Almaiy nomidagi namuna ish maktabi
Almaiy nomidagi namuna ish maktabi — Toshkent shahrining Beshyogʻoch dahasidagi sobiq rus-tuzem maktabi binosida mahalliy aholi bolalari uchun 1918-yilda ochilgan maktab. Maktabga Nazir Inoyatov rahbarlik qilgan. Dastlab bolalar uyi tarzida tashkil qilingan. 1922-yildan Almaiy nomidagi namuna ish maktabiga aylantirilgan va Turkiston Xalq Maorifi Komissarligi ixtiyoriga oʻtkazilgan. Maktabda mehnat va politexnika taʼlimidan boshlangʻich tushunchalar amalga oshirilgan (oʻquvchilar oʻz yumushlarini oʻzlari bajarganlar, qishloq xoʻjaligi ishlari bilan shugʻullanganlar, etikdoʻzlik, toʻquvchilik, tikuvchilik, duradgorlik, chilangarlik, muqovachilik va boshqa ishlarni oʻrganishgan); musiqa va drama toʻgaraklari boʻlgan. Maktabda Tesha Zohidov, Olim Sharafuddinov, Yunus Rajabiy, Usmon Dadamuhamedovlar oʻqituvchilik qilishgan. Bu maktab respublikaning boshqa maktablari uchun ham oʻzbek tili, adabiyoti va boshqa fanlardan oʻquv dastur va metodik qoʻllanmalar ishlab chiqish hamda ularni tajribadan oʻtkazishda katta yordam bergan. Olim va yozuvchilar Izzat Sulton, Mirtemir, Parda Tursun, Hasan Poʻlat, Sulaymon Azimov shu maktabda oʻqishgan. 1929-yilda boshqa maktablarga qoʻshib yuborilgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |