Alim Safarov
Alim Emirovich Safarov | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Jinsi | erkak |
Fuqaroligi | SSSR, Oʻzbekiston |
Tavallud sanasi |
1961-yil 14-iyun Fargʻona, Oʻzbekiston SSR, SSSR |
Sport | |
Qaysi sport | yengil atletika |
Klubi | (qaysi klub) |
Murabbiy(lar)i |
Viktor Pavlovich Tolkunov Viktor Innokentevich Sedix |
Alim Emirovich Safarov (1961-yil 14-iyun, Fargʻona, SSSR) — sovet va oʻzbek yengil atletikachisi, sprint (200 m, 400 m) yoʻnalishi boʻyicha musobaqalarda ishtirok etgan. 1982-yilgi yopiq inshootlarda oʻtkazilgan yengil atletika boʻyicha SSSR chempioni[1]. SSSR xalqaro toifadagi sport ustasi.
Stadionda 4×400 metrga estafeta yugurish bahslarida 3:05.20 (1983-yil 22-iyun, Moskva) daqiqalik natijasi bilan Oʻzbekiston rekordini oʻrnatgan. Sochi shahrida oʻtkazilgan Butunittifoq oʻsmirlar musobaqalarida 200 metrga — 21,55 soniyada, 400 metrga — 47,16 soniyada yugurib, oʻsmirlar oʻrtasida Oʻzbekiston rekordini yangilagan[2]. Tbilisi shahrida oʻsmirlar oʻrtasidagi SSSR chempionatining 400 metrga yugurish bahslarida 48,6 soniyalik natijani qayd etgan.
Biografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Alim Safarov 1961-yil 14-iyunda Farg‘ona shahrida tavallud topgan. Farg‘ona davlat pedagogika institutini tamomlagan.
Sport faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Safarov 1975-yilda murabbiy Viktor Pavlovich Tolkunov rahbarligi ostida yengil atletika sport turi bilan shugʻullana boshlagan. Sportchi, asosan, 400 metrga yugurish boʻyicha musobaqalarda ishtirok etgan. 1978-yilda Toshkent shahrida o‘tkazilgan Butunittifoq maktab o‘quvchilari Spartakiadasining 400 metrga yugurish bahslarida 50,18 soniya natija ko‘rsatib, 5-o‘rinni egallaydi va oʻsha musobaqaning 4×400 metrga estafeta yugurish bahslarida 3.19,6 daqiqalik natija bilan kumush medalni qo‘lga kiritadi. Leningradda oʻtkazilgan oʻsmirlar oʻrtasidagi qishki mamlakat chempionatida 50,7 soniya natija qayd etgan holda 1-oʻrin, Rigada oʻtkazilgan SSSR yozgi chempionatida 49,72 soniya bilan 3-oʻrin, 1979-yilda Sochida boʻlib oʻtgan Butunittifoq oʻsmirlar musobaqasida 49.15 soniyalik natija koʻrsatib, 7-oʻrin, Moskvada boʻlib oʻtgan SSSR xalqlarining VII yozgi Spartakiadasida Oʻzbekiston estafeta jamoasi tarkibida 400 metrga estafeta bahslarida 3.11.1 daqiqada yugurib, 8-oʻrinni egallaydi.
1980-yilda Tbilisida oʻtkazilgan oʻsmirlar oʻrtasidagi qishki mamlakat chempionatida 200 metr masofaga 22,7 soniya va 400 metrga 48,8 soniyada yugurib, kumush medalni qoʻlga kiritadi.
Sochida boʻlib oʻtgan Butunittifoq oʻsmirlar chempionatining 200 metrga yugurish bahslarida 21,55 soniyalik natija bilan 2 va 400 metrga 47,16 soniyada yugurib 1-oʻrinlarni egallaydi va sport faoliyati davomida birinchi marta SSSR sport ustasi standartlarini bajarishga erishadi[3]. Oʻsha yili Tbilisida oʻtkazilgan Safarov SSSR — GDR qishki oʻyinlarida SSSR oʻsmirlar jamoasida oʻzining debyut oʻyinlarini oʻtkazadi va 48,6 soniya natija koʻrsatib, musobaqada gʻalaba qozonadi. Keyinchalik, Leningradda tashkil etilgan Sprinterlar kuni musobaqasida 47,51 soniyani qayd etgan holda 5-oʻrinni, Sofiyada (Bolgariya) „Narodna mladej“ gazetasi sovrinlari uchun oʻtkazilgan xalqaro turnirda 47,37 soniya bilan 3-oʻrinni egallaydi. Kaunasda o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi mamlakat chempionatida — 46,9 soniya natija koʻrsatadi va musobaqaning oltin medalini qo‘lga kiritadi. Aynan shu yildan boshlab RSFSR da xizmat koʻrsatgan murabbiy Viktor Innokentevich Sedixdan sport saboqlarini ola boshlaydi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Orlov R. V. Lyogkaya atletika. — M.: Olimpiya Press, 2006. — 527 s. — S. 376. — ISBN 5-94299-063-8.
- ↑ „Знаменитые легкоатлеты Узбекистана“.
- ↑ „РЕКОРДЫ УЗБЕКИСТАНА ПО ЛЕГКОЙ АТЛЕТИКЕ СРЕДИ ЮНИОРОВ“.
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- IAAF veb-saytidagi profil
- „Алим Сафаров“. Федерация лёгкой атлетики Узбекистана. Qaraldi: 2023-yil 25-aprel.