Kontent qismiga oʻtish

Alp mintaqasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Alp mintaqasi – togʻlardagi tabiiy balandlik mintaqasi, asosan moʻ’tadil va subtropik kengliklarda, aksari togʻ-oʻtloq landshaft tipidan iborat. Subalp mintaqasidan yuqorida joylashgan togʻlarning balandroq qismida Alp mintaqasi nival mintaqasi bilan almashinadi. Alp mintaqasining balandlik holati geografik kenglik, namlik darajasi va yon bagʻirlarining ekspozitsiyasi bilan bogʻliq. Alp togʻlari va Gʻarbiy Kavkazda Alp mintaqasi 2000 m dan 3000 m gacha, Himolay togʻlarining janubiy yon bagʻirlarida 3600 m dan 5000 m gacha oralikdagi balandliklarni egallagan. Moʻ’tadil va subtropik kengliklardagi togʻlarning seryogʻin yon bagʻirlarida aniq namoyon boʻlgan; yuqoriroq kengliklarda togʻ tundra mintaqasi, quyiroq kengliklarda esa baland togʻ-dasht va choʻl mintaqasi; ekvatorial kengliklarda oʻtloqlar (paramos) mintaqasi bilan almashinadi. Relefning togʻ-muzlik shakllari keng tarqalgan. Iqlimi sovuq, qor qoplami qalin (6-10 oy saqlanadi), vegetatsiya davri qisqa, qattiq shamollar boʻlib turadi, yanvarning oʻrtacha temperaturasi – 15°, iyulniki 14° chamasida, yillik yogʻin miqdori 1000 mm va undan koʻp; tez-tez qor koʻchkilari boʻlib turadi. Alp oʻsimliklari (butazor va oʻtloqlar) keng tarqalgan. Xoʻjalikda asosan yozda yaylovlar sifatida foydalaniladi. Hayvonot dunyosi quyi mintaqalarga tez koʻchib oʻta oladigan turlar (alqor, serpa, yovvoyi echki va boshqalar) yoki qishki uyquga ketadigan kemiruvchilardan iborat.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil