Aleksandr Radishchev
Aleksandr Radishchev | |
---|---|
Tavalludi | 20 (31) avgust 1749 |
Vafoti | 12 (24) sentyabr 1802[1] |
Ijod qilgan tillari | Rus tili |
Fuqaroligi | Rossiya Imperiyasi |
Aleksandr Nikolayevich Radishchev [1749.20(31).8, Moskva — 1802.12(24).9, Peterburg] — rus yozuvchisi va faylasufi. Peterburgdagi Pajlar korpusi (1762—66) va Leypsig universitetining huquqshunoslik fakulteti (1766—71)da oʻqigan. Radishchev dunyoqarashining shakllanishida fransuz maʼrifatparvarlarining asarlari muhim ahamiyatga ega boʻlgan. 1771-yilda Radishchev Senatga protokolchi etib tayinlangan va shu vaqtda Mablining "Yunon tarixi haqida oʻylar" kitobini rus tiliga tarjima qilgan. 1773—75 yillarda diviziya prokurori boʻlib ishlagan, Pugachyov qoʻzgʻoloni shafqatsizlik bilan bostirilgach (1775), isteʼfoga chikib, turli joylarda xizmat qilgan. 80-yillarda rus maʼrifatparvarlari harakati qizgʻin tuye olganda Radishchev ular bilan hamkorlik qilgan. Uning rus xalqi tarixi boʻyicha mushohada va mulohazalarining mahsuli sifatida "Lomonosov haqida soʻz" (1780), "Doʻstimga xat" (1782, Pyotr 1 haykalining ochilishi munosabati bilan) makrlalari, "Erkinlik" qasidasi (1783) va boshqa asarlari maydonga kelgan. 1790-yil esa Radishchev ijodining "gultoji" — "Peterburgdan Moskvaga sayohat" asari Radishchevning oʻz bosmaxonasida 650 nusxada chop etilgan. Ammo kitob musodara etilib, Radishchevning oʻzi Sibirga surgun qilingan. Radishchev Yekaterina II vafotidan keyin ozodlikka erishib (1796), otasining Nemsovo qishlogʻidagi qoʻrgʻoniga koʻchib borgan. 1801-yil esa u krnunlar tuzish komissiyasiga ishga jalb etilgan. Radishchev "Peterburgdan Moskvaga sayohat" asarida 18-asr oxiri rus voqeligidagi ijtimoiy ziddiyatlarini teran ochib bergan. Radishchevning bu va boshqa asarlaridagi inqilobiy ruh sovet davrida yuqori baholangan va Radishchev sovet mafkurasining bayrokdorlaridan biriga aylangan[2].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ (unspecified title)
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |