Kontent qismiga oʻtish

Agrooʻrmon melioratsiyasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Agrooʻrmon melioratsiyasi — tuproqning meliorativ holatini va iqlim sharoitini daraxt ekish yoʻli bilan yaxshilashga qaratilgan tadbirlar majmui. Qishloq xoʻjaligi ekinlaridan yuqori hosil olishga salbiy taʼsir qiluvchi qurgʻoqchilik, garmsel, shuproq eroziyasi, qum koʻchishlari kabi tabiat hodisalariga qarshi amalga oshiriladi. Agrooʻrmon melioratsiyasi agrotexnik, gidrotexnik, kimyoviy va qishloq xoʻjaligi melioratsiyasining boshqa turlari bilan birga yerlarni tubdan yaxshilashga xizmat qiladi hamda ularning tabiiy sharoitlariga uzoq muddat taʼsir koʻrsatadi. Oʻzbekistonda birinchi marta togʻ yon bagʻirlarida selga qarshi daraxtzorlar barpo qilishni 1880-yilda N. I. Korolkov Samarqand yaqinida (Omonqoʻton), 1889-yilda S. Yu. Rauner Toshkent yaqinida (Oqtosh) boshlagan edilar. Agrooʻrmon melioratsiyasi ayniqsa, yangi oʻzlashtirilayotgan yerlar (Mirzachoʻl, Qarshi choʻli, Markaziy Fargʻona)da keng rivoj topdi. Oʻzbekiston hududining yirik uch tabiiy zonasida — vodiylarda (ihota, kanal boʻylari, yoʻl yoqalaridagi daraxt-zorlar), togʻlarda (suv eroziyasi va selning oldini olish maqsadida togʻlar yon bagʻrini oʻrmonga aylantirish) va qumli choʻllarda (aholi punktlarini va ekinzorlarni qum koʻchishidan himoya qilish, yaylovlar unumini oshirish maqsadida daraxt va butalar ekish va hokazo) ekma oʻrmonzorlar yaratilmoqda. Hamma katta sugʻorish kanallari (Janubiy Mirzachoʻl, Katta Fargʻona, Qarshi, Amu-Buxoro va hokazo) boʻylab, shuningdek, suv omborlari atrofida daraxtzorlar barpo qilingan. Oʻzbekistonda qumliklarni oʻzlashtirish ishlari 30-40-yillarda boshlangan. Koʻchma qumlarni fitomelioratsiya bilan mustahkamlash usullari ishlab chiqildi. Shu yoʻl bilan Buxoro vohasining choʻlga tutash yerlarini qum bosishdan saqlash uchun Qizilqum etaklarida 120 km boʻlgan „Buxoro toʻsigʻi“ deb ataluvchi daraxtzor mintaqasi barpo etildi. Qumloq yerlarni kompleks oʻzlashtirishda turli texnologik usullar (mas, fitomelioratsiya, qumlarni maxsus kimyoviy moddalar bilan mustahkamlash va hokazo) keng qoʻllanadi. Orol dengizining qurigan qismidagi qumliklarni mustahkamlashda Agrooʻrmon melioratsiyasi usullaridan keng foydalanilmoqda. Har yili 10-12 ming ga maydonlarda oʻrmonzorlar barpo etilmoqda. Koʻkalamzorlashtirilgan maydonlar 70 mingga yaqin (1997). Agrooʻrmon melioratsiyasi sohasidagi tadqiqotlar Oʻzbekiston oʻrmon xoʻjaligi ilmiy tadqiqot instituti (1948) da, Toshkent agrar universitetining oʻrmonshunoslik kafedrasida, qishloq xoʻjaligi tajriba stansiyalarida olib boriladi.

  • Qayimov, Abduxalil. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil