Agrokimyo xizmati
Agrokimyo xizmati — dehqonchilik va chorvachilikda oʻgʻitlar va boshqa kimyoviy vositalardan samarali hamda oqilona foydalanish boʻyicha qishloq xoʻjaligi ga agrokimyo xizmati koʻrsatishning ilmiy ishlab chiqarish tizimi. Oʻzbekistonda Agrokimyo xizmati MTSlarda agrokimyo laboratoriyalari tashkil etilishi (1931) bilan boshlangan. MTSlar tugatilganidan keyin (1958) Agrokimyo xizmati tuman qishloq xoʻjaligi inspeksiyalari, keyinchalik qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish boshqarmalari ixtiyoridagi agrokimyo laboratoriyalari orqali olib borildi. Keyinchalik yagona davlat Agrokimyo xizmati tizimi tashkil etildi. 1992-yildan Oʻzbekistonda Agrokimyo xizmati koʻrsatish boʻyicha respublika ishlab chiqarish ilmiy birlashmasi („Oʻzqishloqkimyo“) mustaqil ish boshladi (1994-yildan „Uzagrokimyoservis“ davlat-aksiyadorlik uyushmasi). Respublikada 1997-yildan qishloq xoʻjaligiga mineral oʻgʻitlar, oʻsimliklarni himoya qilish vositalari, oʻsish stimulyatorlari, meliorantlar, mineral ozuqalar yetkazib berish bilan bogʻliq xizmatlarni „Oʻzkimyosanoat“ uyushmasi tarkibidagi „Oʻzagrokimyotaʼminot“ davlat aksiyadorlik birlashmasi bajaradi. Oʻsimliklar kasalliklari va zararkunandalarini kuzatish, oʻrganish va protnozlash, oʻsimliklarni himoya qilish boʻyicha aholiga va qishloq xoʻjaligi korxonalariga xizmat koʻrsatish, chigirtkaga qarshi kurash tadbirlarini Respublika oʻsimliklarni himoya qilish va agrokimyoviy tadqiqotlar markazi amalga oshiradi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |