Kontent qismiga oʻtish

Ahmad Mirzo

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Ahmad Mirzo (1388-1425) — Temuriylar sulolasining vakili. Umarshayx mirzo bahodirning ukasi. Amir Temurning Xitoyga qilgan yurishida qoʻshinning oʻng qanotiga Xalil Sulton bilan birgalikda rahbarlik qilgan. Amir Temur vafotidan soʻng Shohrux saroyida boʻlgan. 1409-yil Shohrux farmoniga koʻra amir Xudoydod va Saydi Ahmad mirzolar bilan birgalikda Hisor viloyatidagi isyonni bostirishda qatnashgan. 1409-yil Movarounnahr Shohrux qoʻliga oʻtgach, Fargʻona viloyati Ahmad Mirzoga berilgan. U Fargʻonada obodonchilik ishlarini rivojlantirgan, istehkomlarni taʼmirlagan, shuningdek oʻz navkarlari bilan Shohruxning harbiy yurishlarida qatnashib turgan. 1413-yil Ulugʻbek harbiy kengash bahonasida Ahmad Mirzoni Samarqandga taklif qilgan, biroq u Ulugʻbekning feʼlidan hadiksirab Samarqandga kelmagan. Shundan soʻng Ulugʻbek Andijonga qoʻshin tortib Andijon, Axsilarni egallaydi. Ahmad Mirzo togʻga yashiringan va Moʻgʻulistondan madad uchun kelgan lashkar bilan Andijonga yurish qilib, Oʻsh atrofida Ulugʻbek amirlari ustidan gʻalaba qozonadi. Shundan soʻng Ahmad Mirzo Moʻgʻuliston xoni Muhammadxon huzuriga — Qashqarga ketgan. Shohrux 1415-yil 26-mayida Ahmad Mirzoga maktub yoʻllab uni oʻz huzuriga chaqirtirib oladi. Ahmad Mirzo 1416-yil Qashqardan Hirotga qaytib kelgan, uni Hirotdan tashqariga chiqarmasdan nazorat ostida saqlab turganlar. Saltanatni qoʻlga kiritish uchun tuzgan rejasi oshkor boʻlib qolgach, Ahmad Mirzoni Makkaga, Kaʼbatullo ziyoratiga joʻnatish borasida farmon berilgan. Ahmad Mirzo hajdan qaytib kelmagan.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil