Agroirrigatsion qatlam
Agroirrigatsion qatlam, agroirrigatsion gorizont dehqonchilik faoliyati (sugʻorish, haydash va oʻgʻitlash) natijasida hosil boʻlgan tuproq qatlami. Bu qatlam asosan tuproqning uzoq vaqt (baʼzan asrlar davomida) sugʻorilishi natijasida suvda oqib kelgan loyqalar, oqiziqlarning har yilgi choʻkishi, yerga eski qoʻrgʻon devorlarini solish va boshqalardan paydo boʻladi. Zarafshon, Buxoro, Xorazm, Tajan vohalarida agroirrigatsion qatlamning qalinligi 1-2 m va undan ortiqni tashkil etadi. Har bir vohaga Agroirrigatsion qatlamning maʼlum tipi xos. Bu daryo suv havzasining geologik tuzilishiga, oqim sharoiti, sugʻorish tizimi rejimiga, dehqonchilik madaniyati va boshqalarga bogʻliq. Tuproq hosil boʻlish jarayonida Agroirrigatsion qatlamning kimyoviy va fizik xossalari hamda morfologik tuzilishi oʻzgarib boradi. Bunday tuproq chirindi, azot, fosfor, kaliy va boshqalarga boy, rangi va mexanik tarkibi deyarli bir xil boʻlib, bu belgilari bilan Agroirrigatsion qatlam allyuviy va prolyuviy yotqiziqlardan farq qiladi. Uning qalinligi sugʻorish davrining koʻhnaligi, suvning loyqaligi va suvdagi moddalarning tarkibiga bogʻliq.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |