Kontent qismiga oʻtish

Amin Turdiyev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Amin Turdiyev (1910-yil 10-avgust, Toshkent – 1978-yil 13-mart) – aktyor, rejissyor Oʻzbekiston xalq artisti (1955). Toshkent pedagogika bilim yurtini tugatgan (1927). Moskva Badiiy teatri qoshidagi rejissyorlik kursida oʻqigan (1947). Internatda, soʻng „Urfon“ maktabi qoshidagi drama toʻgaragida qatnashib, „Baxtsiz kuyov“ spektaklida kuyov rolini oʻynagan. Aktyorlik faoliyatini Hamza teatri krshidagi Ishchisayyor teatrida boshlagan (1929—1932), soʻng asosiy truppaga (1932—1933) oʻtgan. „Hujum“ (Yan, Choʻlpon)da Sartarosh (Eshon), „Halima“ (Gʻ.Zafariy)da Hammol va Bibiniso kampir, „Arslon“ (Fitrat)da dehqon yigit rollarida chiqqan. Samarqand, Namangan viloyat teatrlarida badiiy rahbar (1934—1937), Andijon teatrida bosh rejissyor (1951—1952), Yosh tomoshabinlar teatrida badiiy rahbar (1963—1967). Turdiyevning hayoti va ijodi Hamza teatri bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, 1939—1951, 1952—1963 va 1967—1978 yillar shu teatrda aktyor, rejissyor sifatida faoliyat koʻrsatgan. Ikkinchi jahon urushi davrida „Jaloliddin“ (M. Shayxzoda) spektaklida Chingizxon obrazini yaratgan. Umuman, aktyor sifatida Turdiyevning mahorati salbiy va xarakterli obrazlar talqinida yorqin namoyon boʻlgan. Zargarov (A.Qahhor, „Ogʻriq tishlar“), Husayn Boyqaro (Uygʻun, I.Sultan, „Alisher Navoiy“), Kassio (U.Shekspir, „Hamlet“), Jon Robertson (Yu. Krotkoye, „Jon – tinchlik askari“), Abdusalom (E.Vohidov, „Oltin devor“) kabi yaratgan obrazlarida tashqi qiyofasiga, qahramonlarning xattiharakati, yurishturishiga, nutk, iga katta eʼtibor bergan. Sahna nutqidagi mahorati tufayli u koʻp yillar N.Rahimov bilan „Tabassum“ radiojurnalini olib borgan. Rejissyor sifatida milliy teatrda „Burgutning parvozi“ (I.Sulton; I.Bersenev bilan hamkorlikda), „Kechirilmas gunoxlar“ (I. Oʻktamov), „Shamsiqamar“ (M. Abliyev), „Turkiya haqida hikoya“ (N.Hikmat; A.Ginzburg bilan hamkorlikda) spektakllarini saqnalashtirgan. Turdiyev kinoda ham esda qolarli obrazlar yaratdi (Rais, „Stadionda uchrashamiz“; Qodirqul mingboshi, „Boy ila xizmatchi“; Beklarbegi, „Furqat“ va boshqalar).[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil