Kontent qismiga oʻtish

Leykoz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Aleykemiyadan yoʻnaltirildi)

Leykoz (leykemiya) — qon ishlab chiqaradigan toʻqimalarning oʻsma kasalligi, bunda koʻmik zararlanadi va normal qon hosil boʻlishi jarayoni buziladi; qon yaratuvchi aʼzolarda yosh patologik hujayra elementlari oʻsib ketadi, limfa tugunlari va taloq, kattalashadi, qonda oʻziga xos oʻzgarish sodir boʻladi[1]. Kasallik sababi toʻla-toʻkis aniqlanmagan. Leykozning kelib chiqishida virusli, endogen, kimyoviy va radiatsion nazariyalar mavjud. Oʻtkir leykoz, surunkali miyeloleykoz (miyeloid turkumidagi hujayralarning hosil boʻlishi buziladi) va boshqa shakllari farqlanadi. Oʻtkir leykozga intoksikatsiya xos boʻlib, asosan, temperatura koʻtariladi, ogʻiz boʻshligʻi va tomoqda yiringli-yarali jarayonlar, qonsirash kuzatiladi, asab sistemasi izdan chiqishi mumkin. Qon tarkibi oʻzgarib, bunda normo-, erito- va megaloblastlar koʻpayib ketadi. Periferik qonda anemiya, trobotsitopeniya, leykogramma oʻzgarishi, qon yaratilishining toʻsatdan toʻxtashi va boshqalar kuzatiladi. Surunkali leykoz dastlab sezilmasligi mumkin. Quvvatsizlik, bosh aylanishi, koʻp terlash, apatiya, biroz harorat koʻtarilishi roʻy beradi. Bemorning suyaklari zirqirab ogʻriydi, meʼda-ichak faoliyati buziladi; jigar, taloq va limfa tugunlari kattalashadi. Ogʻirroq (terminal) hollarda anemiya, trombotsitopeniya avj oladi. Leykotsitlar, xususan, bazofil va eozinofillar soni ortadi. Qon va suyak punktatida yetilmagan yosh blastlar, koʻmik punktatida krnning limfoid elementlari giperplaziyasn roʻy beradi. Qonda donador leykotsitlar koʻpayadi, baʼzan gemolitik sindrom (qarang Gemoliz) kuzatiladi. Davosi oʻtkir Leykozda va surunkali Leykoz zoʻriqqanda bemor kasalxonada davolanadi. Rentgenoterapiya, quvvatga kiritadigan, kamqonlikka qarshi dorilar buyuriladi, qon quyiladi.

Hayvonlarda ham qon hujayralarining yetilish jarayoni buzilishi (anaplaziya) bilan kechadi. Leykoz bilan qoramol, qoʻy, echki, ot, choʻchqa, it, mushuk, parranda kasallanadi. Hayvonlardan koʻproq sigirlarda, parrandalardan tovuqlarda uchraydi. Kasallikka radioaktiv nurlar, kimyoviy omillar, genetik buzilishlar, gormonlar balan-sining buzilishi va viruslar sabab boʻlishi mumkin. Kasallik hayvon sogʻligʻiga koʻrinarli zarar yetkazmasdan oylab va yillab davom etadi. Koʻpchilik hollarda bitta yoki bir qancha limfa tugunlari, taloq kattalashadi, shuningdek, ovqat hazm qilish buziladi, holsizlanish, oriqlash, sigirlarda sutining kamayishi va shishlar paydo boʻladi. Parrandalarda, koʻpincha, 4 oylikdan katta tovuqlar, baʼzan kurka, oʻrdak, gʻoz va boshqa kasallanadi. Qishloq xoʻjaligiga qoramollarda uchraydigan enzootik Leykoz (limfoleykoz) va Retraviridae oilasiga mansub viruslar qoʻzgʻatadigan turli Leykoz shakllari katta iqtisodiy zarar yetkazadi.

Tashxis klinik belgilarga va labaratlriyada qon analizlariga qarab qoʻyiladi. Oldini olish: sogʻlom xoʻjaliklarda bu kasallikdan himoya choralari koʻriladi. Qoramollar klinik-gemotologik tekshiruvdan oʻtkaziladi. Kasallik aniqlansa, sogʻlomlashtirish tadbirlari koʻriladi[2].

  1. „Leukemia“. NCI (1980-yil 1-yanvar). — „Cancer that starts in blood-forming tissue, such as the bone marrow, and causes large numbers of abnormal blood cells“. 2014-yil 27-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 13-iyun.
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil