Aloqa kabeli
Aloqa kabeli — axborotlarni turli tok chastotalarida uzatish uchun moʻljallangan kabel. Aloqa kabeli orqali telegrammalar, fototasvirlar, telefon soʻzlashuvlari, televizion eshittirishlar, hisoblash markaziga kelgan statik maʼlumotlar va boshqa uzatiladi. Aloqa kabeli, asosan, simli aloqa oʻrnatishda ishlatiladi. Tuzilishiga koʻra, simmetrik va koaksial; uzatiladigan chastotalar spektriga koʻra, past chastotali (10 kGs gacha), yuqori chastotali (10 kGs dan yuqori); ishlatilish sohasiga koʻra, uzoq joy bilan aloqa (shaharlararo) va mahalliy aloqa (shahar telefon tarmoqlari, qishloq aloqasi, radioeshittirish va boshqalar); oʻtkazish usuliga 364koʻra, yer ostiga yotqiziladigan, havodan oʻtkaziladigan va boshqa xillarga boʻlinadi. Simmetrik kabellarining tok oʻtkazuvchi simlari 0,3-1,6 mm diametrli misdan yasaladi. Izolyatsiyalangan simlar juft-juft qilib buraladi. Past chastotali simmetrik Aloqa kabelining juftlari soni 1 dan 4800 gacha, koaksiallarniki — 2 dan 20 gacha boʻladi (har qaysi juft 3600 gacha telefon soʻzlashuvlarini uzatishi mumkin).Aloqa kabelining qobigʻi qoʻrgʻoshin, alyuminiy, poʻlat, plastmassa, metallplastmassadan yasaladi. Shahar telefon aloqasida sim tolalari yigirma-oʻttizdan ikki ming va undan ham koʻp quyi chastotali Aloqa kabeli ishlatiladi. Koʻp kanalli aloqa oʻrnatish uchun yuqori chastotali simmetrik kabellar, televideniye dasturini uzatish uchun esa koaksial Aloqa kabelilar kerak. Aloqa kabeli mustahkam, sifatli va nuqsonsiz aloqa oʻrnatishga imkon beradi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |