Alanchuq
Alanchuq – Janubiy Ozarbayjon (Eronning shimoli-gʻarbi)dagi togʻ yon bagʻrida joylashgan mustahkam qal’a. Alanchuq uch pogʻona (yarus)dan iborat, har bir pogʻonaning qalin va baland devorlari boʻlgan. Alanchuq sosoniylar davrida Vizantiyaga qarshi istehkom sifatida bunyod etilgan. Keyinchalik uning yuqori pogʻonalari barpo qilingan. Tarixiy manbalarda Alanchuq haqida ilk bor Amir Temurning „uch yillik yurishi“ (1386-88) munosabati bilan qayd qilingan. 1387-yil kuzida Sohibqiron Sulton Ahmad Jaloyirni taʼqib etib, Alanchuqqa duch kelib, uni qamal qilgan. Qal’aning birinchi pogʻonasi olingach, Toʻxtamishning Movarounnahrga qilgan chopquni xabari olinishi munosabati bilan qamal toʻxtatilgan. Amir Temur Alanchuqni ikkinchi marta „besh yillik yurish“ (1392- 96) paytida, 1394-yil mayida qamal qilgan. Qamal ishlarini Muhammad Darvesh Barlos boshchiligida qoʻshin olib borgan, qamal choʻzilib ketganligi bois bu vazifa Mironshoh mirzoga topshirilgan. Biroq 1395-yil Toʻxtamishga qarshi qilingan yurish tufayli Alanchuq qamali yana toʻxtatilgan. Amir Temur Oltin Oʻrdani tor-mor etib qaytgach, 1396-yil oʻrtasida Alanchuqni musaxhar (tobe) qilgan. „Yetti yillik yurish“ (1399-1404) paytida Alanchuq Amir Temurning harbiy istehkomi vazifasini oʻtagan.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |