Aholi daromadlari
Aholi daromadlari — barcha aholiga tegishli pul va natural (mahsulot shaklida) tushumlar hamda koʻrsatilgan bepul xizmatlar summasi; aholining milliy daromaddagi hissasi. Aholining jami turdagi daromadlari manbai — ish haqi, pensiya, stipendiya, nafaqalar, mu-kofot, foyda, dividend, zayom va lotereya yutugʻi, bank toʻlagan foiz puli, koʻchmas mulkdan kelgan renta toʻlovi va ija-ra puli, sugʻurta qoplamalari va boshqalardan iborat. Bozor sharoitida Aholi daromadlarining eng katta qismi pul shakliga ega. Qishloq aholisi oʻzining tomorqa xoʻjaligidan ham mahsulot olib daromad koʻradi va u natural daromadga kiradi. Shuningdek, aholining yordamga muhtoj qatlamlariga bepul mahsulot beriladi va xizmatlar koʻrsatiladi (bepul ovqatlanish, kiyim-kechak, doridarmon, transport va kom-munal xizmati va hokazo); bular natural daromadlar hisoblanadi. Aholi daromadlari nominal va real daromadlarga boʻlinadi. Nominal daromad aholi muayyan pul summasi shaklida olgan daromad boʻlib, inflyatsiya taʼsirida uning xarid qobiliyati pasay-ishi mumkin. Real daromad — pul shaklidagi daromadga amalda qanday miqdorda isteʼmol buyumlari va xizmatlar xarid etish mumkinligini koʻrsatadi. Aholi jon boshiga hisoblangan real daromad aholi turmush darajasining umumlashgan va yaxlit koʻrsatkichi hisoblanadi. Iqtisodiyotda aholi yalpi pul daro-madlaridan barcha majburiy va ixtiyoriy toʻlovlar (soliqlar, qarz puli, badallar) chegirib tashlangandan soʻng uning qoʻliga tegadigan daromad ham muhim ahamiyatga ega. Aholi qoʻliga tegadigan daromad miqdoriga soliqlar kuchli taʼsir etadi. Rivojlangan mamlakatlarda ish haqi daromadning 2/3 qismini tashkil etadi. Agar mamlakatda xususiy mulk ustivor, renta, aholi pul jamgʻarmasi koʻp boʻlsa, bank toʻlaydigan foiz puli salmoqli boʻladi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida Aholi daromadlari tarkib jihatidan mehnatdan, tadbirkorliqdan, mulkdan olingan daromadlar va transfert (nochorlarga byudjetdan beriladigan nafaqa va yordam puli) kabi daromadlardan shakllanadi. Transfertlar nobozor daromadi, qolganlari bozor daromadi hisoblanadi. Bozor iqtisodiyotiga oʻtish sharoitida Oʻzbekistondagi Aholi daromadlarida bozor tizimiga xos yangi daromad turlari (tadbirkorlik, mulk daromadi kabilar)ning koʻpayib bo-rishi kuzatiladi. Ahmadjon Oʻlmasov.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |