyibni oʻlmagan, balki al-Amir uni Ibn Madyan ismli kishiga ishonib topshirgan, Qutayfat hokimiyatga kelganida Ibn Madyan va uning yordamchilari tomonidan chaqaloq yashirilgan degan fikrda. Ibn Madyan Qutayfat tomonidan oʻldirilgan, ammo uning qaynisi at-Toyyib bilan qochib ketgan. At-Toyyib yashirilgan vaqtida vafot etgani, ammo uning avlodlari hozirga qadar imomlik qilib kelishyotgani, biroq ularning aynan at-Toyyibning nasli ekanligi yashirin ekanligiga ishoniladi. Toyyibiylar jamoasi keyinchalik mutlaq missionerlar (da'i al-mutlaq) tomonidan boshqarilgan[3][1].

  1. 1,00 1,01 1,02 1,03 1,04 1,05 1,06 1,07 1,08 1,09 1,10 Halm 2014.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 2,6 2,7 Stern 1951.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 3,5 3,6 3,7 Daftary 2007.
  4. 4,00 4,01 4,02 4,03 4,04 4,05 4,06 4,07 4,08 4,09 Brett 2017.