Kontent qismiga oʻtish

Ali ibn Sa’id Rustag‘faniy

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Ali ibn Sa’id Rustag‘faniy
Shaxsiy maʼlumotlar
Dini Islom
Tanilgan sohasi Faqih, roviy

Ali ibn Saʼid Rustagʻfaniy (arabcha: علي بن سعيد الرستغفاني — Ali ibn Saʼid Rustagʻfaniy — Toʻliq ismi:Abulhasan Ali ibn Saʼid Rustagʻfaniy (vafoti taxminan 961-yil)) — Faqih, roviy va mutakkalim.

Manbalarda Rustagʻfaniyning tavalud topgan sanasi koʻrsatilmagan boʻlsada, vafot etgan yilida ixtiloflar bor. Baʼzi manbalarda 345/956-yil deb kelgan boʻlsa, baʼzisida esa 350/961-yil deb koʻrsatilgan. Ali ibn Saʼid Rustagʻfaniy oʻz davrida Samarqandning koʻzga koʻringan shayxi va hanafiy mazhabining yirik faqihlaridan biri boʻlgan. Manbalarda Rustagʻfaniyning ota-onasi va hayot yoʻllariga doir boshqa maʼlumotlar uchramaydi. Rustagʻfaniy oʻz davrida Samarqandning koʻzga koʻringan shayxi va hanafiy mazhabining yirik faqihlaridan biri boʻlgan.

Rustagʻfaniyning „Irshodu-l-muhtadiy fi usuli-d-din“ („Usulu-d-dinda hidoyatga boshlovchi qoʻllanma“), „Az-zavoid va-l-favoid fi anvoʻi-l-ulum“ „Ilmning turli sohalarida ilmni ziyoda qiluvchi va foyda keltiruvchi narsalar“ va „Al-fatovo“ („Fatvolar“) nomli asari boʻlganligi manbalarda qayd etilgan. Rustagʻfaniy ulamolardan, undan esa boshqalar rivoyat qilganlar."Irshodu-l-muhtadiy fi usuli-d-din" nomli tasnifi aqidaviy masalalarga bagʻishlangan asaridan boʻlgani bois, Rustagʻfaniy oʻz zamondoshi, buyuk mutakallim imom Abu Mansur Moturidiy asos solgan kalom ilmi bilan jiddiy shugʻullanganidan dalolat beradi. Rustagʻfaniy vafotidan qariyb yuz yil oʻtgach faoliyat koʻrsatgan taniqli olim Abulmu’in Nasafiy ham oʻzining kalom ilmiga oid „Tabsiratu-l-adilla“ („Dalillar tilga kirganda“) nomli yirik asarining qator oʻrinlarida imom Rustagʻfaniyning bu asaridan iqtiboslar keltirgan. Rustagʻfaniy qalamiga mansub boshqa bir asar „Kitob fi-l-xilof“ („Ixtiloflar haqidagi kitob“) nomi bilan atalib, unda aqidaviy masalalardagi ixtiloflar haqida fikr yuritiladi. Rustagʻfaniyning bu asari IX-X asrlarda turli islomiy toifalar va guruhlar oʻrtasida keng tarqalgan aqidaviy ixtiloflarga bagʻishlangan. Rustagʻfaniyning boshqa bir asari „Az-zavoid va-l-favoid fi anvoʻi-l-ulum“ („Ilmning turli sohalarida ilmni ziyoda qiluvchi va foyda keltiruvchi narsalar“) nomi bilan Abdulxay Laknaviyning yozishicha, bu asar turli ilmlar tasnifiga bagʻishlangan. Shularga tayanib, ishonch bilan aytish mumkinki, Rustagʻfaniy Oʻrta asrlarda turli ilmlar taraqqiy qilgan yurtimizda ilmlar tasnifi buyicha maxsus asar yaratgan dastlabki olimlardan biri boʻlgan. Rustagʻfaniy bilan imom Abu Mansur Moturidiy oʻrtasidagi munosabatga kelsak, aytish mumkinki, Rustagʻfaniy buyuk mutakallim imom Moturidiyning favqulodda eng isteʼdodli shogirdlaridan hisoblanib, oʻz davrining yetuk olimi darajasiga erishgan, u hatto fiqhiy (islom qonunshunosligi) masalalarda mustaqil fikr yuritadigan mujtahid maqomiga yetishgan. Qurashiy oʻzining „Javohiru-l-muziyya fi tabaqoti-l-hanafiyya“ nomli asarida ijtihod masalasida ustoz va shogird oʻrtasida har-xil qarashlar mavjud boʻlgani haqida yozgan. Rustagʻfaniy (baʼzi mualliflar yozganidek Rastunfoniy emas) haqidagi maʼlumotlar, garchand mukammal boʻlmasada, u haqidagi maʼlumotlarni oʻrta asr arab muarrixlarining asarlarida uchratish mumkin. Misol tariqasida ulardan Zirikliyning „Al-aʼlom“, Sam’oniyning „Al-ansob“, Najmiddin Umar Nasafiyning „Al-qand fi zikri ulamoi Samarqand“, Abulvafo Qurashiyning „Javohiru-l-muziyya fi tabaqoti-l-hanafiyya“, Ibn Asirning „Al-lubob fi tahziybi-l-ansob“, Ibn Qutlubogʻo „Toju-t-tarojim“, Abulmu’iyn Nasafiyning „Tabsiratu-l-adilla“, Laknaviyning „Al-favoidu-l-bahiyya fi tarojimi-l-hanafiyya“ kabi asarni koʻrsatish mumkin. Hozirgi davrdagi tadqiqotchi olimlarining baʼzi asar va ilmiy maqolalarida ham Ali ibn Saʼid Rustagʻfaniy haqida qimmatli maʼlumotlarni uchratish mumkin. Ulardan, tarix fanlari doktori, proffesor U. Uvatovning kitob va ilmiy maqolalarida, nemis olimi Ulrix Rudolfning „Al-Moturidiy va Samarqandda sunniylik ilohiyati“ va tadqiqotchi K. Kattayevning „Samarqandning buyuk allomalari“ kabi asarni alohida taʼkidlab aytish mumkin.[1]

  • "Irshodu- l-muhtadiy fi usuli-d-din,
  • „Az-zavoid va- l-favoid fi anvoʻi- l- ulum“,
  • „Al-fatovo“,
  • „Kitob fi- l- xilof“
  1. Oʻrta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. — Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. — B. 515-518.