Kontent qismiga oʻtish

Agrometeorologik xizmat koʻrsatish

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Agrometeorologik xizmat koʻrsatish — qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishining barcha boʻgʻinlarini turli gidro va agrometeorologik axborotlar bilan tezkor taʼminlash. Agrometeorologik xizmat koʻrsatish majmuiga oldindan turli muddat uchun beriladigan ob-havo (bir oylik, 10, 7, 3 kunlik, sutkalik) prognozlari, ob-havoning xatarli hodisalari haqida ogohlantirish, ob-havo sharoitlari hamda ularning qishloq xoʻjaligi oʻsimliklari rivojlanishiga va hosilning shakllanishiga, oʻtkaziladigan agrotexnik tadbirlarga taʼsiri va boshqa haqidagi agrometeorologik maʼlumotlar va hokazo kiradi. Axborotlar kundalik, besh kunlik, haftalik va oʻn kunlik sharh (byulleten)larda, shuningdek muhim yilnomalar shaklida, ishlab chiqarish ahamiyatiga ega boʻlgan davr yoki ob-havo sharoiti noqulay keladigan davr uchun agrometeorologik maʼlumotlar umumlashtirilgan maxsus maʼlumotnomalar tarzida hamda agrometeorologik omillarning koʻp yillik rejimi haqida maʼlumotlar boʻlgan rejimli yoki agroiqlimiy axborotlar shaklida boʻladi. Agrometeorologik xizmat koʻrsatish mutaxassislari va rahbarlari bu maʼlumotlardan mavjud va kutilayotgan agrometeorologik sharoitni hisobga olgan holda ekish, sugʻorish, oziqlantirish, qator oralariga ishlov berish, yigʻim-terim ishlari va boshqa tadbirlarning muddatlarini rejalash-tirishda foydalanadilar. Agrometeorologik xizmat koʻrsatish mijozlarning joylashgan joyi, axborotning koʻlami va uni yetkazib berish muddatlari koʻrsatilgan rejaga muvofiq amalga oshiriladi. Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligiga Agrometeorologik xizmat koʻrsatish 1921-yil Toshkentda Turkiston meteorologiya instituti (Turkmet) tashkil etilishidan boshlangan. 1925-yildan bu institut Oʻrta Osiyo meteorologiya instituti (Sredazmet) deb atalgan. Intining asosiy vazifasi qishloq xoʻjaligini ekinlarning holati va rivojlanishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan taʼminlash, hududning mavjud ob-havo sharoitlari va iqlim resurslaridan ratsional foydalanish, ob-havoning xatarli hodisalaridan qishloq xoʻjaligi ob’ektlarini muhofaza qilish tadbirlari va boshqa boʻldi. Oʻzbekistonda Agrometeorologik xizmat koʻrsatish Gidrometeorologiya bosh boshqarmasi („Boshgidromet“) va agrometeorologiya postlari tomonidan olib boriladi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil