Kontent qismiga oʻtish

Agrometeorologiya stansiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Agrometeorologiya stansiyasi — qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishiga gidrometeorologiya xizmati koʻrsatadigan ixtisoslashgan boʻlinma. Agrometeorologiya stansiyasining asosiy vazifasi standartli, rejimli, meteorologik va agrometeorologik kuzatishlar; maxsus tematik kuzatishlar; qishloq xoʻjaligi tashkilotlariga tezkor xizmat koʻrsatish (ob-havo va agrometeorologik prognozlarni yetkazib berish); noqulay ob-havo hodisalari haqida shoshilinch ogohlantirish; ekinlarning oʻsish va rivojlanishining agrometeorologik sharoitlari haqida maʼlumotnoma; iqlim resurslaridan unumli foydalanish uchun qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini va ekinzorlarni joylashtirishni optimal rejalash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish va hokazo; oʻziga birkitilgan maxsus stansiya va postlar bajaradigan ishlarga ilmiy tadqiqot instituti bilan hamkorliqda uslubiy rahbarlik qilish; yangi va takomillashgan kuzatish usullarini, yangi asboblarni sinovdan oʻtkazish, mavjudlarini takomillashtirish va hokazo dan iborat. Umumiy rejimdagi Agrometeorologiya stansiyasi dan tashqari maxsus, alohida ekinlar, mas, gʻoʻza boʻyicha kuzatish olib boradigan ixtisoslashtirilgan stansiyalar ham mavjud (Oʻzbekistonda — Dahbed, Gʻallaorol, Tojikistonda — Hisor, Turkmanistonda — Yoʻloʻtan va Ozarbayjonda — Jaʼfarxon stansiyalari). Toʻplangan maʼlumotlar qishloq xoʻjaligini agrometeorologik axborot bilan taʼminlashda, agrometeorologik qoʻllanmalar, prognozlar, maʼlumotnomalar va agrometeorologik tavsiyalar (defoliatsiya muddatlari, birinchi mashina terimini ob-havo sharoitiga va koʻsaklarning ochilganiga qarab belgilash va hokazo) tuzishda foydalaniladi. Oʻzbekistonda 62 ta meteorologiya va 2 ta Agrometeorologiya stansiyalari ish olib boradi (1999).

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil