Nurdinjon Aminjonov
Nuriddin Aminjonov (1946-yil 11-aprel, Chust shahrida tugʻilgan) – taniqli oʻzbek madaniyat va sanʼat fidoyisi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, Oʻzbek musiqachilik sanʼati rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan shoir va xonanda[1].
Hayoti va ijodi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Nuriddin Aminjonov 1946-yilning 11-aprelida Namangan viloyati, Chust tumanida tugʻilgan va Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi Eski Toshkent qishlogʻida voyaga yetgan. Uning ota-onasi, Aminjon Otabekov va Rahima Pirmatova, dehqonchilik va uy bekaligi bilan shugʻullangan. U bolaligidan ashula va sheʼriyatga qiziqib, bu isteʼdodini onasining allalaridan olgan.
1961-yilda Toshkentdagi Matbaachilar bilim yurtiga oʻqishga kirib, oʻz ijodiy faoliyatini boshladi. Oʻzbekiston xalq artisti Gavharxonim Rahimova va xizmat koʻrsatgan artist Mamadaziz Niyozovning shogirdi sifatida sanʼatda tahsil olgan. 1965-yilda bilim yurtini tamomlagach, Oʻzbek davlat filarmoniyasining ashula va raqs ansambliga ishga qabul qilindi. Shu davrda Toshkent Davlat Universitetining jurnalistika fakultetida oʻqishni boshladi va talabalar ansambli „Dilnavoz“ga rahbarlik qildi.
1972-yilda Oʻzbekiston Radioeshittirish va Televideniesining Musiqali eshittirishlar bosh muharririyatida muharrir sifatida faoliyat boshladi. Bu yerda u Respublika boʻylab havaskorlik jamoalari bilan ishlashda katta rol oʻynadi. Nuriddin Aminjonov yuzlab xonandalarning ijodlarini radio orqali ommaga yetkazib, ularning mashhurlikka erishishiga hissa qoʻshdi.
Sanʼatga Qoʻshgan Hissasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Nuriddin Aminjonov "Tanishing yangi ovozlar, " "Sanʼat saodatimdir, " va „Qoʻshiq orzum mening“ kabi koʻrik-tanlovlarni tashkil etib, yangi isteʼdodlarni kashf qildi. Shuningdek, „Oʻzbekiston kuylagay“ radio festivalini yoʻlga qoʻyib, sanʼatning barcha yoʻnalishlarini targʻib qildi. 1980-yilda u „Xalq ijodiyoti“ boʻlimiga rahbar boʻlib, folklor va baxshichilik sanʼati bilan faol shugʻullandi.
Aminjonov 1982-yilda Oʻzbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasiga va 2008-yilda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga aʼzo boʻldi. Nafaqaga chiqqandan keyin ham u sanʼatkorlar bilan ijodiy hamkorlikni davom ettirdi. U xalq ijodiyoti namunalarini yozib olish va saqlash ishlarini olib borib, oʻz shaxsiy arxivini yaratdi va milliy boylik sifatida saqlamoqda.
Mukofotlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- „O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi“ (2016)
- „Madaniyat va sanʼat fidokori“ (2020)
- „O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi“ (2022)
- „Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni (2023)
- “Turon" fanlar akademiyasining faxriy akademik unvoni (2024)
Bugungi Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Hozirda Nuriddin Aminjonov Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazining „Ustoz-shogird maktabi“da faoliyat koʻrsatmoqda. Bu yerda yosh xonandalarga ashula matnining talaffuzi, adabiy matnlar mazmunini chuqur tushunish, va ijro sanʼatiga oid bilimlarini yetkazishga katta eʼtibor qaratmoqda.
Kitoblari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Nuriddin Aminjonov adabiyot sohasida ham samarali ijod qilib, quyidagi kitoblarni yaratdi:
- Dilhiroj
- Ayla tabassum
- Intizor kutdim
- Armonli dunyo
- Qoʻshiqda koʻraman olamni
- Tuprogʻi zar, suvi gavhar
- Koʻnglimning suvrati
- Sevmay boʻlurmu sizni
- Yillar qoʻshigʻi
- Shukrona
- Umrimiz boqiydir, umrimiz boqiy
- Izhori dil
- Asrlarga yoʻldosh Navoiy
- Qanotli qoʻshiqlar (hammualliflikda)
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Toshkent, 2000-yil