Kontent qismiga oʻtish

Al-Ashdaq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu Umayya Amr ibn Said ibn al-Os al-Umaviy
arabcha: أَبُو أُمَيَّة عَمْرِو بْنِ سَعِيدِ بْنِ الْعَاصِ الأُمَوِيّ
Makka hokimi
Hukmdor Muoviya I
Madina hokimi
Hukmdor Yazid I
Shaxsiy maʼlumotlari
Vafoti 689–690
Turmush oʻrtogʻi

Ummu Habib binti Hurays (banu Uzra qabilasidan)
Savda binti Zubayr ibn al-Avvom
Oysha binti Mutiy (Banu Adiy qabilasidan)

Noila binti al-Furays (Banu Kalb qabilasidan)
Bolalari
  • Ummu Habib binti Huraysdan:

Umayya (oʻgʻli)
Said (oʻgʻli)
Ismoil (oʻgʻli)
Muhammad (oʻgʻli)
Ummu Kulsum (qizi)

  • Savda binti Zubayr ibn al-Avvomdan:

Abdulmalik (oʻgʻli)
Abdulaziz (oʻgʻli)
Ramla (qizi)

  • Oysha binti Mutiydan:

Muso (oʻgʻli)
Imron (oʻgʻli)

  • Noila binti al-Furaysdan:

Ummu Muso (qizi)

Abdulloh (oʻgʻli)
Abdurahmon (oʻgʻli)
Ummu Imron (qizi)
Onasi Ummu al-Banin binti al-Hakam
Otasi Said ibn al-Os
Taxallus(lar)i al-Ashdaq arabcha: الأشدق

Abu Umayya Amr ibn Said ibn al-Os al-Umaviy (arabcha: أَبُو أُمَيَّة عَمْرِو بْنِ سَعِيدِ بْنِ الْعَاصِ الأُمَوِيّ) (690–689-yillarda vafot etgan), al-Ashdaq (arabcha: الأشدق) nomi bilan tanilgan, Umaviylar sulolasi vakili, general va xalifalik taxtiga daʼvogar shaxs boʻlgan. Yazid I (h. 680–683) davrida 680-yilda Madina hokimi boʻlib xizmat qilgan. Xalifa Marvon I (h. 684–685) hukmronligi davrida 684 va 685-yillarda Abdulloh ibn az-Zubayrning Suriyani bosib olish uchun qilingan yurishlariga qarshi kurashgan. Keyinchalik, Marvon I oʻz oʻgʻillari Abdulmalik (h. 685–705) va Abdulazizlar foydasiga Yazid I ning oʻgʻli Xolid va al-Ashdaqni merosxoʻrlar safidan chiqargan. 689-yilda al-Ashdaq Abdulmalikka qarshi toʻntarish qilgan, biroq keyinchalik Abdulmalik tomonidan taslim etilib, qatl qilingan.

Abu Umayya Amr Umaviylar arbobi Said ibn al-Os va Marvon ibn al-Hakamning singlisi Ummu al-Banin binti al-Hakamning oʻgʻli boʻlgan[1]. Laqabi al-Ashdaq[2]. Otasi Said ibn al-Os 679-yilda vafot etgan[3]. Xalifa Muoviya I hukmronligining oxirida (h. 661–680) Makka hokimi etib tayinlangan, ammo xalifa Yazid I (h. 680–683) taxtga oʻtirgach, Madina hokimi boʻlgan. 682-yilda Abdulloh ibn Zubayr qoʻzgʻoloni chogʻida Umaviylar Makkadan quvib chiqarilgan vaqtda al-Ashdaq Yazid I dan shahardagi Zubayriylarga qarshi qoʻshin joʻnatish haqida buyruq olgan. Al-Ashdaq Ibn az-Zubayrning ukasi Amrni yurishga rahbar etib tayinlagan, ammo bu kuchlar Zubayriylarga qarshi jangda magʻlubiyatga uchragan va Ibn Zubayr Amrni qatl qilgan. 683-yil oxirida al-Ashdaq lavozimidan ozod etilgan[4]. Yazid vafot etgach, uning oʻrniga oʻgʻli Muoviya II oʻtirgan. Biroq Muoviya II ham betob boʻlib, bir necha oydan soʻng vafot etgan, bu esa Umaviylar xalifaligining rahbarsiz qolishiga sabab boʻlgan. Bu davrda uning xalifalikning koʻpgina viloyatlari Ibn az-Zubayrni xalifa sifatida tan olgan.

684-yilgi Jabiya yigʻilishida Suriyaning Umaviylar tarafdorlari boʻlgan arab qabilalari zodagonlari, jumladan, Banu Kalb qabilasi boshligʻi Marvon ibn al-Hakamni xalifa etib saylaganida undan keyin taxt vorisi sifatida Yazidning oʻsha vaqtdagi kichik oʻgʻli Xolid, undan keyin esa al-Ashdaq taxtga oʻtirishini kelishgan edilar[4]. Al-Ashdaq oʻsha yili Marj Rahit jangida Marvon qoʻshinining oʻng qanotiga qoʻmondonlik qilgan, bu jangda Umaviylar Suriyadagi Zubayriylar tarafdori boʻlgan Qaysiy qabilalari ustidan muvaffaqiyatli gʻalabaga erishgan[5]. Al-Ashdaq 685-yilda Marvonning Misrni Zubayriy hokimidan tortib olishga qaratilgan yurishida ishtirok etgan. Keyinchalik, Marvon tomonidan al-Ashdaq Falastinni bosib olishga uringan Mus’ab ibn az-Zubayrni toʻxtatish uchun yuborilgan, Mus’ab, shuningdek, Marvon yoʻqligida Suriyani zabt etishga ham uringan edi[4]. Shundan keyin al-Ashdaq Marvonning oldiga qaytib, Umaviylar poytaxti Damashqda istiqomat qila boshlagan[5]. Xalifa al-Ashdaqning taxtni egallashga boʻlgan intilishlari, xususan, Suriyadagi arab zodagonlari orasida mashhurligi, amakisi va otasi tomondan yaqin qarindoshligi tufayli Marvon undan ehtiyot boʻlishi keraligini tushungan. Al-Ashdaq va Xolidning xalifalik yetakchilariga aylanishining oldini olish maqsadida Marvon oʻgʻillari Abdulmalik va Abdulazizni Suriya zodagonlari tomonidan oʻzining tanlangan vorislari sifatida tan olinishini istagan[4].

Abdulmalik 685-yil oxirida otasining oʻrniga xalifa etib tayinlangan, biroq al-Ashdaqqa shubha bilan qaray boshlagan. Al-Ashdaq ham xalifalik taxti uchun oʻz daʼvolaridan voz kechmagan va Abdulmalikning xalifa sifatida tayinlanishiga Jabiyada tuzilgan kelishuvlarning buzilishi sifatida qaragan. Xalifa 689-yilda Zubayriylar qoʻl ostida boʻlgan Iroqqa qarshi harbiy yurish uyushtirish uchun Damashqni tark etganida al-Ashdaq uning yoʻqligidan foydalanib, qoʻzgʻolon koʻtargan, shaharni egallab, oʻzini mustaqil hukmdor deb eʼlon qilgan. Buning natijasida Abdulmalik Iroqqa boshlangan yurishni tark etishga va al-Ashdaqning isyoniga qarshi chiqishga majbur boʻlgan. Damashqda ularning tarafdorlari oʻrtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan, Abdulmalik al-Ashdaqqa taslim boʻlishni, buning evaziga uni avf etishini taklif qilgan. Al-Ashdaq ham uning bu taklifini majburan qabul qilgan. Biroq shundan keyin Abdulmalik al-Ashdaqqa ishonmay qoʻygan va 689–690-yillarda uni Damashqdagi saroyiga chaqirtirib, oʻsha yerda qatl qilgan[4].

Umaviylar sulolasidan boʻlgan Said ibn al-Os oilasining shajara daraxti

Al-Ashdaqning Banu Uzra qabilasi vakili[5] Ummu Habib binti Huraysdan[1] Umayya, Said, Ismoil va Muhammad ismli oʻgʻillari boʻlgan[6]. Otasi bilan qoʻzgʻolonda ishtirok etgan Said ismli oʻgʻli keyinchalik Madinaga, undan keyin Kufaga hijrat qilgan[7]. Said 744-yili Umaviylar xalifasi Yazid II saroyiga tashrif buyurgan[7]. Shuningdek, isyonda otasi bilan birga jang olib borgan Ismoil Abbosiylar xalifaligi davrining boshlarida (750-yildan keyin) Madina shahri yaqinida yashagan, Umaviylar xalifasi Umar II (h. 717–720) taqvodorligi uchun uni oʻzining vorisi etib tayinlamoqchi boʻlgan[8]. Ismoil Abbosiylarning Madina shahri hokimi Dovud ibn Ali tomonidan qatl qilinishdan saqlab qolingan[1]. Shuningdek, al-Ashdaqning Ummu Habibdan Ummu Kulsum ismli qizi ham boʻlgan[1].

Al-Ashdaqning Abdulloh ibn Zubayrning singlisi Savda binti Zubayr ibn al-Avvomdan Abdulmalik va Abdulaziz ismli oʻgʻillari hamda Ramla ismli qizi boʻlgan. Shuningdek, Qurayshning Banu Adiy qabilasidan boʻlgan Abdulloh ibn Mutiyning singlisi Oysha binti Mutiy bilan ham oila qurgan, undan Muso va Imron ismli oʻgʻil koʻrgan. Kalbiylardan boʻlgan xotini Noila binti al-Furaysdan Ummu Muso ismli qizi boʻlib[1], Ummu Muso Yazid I ning oʻgʻli Abdulloh al-Usvarga turmushga chiqqan[9]. Al-Ashdaqning yana ikki ummu al-valaddan farzandlari boʻlgan, biridan Abdulloh va Abdurahmon ismli oʻgli, boshqasidan qizi Ummu Imron dunyoga kelgan[1].