Ali Naqi Vasfiy
Ali Naqi Vasfiyning shaxsiy hayotiga oid maʼlumotlar juda oz saqlanib qolgan. Bilvosita maʼlumotlarga koʻra u taxminan 1785-yil atrofida tugʻilib, 1843-45 yillar orasida vafot etgan.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Vasfiy dariyzabon adabiyotda naziragoʻylik anʼanasini qiyomiga yetkazgan, bu anʼananing taqlidchilikka aylanishiga oʻz ulushini qoʻshgan ijodkor sifatida tanildi.
Husayn Noyil bergan maʼlumotlarga koʻra Vasfiy toʻqsonga yaqin shoir asarlariga naziralar yozgan. Bu mualliflar orasida Anvariy, Amir Xusrav Dehlaviy, Jaloliddin Rumiy, Hofiz Sheroziy, Saʼdiy Sheroziy, Kamol Xoʻjandiy kabi mashhur ijodkorlar bilan bir qatorda adabiyot maydonida endi tanilib kelayotgan shoirning zamondoshlari va hali nomlari chiqmagan, keyinchalik ham oʻquvchilar orasida shuhrat qozonmagan ijodkorlar bor. Ayni paytda oʻxshatmalar orasida bu davrda koʻpchilik adabiy doiralarda tatabbular obyekti boʻlgan Mirzo Bedil asarlariga oʻxshatmalar uchramagani diqqatni tortadi. Bu, albatta, Vasfiyning Mirzo Bedil ijodiga nisbatan bepisandligini bildirmaydi. Ayni paytda bu hol shoirning tavajjuhi koʻproq Xuroson va Iroq uslublari tomonga moyil ekanligini ifodalaydi.
Ijodi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Uning devoniga kirgan gʻazallarning deyarli barchasi oʻtmish shoirlari va zamondosh ijodkorlar sheʼrlariga yozilgan nazira, tatabbu va istiqbollardan, yaʼni ularning asarlaridan taʼsirlanib yaratilgan sheʼrlar — oʻxshatma asarlardan iborat. Shoirning 892 betdan iborat devoniga kiritilgan sheʼrlarning umumiy hajmi 13500 bayt atrofida boʻlib, undan taxminan 5500 bayti bevosita Vasfiy qalamiga mansub, qolganlari tatabbu obyekti boʻlga shoirlarga tegishlidir.
Shuni aytish lozimki, naziranavislik forsiyzabon adabiyotning qadimdan qolgan udumidir. Bu udumni Moil Hiraviy quyidagicha izohlaydi: „Bir shoirning oʻtmish yoki zamondosh shoirdan istiqbol qilishi (yaʼni unga ergashib oʻxshatma asar yozishi -R. I.) ijodkorlarning qadimiy anʼanasidir. Bu ishga shoir yo oʻz qobiliyatini sinab koʻrish maqsadida yoki turli sheʼriy janrlarda vazn va qofiya izlanishlari tufayli qoʻl uradi, lekin qanday boʻlmasin, u shoirning mazmunni ifodalashdagi mahoratini oʻstirish maqsadini koʻzlaydi.“
Vasfiy ijodi, bir tomondan, anʼanaviy poeziya xususiyatlarini oʻzida aks ettirgan boʻlsa, boshqa tomondan, shoirning deyarli barcha asarlari taqlid udumiga koʻra yaratilgani bilan dariyzabon adabiyot tarixida kam uchraydigan bir tajriba boʻldi.
Shunisi ham diqqatga sazovorki, muallif ongli ravishda naziragoʻylikni oʻziga maqsad qilib olgandek koʻrinadi. Devonda tatabbu qilinayotgan asar va Vasfiyning unga ergashib yozgan tatabbusi ketma-ket juftlab keltirilganini shu bilan izohlash mumkin. Goʻyo, shoir oʻquvchisiga tatabbu va naziralar orqali oʻz isteʼdodini namoyish qilayotgandek, unga boshqa ijodkorlar asarlaridan ilhomlangan holda ham goʻzal sheʼrlar yaratish mumkinligini namoyish etayotgandek tasavvur hosil boʻladi.
Vasfiy sheʼriyati bilan tanishgan oʻquvchi shoirning chindan ham goʻzal va dilkash misralar yarata olganiga amin boʻladi. U bir sheʼrida oʻzining yorga boʻlgan muhabbatini, sogʻinchini bayon etish uchun ustalik bilan gulistonda sayr etib, koʻzi tushgan har bir narsa uning sevgilisi qiyofasida gavdalanganini tasvirlash orqali ifodalaydi.[1]
Manba
[tahrir | manbasini tahrirlash]Rahmon Inomxoʻjayev. Dariyzabon adabiyoti(XVIII-XIX-asrlardagi). 2016
- ↑ Rahmon Inomxo'jayev. Dariyzabon adabiyoti (O'zbek), Toshkent, 2016.