Kontent qismiga oʻtish

Advokat

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Advokat (lot. advocatus, advocare — yordamga chaqirish) — yuridik yordam koʻrsatuvchi shaxs. Jinoyat ishlari boʻyicha surishtiruv, tergov harakatlari yuritilganda va sud majlisida, fuqaroviy ishlar sudda, xoʻjalik nizolari xoʻjalik sudlarida yoki maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar sudya yoxud vakolatli organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan koʻrilganda ishtirok etadi, qonunda belgilangan vakolatga ega boʻladi.O'bekiston Respublikasi Konstitutsiyasiyasi 14bobida advakot faoliyati belgilanib qo'lgan. [1]Oʻzbekiston Respublikasi „Advokatura toʻgʻrisida“gi Qonunida (1996-yil 27-dekabr) koʻrsatilishicha, oliy yuridik maʼlumotli va belgilangan tartibda advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya olgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Oʻzbekiston Respublikasida Advokat boʻlishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi „Advokatlik faoliyatining ka-folatlari va avdokatlarning ijtimoiy himoyasi toʻgʻrisida“gi Qonunida (1998-yil 25-dekabr) advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqi, faoliyatining asosiy prinsiplari, Advokat qasamyodi, vakolatlari, mustaqilligini taʼminlash, daxleizligi, Advokatlik faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmasligi va uning himoyalanishini taʼminlash, Advokatning ijtimoiy himoyasi choralari va boshqa belgilab berilgan. Advokat jismoniy va yuridik shaxslarga huquqiy yordam koʻrsatish maqsadida: huquqiy masalalar boʻyicha maslahatlar va tushuntirishlar, qonun hujjatlari yuzasidan ogʻzaki va yozma maʼlumotlar beradi; huquqqa oid arizalar, shikoyatlar va boshqa hujjatlarni tuzadi; fuqarolik ishlari hamda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sudda, boshqa davlat organlarida, jismoniy va yuridik shaxslar oldida vakillikni amalga oshiradi; jinoiy ishlar boʻyicha surish-tiruvda, dastlabki tergovda va sudda himoyachi; jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgarning vakili; agar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki jabrlanuvchining manfaatlari bilan qonuniy vakilning manfaatlari oʻzaro mos kelmasa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki jabrlanuvchi tarafida ishtirok etish uchun qaror yoki ajrim bilan advokat sifatida katnashadi (Qonunning 5-modda l-qismi va Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi (JPK) 49-55-59-60-62-moddalari). Advokat jinoyat ishi boʻyicha oʻz vazi-fasini amalga oshirish munosabati bilan bilgan maʼlumotlarni oshkor qilishga haqli emas (Oʻzbekiston Respublikasi JPK 53-modda 3-qismi). Advokatura toʻgʻrisidagi Qonunda „advokat himoyachilik yoki vakillik vazifasini bajarayotganda oʻziga maʼlum boʻlib qolgan tafsilotlar yuzasidan guvoh sifatida soʻroq qilinishi mumkin emas“ligi qatiy belgilangan (10-modda 2-qism).Advokat tadbirkorlik faoliyatiga va xoʻjalik nizolari toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha yuridik xizmat, qonun hujjatlarida man etilmagan boshqa turdagi yuridik yordam ham koʻrsatishi mumkin. Advokat kasbiy faoliyatini amalga oshirish chogʻida quyidagi huquqlarga ega: tegishli masalalarni hal etishga vakolatli boʻlgan barcha organlar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning topshirigʻiga muvofiq ularning manfaatlarini ifoda etish va huquklarini himoya qilish; sudlarda, shuningdek maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqayotgan organlarda dalil sifatida foydalanishi mumkin boʻlgan faktlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash; yuridik yordam koʻrsatilishi munosabati bilan davlat organlaridan hamda jamoat birlashmalaridan zarur boʻlgan maʼlumotnomalar, tavsifnomalar va boshqa hujjatlarni soʻrash va olish; unga vakolat bergan yoki uning himoyasida ish yuritayotgan sudga va boshqa davlat organlariga toʻplangan materiallarni taqsim etish; mansabdor shaxslarga iltimosnoma va shikoyat berish hamda ulardan yozma tarzda dalilisbotli javob olish; qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa harakatlarni bajarish. Jinoiy ishni koʻrib chiqishda qatnashishga tayinlangan advokat fuqaroning toʻlovga qobiliyatsizligini vaj qilib, unga yuridik yordam koʻrsatishdan bosh tortishga haqli emas. Advokat davlat xizmatida turishi ham mumkin emas. Qonunning 9-moddasida u advokatlik sirini saqlashi shartligi alohida taʼkidlangan. Advokat oʻz kasbiy vazifalarini bajarayotganida unga biror-bir shaklda taʼsir oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi, advokatlik dalillari (ashyolari), hujjatlari undan olib qoʻyilishi yoki koʻzdan kechirilishi, shuningdek, oʻzi yuridik yordam koʻrsatayotgan shaxslar bilan uchrashish huquqi cheklanishi, uning ish yuzasidan huquqiy nazari xususida surishtiruv organi, tergovchi, prokuror taqdimnoma kiritishi, shuningdek, sud xususiy ajrim chiqarishi mumkin emas. Advokatlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslar hamda xususiy advakatlik amaliyoti bilan shugʻullanuvchi ayrim shaxslar mustaqil, koʻngilli kasbiy birlashmalarini oʻz ichiga olgan, advokatura nomi bilan ataluvchi huquq muassasasi orqali jismoniy va yuridik shaxslarga huquqiy yordam koʻrsatadi (qarang Advokatura)."Advokatura toʻgʻrisida"gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunida advokatning yordamchisi boʻlishi mumkinligi koʻrsatilgan[2].

  1. O'bekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. 
  2. "Advokat" OʻzME. A-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil