Afgʻonistonlik o‘zbeklarning qadimgi mashg ulotlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Afg‘onistonlik o‘zbeklarning aksariyat qismi ilgari chorvador bo‘lib, son-sanoqsiz qo‘y-echkilarga ega bo‘lgan bo‘lsalarda, oxirgi ellik-oltmish yil davomida o‘zbeklar uchun yaylovlar qisqarib, soliqlarning ko‘payib borishi tufayli chorva soni kamayib, dehqonchilik yetakchi o‘ringa chiqa boshlaydi. Natijada suv va sug‘orish ishlari asosiy muammoga aylanib bordi. Shu bois, qishloqlarda sug‘orish inshootlarini muvofiqlashtirib boorish uchun har bir qishloqda mirob saylanib, qishloqning yirikligiga qarab mirob o‘ziga bitta yoki ikkita yordamchi oladi. Yordamchi – ko‘kboshi deb ataladi. Masalan, Qunduz atrofidagi Tilavke qishlog‘ida bitta mirob, ikkita ko‘kboshi bo‘lib, ular qishloq bo‘ylab navbat bilan sug‘orish suvlarini taqsimlab turar ekan.[1] Buning uchun dehqonlar yigirma jirib, ya’ni bir gektar yer uchun besh ser g‘alla berishar ekan. Ayrim yeri bo‘lmagan aholi yeri bor aholi qo‘lida mardikorlik qiladi. Bunda mardikorlar yer egasi bilan kelishib, olingan mahsulotga nisbatan mehnat va xarajatlarning miqdoriga qarab nisfi (ellikka ellik) yoki chorak (to‘rtdan biriga) ishlab berishadi.

Afg‘onistonda daryo suvlarini dalalarga chiqarishning quyidagi tasvirlangan usullari eng ko‘p tarqalgandir.

Shoduf (yoki, Kobulda boshqacha aytilganidek darchox) suvni qo‘l kuchi bilan yuqoriga ko‘tarish usulidir. Suvni ko‘tarish uchun uning manbai tepasiga yog‘och terapetsiya quriladi, uning o‘rtasiga uzun xoda mahkamlab o‘rnatiladi. Xodaning bir yoq uchiga biror og‘ir narsa bog‘lab qo‘yiladi, ikkinchi uchidagi arqonga katta paqir bog‘lanadi. Dehqon xodaning paqir bog‘langan tomonini pastga tushirib paqirni suvga botiradi, keyin xodaning narigi uchini bosib pqirni ko‘tarib, suvni ariqqa yoki novga to‘kadi. Doimo suv bo‘lib turgan manbaga qurilgan bunday shoduf har kuni 0,6 gektargacha ekin maydonini sug‘orish imkonini beradi.[2]

Sakiyo (yoki art) – suv ko‘taradigan katta chig‘iriq bo‘lib, uning chetiga temir yoki yog‘och paqirlar ilinadi. Uzun xoda uchiga o‘rnatilgan chig‘riq suv manbai (ko‘p hollarda kanal yoki daryo shahobchasi) labiga quriladi, xodaning qirg‘oqda yog‘och shesterenkalar tizimi bilan birlashtirilgan ikkinchi uchiga ot yoki ho‘kiz qo‘shib harakatga keltiriladi. Chig‘riq aylangan sayin paqirlarni suvga to‘ldirib, uni qirg‘oqdagi novgacha ko‘tarib, suvni unga quyadi. Bunday inshoot suv yuzasidan qancha balandligiga qarab har kuni 2 gektargacha ekinni sug‘orish imkonini beradi.[3]

Daryo va jilg‘a orqali sug‘orishdan tashqari Afg‘onistonda koriz usuli bilan sug‘orish ham rasm bo‘lgan. Yer osti suvlarini suv yig‘adigan gallereyalar orqali tashqariga chiqarishdan iborat bu oxirgi usul tog‘oldi rayyonlarida, janubiy mintaqalarda keng qo‘llaniladi. Korizlar yer osti suvlari oqadigan chuqurlikda qaziladi. Har 7-8 mdan keyin , kanalni tekshirib va tozalab turish maqsadida yorig‘ bo‘lsin uchun quduqlar qaziladi. Korizlarning uzunligi vodilarning hajmi va yer osti daryolari manbalari suvining ko‘p-ozligiga qarab bo‘ladi, lekin odatda 3-4 komdan oshmaydi. 25 kmga yaqin yaqinlikdagi eng katta koriz Pushterudda bo‘lgan.

Bir qator tumanlarda g‘alla ekiladigan dalalar oddiy usulda bostirib sug‘oriladi. Nishobiga qarab bo‘lib sug‘orish. Dala maydonlarini uzunasiga suvga bostirib sug‘orish dalalarni tekislagan vaqtda yerning hosildir qatlami toshli tuproq qatlamining ochilishiga yo‘l qo‘ymaydigan tumanlarda rasm bo‘lgan.[4] Egat olib sug‘orish faqat Kobil viloyatining tog‘li tumanlarida va Badaxshonda qo‘llaniladi. Dala bo‘ylab 40-60 sm oraliqda mayda egatlar olinadi, sug‘orish kanalidan keladigan suv ana shu egatlar orqali butun dalaga tarqaladi.

Jildiratib oqizib sug‘orish ham keng tarqalgan. G‘o‘za va tamaki ekinlarrni to‘g‘ri olingan pushtalar orqali boqcha va poliz ekinlari pol tortib sug‘oriladi. Bu usulda sug‘orilganda qatqaloq hosil bo‘lmaydi va ekinlarni o‘toq qilish yengillashadi.

Sug‘orishning eng oddiy usuli – plug iziga suv qo‘yib sug‘orish – suv resurslari cheklngan rayonlarda qo‘llaniladi.[5]

Afg‘onistonning butun xalq xo‘jaligi uchun sug‘orishning katta ahamiyatga ega ekanligiga qaramay, bu yerda irrigatsiya qurilishi sust rivojlangan, mavjud tarmoqlar asosan maggistral kanallar bo‘lib, hatto Kobul, Qandahor, Jalolobod va Janubiy Qatag‘on kabi iqtisodiy jihatdan muhim tumanlarda ham texnika jihatidan takomillashmagan va qarovsiz holatdadir.[6]

Afgʻoniston — agrar mamlakat. Uning xoʻjaligi koʻp ukladli. Mamlakatning shimoliy viloyatlarida, Kobul atroflarida hamda Qandahor va Hirot viloyatlarida kapitalistik ishlab chiqarish munosabatlari bir oz rivojlangan. Afgʻoniston iqtisodiy jihatdan dunyoda eng qoloq va kambagʻal mamlakatlarning biridir. Yalpi milliy mahsulotning 4/5 qismi qishloq xoʻjaligida yaratiladi. Afgʻoniston iqtisodiyotining asosini sugʻorma dehqonchilik va yaylov chorvachiligi tashkil etadi. Sugʻorma dehqonchilik Qunduz, Ko‘kcha, Balx, Daryoyi-Safed, Murg‘ob daryolarining vodiylarida rivojlangan boʻlib, u yerlarda bugʻdoy, arpa, sholi, joʻxori, paxta, kunjut, qand lavlagi yetishtiriladi. Nangarhar viloyatida sholi, joʻxori bilan bir qatorda shakarqamish, sitrus mevalari ham yetishtiriladi. Bogʻ va tokzorlarning asosiy qismi Qobul, Hirot, Argandab hamda shimoliy va gʻarbiy viloyatlardagi daryo vodiylariga toʻgʻri keladi. Sabzavotchilik va polizchilik keng tarqalgan. Mamlakatda qishloq xoʻjaligiga yaroqli 17 mln. gektar yer boʻlib, uning 8 mln. gektari haydaladigan yerlardir. Sug‘orma yerlar 2,5 mln. gektarni tashkil etadi. Gʻallaning yalpi hosili 4 — 5 mln. tonna boʻlib, uning deyarli yarmi bugʻdoy, 1/6 qismi — arpa. Paxta (yiliga 200 ming t), sabzavot va poliz ekinlari (yiliga 200 ming t), uzum (yiliga 500 ming t), meva, zaytun (yiliga 150 ming t) yetishtiriladi. Chorvachilikda qoʻychilik asosiy oʻrin egallaydi. Qoʻylarning 1/4 qismi qorakoʻl qoʻylaridan iborat. Echkichilik, yilqichilik, tuyachilik ham rivojlangan. Parrandachilik xam mavjud. Sug‘orma dehqonchilik hududlarida pillachilik rivojlangan. Mamlakatda 3 mln.ga yaqin kishi koʻchmanchilik bilan turmush kechiradi.[7]

Xulosa qilib aytganda Afg‘onistonlik o‘zbeklarning ijtimoiy hayotida turli milliy bayramlar, an’analar va tarixiy shaxslar fenomeniga hurmat bilan qarash saqlanib qolganligi hamda yosh-avlodda ham bu an’analarga rioya qilishlik kuchli ekanligi bilan ahamiyatlidir. Oila-nikoh munosabatlari yurtimizdagi o‘zbeklarga o‘xshashdir. Lekin ularning to‘y marosimlari bilan bog‘liq bo‘lgan, bizda faqatgina qishloq joylarda saqlanib qolingan urf-odatlarning davom etayotganligi bilan ahamiyatlidir.

Ularning ijtimoiy hayoti bilan bog‘liq dehqonchilikda qadimdan davom etib kelayotgan sug‘orish uslublaridan foydalanilib kelinadi. O‘zbeklar yashaydigan Qunduz, Balx, Qatag‘on viloyatlarida sug‘orma dehqonchilik rivojlangan. XIX asrda, XX asrning boshlaridagi islohotlar, ya’ni Shimoliy Afg‘onistonda yashovchi o‘zbeklar yaylovlari tortib olinib, bu yerga ko‘chirilgan afg‘onlarga berilishi natijasida chorvachilik ahamiyati pasaya borganiga guvoh bo‘ldik. Aynan shu omil ham sug‘orma dehqonchilikni rivojlantirishga turki bo‘lgan omillardan biridir.

Afg‘on o‘zbeklari tarixiy taraqqiyot davomida moddiy va ma’naviy hayotida o‘zga millat ta’sirida bo‘lib kelgan bo‘lsa ham o‘z milliy an’analarini saqlab qolgan. Janike botir, Ibrohimbek laqay kabi xalq qahramonlari xotirasi xalq tomonidan hamon e’zozlanib kelinmoqda. Ot poygalari va kurash musoboqalari alohida qiziqish bilan o‘tkazilinishi ham davom etmoqda.


[1]http://www.vostokoved.ru/Шарипов У.З., Хашимбеков Х. Исторический и современный аспекты социально-го и политического положения афганских узбеков.

[2] Пикулин М.Г. Афғонистон. – Т.: Фан. 1975, – Б. 23.

[3] Пикулин М.Г. Афғонистон. – Т.: Фан. 1967, – Б. 123.

[4]Ўша китоб – Б. 125.

[5] Ўша бетда.

[6] Пикулин М.Г. Афғонистон. – Т.: Фан, 1959. – Б. 17.

[7] Пикулин М.Г. Афғонистон. – Т.: Фан, 1967. – Б. 126.