Angor tumani tibbiyot birlashmasi
Angor tumani tibbiyot birlashmasi | |
---|---|
Tibbiy markaz | |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
viloyat | Surxondaryo viloyati |
tuman | Angor tumani |
Asos solingan | 1952-yil |
Ilk eslatilishi | Angor tumani markaziy shifoxonasi |
Angor tumani tibbiyot birlashmasi – Angor tumani markazida joylashgan aholiga koʻp tomonlama tibbiy hizmat koʻrsatish muassasasi. Uning tarkibida Bolalar boʻlimi, Xirurgiya, Terapiya, Tugʻruq boʻlimi, Reanimatsiya, Travmatologiya punkti, Tez tibbiy yordam boʻlimlari, shu bilan birga Laborotoriya, Rentgen boʻlimlari va UZI, EKG, EEG, EGDS kabi diagnostik hizmat koʻrsatish qismlari mavjud. Angor tuman tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi boʻlimlardan tashqari 5 ta OP (Oilaviy poliklinika), 1 ta OSHP va KTMP (Koʻp tarmoqli markaziy poliklinika) tibbiyot hodimlari tuman aholisiga tibbiy hizmat koʻrsatib kelmoqda.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Angor tumani tashkil etilgungacha bu hudud aholisiga Jarqo’rg’on tuman markaziy shifoxonasi tomonidan davolash ishlari olib borilgan. Dastlab tashkil qilingan Angor QVP (Qishloq vrachlik punkti) da bitta vrach, bir nechta feldsherlar mehnat qilgan. 1940-yillarda I. V. Berman, K.Boymatov kabi shifokorlar tibbiyot punktiga rahbarlik qilishgan. 1952-yilda rasman Angor tumaniga asos solingan[1] va bundan bir yil oldin 1951-yil Angor QVP yonida yangi kasalxona binosi qurilishi boshlangan. Tuman tashkil etilgach, aprel oyida eng muhim boʻlimlar va boshqarmalar, shuningdek, sogʻliqni saqlash boʻlimi ham tuzilgan. 1952-yil 16-sentabrda markaziy shifoxonaning bir qavatli binosi qurilib ishga tushirilgan. Shifoxona tarkibida umumiy boʻlim, tugʻruqxona va bolalar boʻlimi joylashgan edi. Tuman markaziy shifoxonasida oʻsha vaqtda ishlagan vrach va hamshiralarning barchasi Respublika markaziy shaharlaridan vaqtinchalik safarbar etilgan, bir necha oy yoki yillar ishlab ketadigan sayyor shifokorlar boʻlishgan. Zarur hollarda Tuman shifoxona rahbarlari oʻzlarida yetishmayotgan mutaxasilarni viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasiga murojaat qilish orqali talab qilib olishgan. 1956-yilda vrach Y. A. Kasabov va terapevt infeksionist V. M. Gulyakova Shoʻrchi tuman sogʻliqni saqlash ixtiyoriga yuborilgan. Safarbar etilgan shifokorlar uchun markaziy shifoxona hovlisida uchta kottej uy qurilgan boʻlib, ular shu yerda yashab turishgan.
Tuman aholisiga markaziy shifoxona va ambulatoriya tomonidan, qishloq aholisiga jamoa xoʻjaliklari, qishloq kengashi qoshidagi FDP (Feldsher-doyalik punktlari) orqali tibbiy hizmat koʻrsatilgan.
1962-yilning dekabr oyida Oʻzbekiston viloyatlar va tumanlarni yiriklashtirish siyosati amalga oshirilgan va shunga koʻra Termiz va Angor tumanlari qoʻshilib Termiz tumani deb atala boshlangan[2].
Ikki tuman qoʻshilishidan vujudga kelgan Termiz tumani markazi oldingi Angor tumani etib belgilandi. Shunga koʻra, Markaziy shifoxona avvalgi ikkala tuman hududi aholisiga tibbiy profilaktik hizmat koʻrsata boshlaydi. Shifokorlarning tibbiy hizmat koʻrsatish doirasi yana 86 kv.km ga kengayadi[3]. Markaziy shifoxona tarkibiga kiruvchi Yangiariq qishlogʻidagi traxonamaga qarshi tibbiy nuqta, Yangiariq qishloq uchastka shifoxonasi, Namuna kalxozidagi Kaptarxona 1, Kaptarxona 2 FDP lari, Uchqizil sogʻlomlashtirish punktlar faoliyat koʻrsatib boshlagan.
Yildan yilga tuman markaziy shifoxonasi yangi boʻlimlar va yangi joriy etilgan hizmatlar hisobiga kengaya boradi. 1965-yilda markaziy shifoxona qoshida TMEK tashkil etildi. Uning birinchi raisi etilib jarroh Juma Hayitovich Choriyev tayinlandii[3]. Shu yili sanitar avtomashinalarga maxsus yozuvlar joriy etildi. Shu yili markaziy shifoxonada 2 ta UAZ-450, GAZ-450, GAZ-51 markali 4 ta tez yordam mashinasi, xonadonga tibbiy yordam koʻrsatuvchi va yuk mashinasi, Zonal shifoxonasida UAZ-450, 2 ta GAZ-51 mashinalari hizmatga qoʻyildii[3].
Markaziy shifoxona, uning tarkibidagi ambulatoriya, qishloq uchastka shifoxonalari, dispanserlar, joylardagi feldsher-doyalik punktlari, sanitariya-epidemiologiya hizmati, markaziy dorixona moddiy-texnika bazasi, ularning hizmat koʻrsatish darajasi yaxshilanib bordi. Shu bilan birga aholiga xirurgik, terapevtik, akusher-ginekologik, sanitariya-epdidemiologiya, pediatriya, stomatologiya, ambulatoriya, rentgen hizmatlari koʻrsatish darajasi oldingi yillarga nisbatan ancha oshdi. Mutaxassislarning qoʻnimsizligi, taqchilligi 70-yillarga kelib biroz barham topdi. Bu davrda shifokorlarning 80%i mahalliy yoshlardan tashkil topgan edi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy kengashi Prezidiumining 1979-yil 4-dekabrdagi Farmoni bilan Angor tumani alohida tuman sifatida yana rasmiylashtirildi[4]. Shunga koʻra Termiz va Angor tumanlari oʻz hududlaridagi tibbiyot muassasalariga oʻzlari rahbarlik qila boshladilar. 1980-yilda fevral oyida tashkiliy-uslubiy boʻlim yoʻriqchisi A.Qoʻchqorov Dushane shahriga borib, markaziy shifoxonaning yangi muhr va tamgʻasini tayyorlatib keladi. Shundan boshlab markaziy shifoxona Angor tuman markaziy shifoxonasi nomi bilan yurtila boshlaydi[5].
Faoliyat yillari
[tahrir | manbasini tahrirlash]1956-1969-yillarda sobiq Lenin nomida jamoa xoʻjaligiga qarashli „Qorasuv“, „Sherjon“, „Vandob“ FDP lar, „Qizil Yulduz“ jamoa xoʻjaligida tugʻruqxona faoliyat yuritib boshlagan.
Qishloq aholisiga yanada malakali tibbiy hizmat koʻrsatish maqsadida qishloq uchastka shifoxonalari ham tashkil etilgan. 1958-yil Tallimaron xoʻjaligida, 1959-yil sobiq Lenin nomli kolxozda 25 oʻrinli qishloq uchastkasi qurilib ishga tushirilgan.
1960-yilga kelib Angorlik shifokorlar 2689 nafar bemorni davolash, 12,5 ming kishiga ambulatoriya hizmati koʻrsatish va 16000 dan ortiq aholini emlashga erishadilar.
1961-1962-yillar tuman tibbiyot birlashmasida bir qator ahamiyatli ishlar amalga oshirildi. Yangi tibbiyot muassasalari safi kengaytirildi. Bu davrda qoʻshni chegaradosh davlat Avgʻonistonda vabo kasalligi tarqaldi va bu Angor tuman aholisiga ham havf soldi. Shu sabab 1961-yilning fevral oyida Angor tuman ambulatoriyasida 35 oʻrinli gospital tashkil qilindi. Gospital boshligʻi sanitar-epidemiologiya boʻlimi boʻyicha bosh vrach muovini A.Kopilsov tayinlandi.
Bundan tashqari shu yillarda yana aholi oʻrtasida traxoma (koʻz kasalligi) tarqaldi va bu uchun alohida Tallimaron xoʻjaligi 5-boʻlimda traxomaga qarshi dispenser tashkil etildi. Dispanserga feldsher Bozor Abdurasulov mudir etib tayinlandi.
Markaziy shifoxonada tashkiliy-uslubiy ishlarni olib borish 1965-yildan faoliyatni boshlagan. 1967-1970-yillarda infeksionist vrach A. S. Maleyeva, 1970-1984-yillarda infesksionist E. T. Toʻrayev tashkiliy-uslubiy ishlarni olib borgan. Keyingi yillarda ushbu hizmat uchun muovinlik vazifasi joriy etilgan. Pediatr vrach A.Sh. Qudratov, keyinchalik Abduqodir Begmatovich Joʻraboyev bosh vrachning tashkiliy ishlar boʻyicha muovini lavozimida ishlagan[5].
Onalik va bolalikni muhofaza qilish boʻyicha 1975-1977-yillarda M.Sh. Tuxvatulina, 1978-1980-yillarda R. I. Yaxin, 1980-1984-yillardan 1990-2003-yillarda pediatr B. T. Qalandarovlar muovin vazifasini bajarib kelgan. Surxondaryo viloyati bolalar shifoxonasi jarrohlik boʻlimini 1990-yildan buyon boshqarib kelayotgan shifokor Abdukarim Normurodovich Otamurodov sogʻliqni saqlash boshqarmasi buyrugi boʻyicha 2004-yilda tuman markaziy shifoxonasi bosh vrachi lavozimiga tayinlangan[6].
1963-yildan boshlab mahalliy aholisi orasidan dastlabki oliy maʼlumotli vrachlar yetishib chiqdi. 1966-Yilning oʻzida Termiz va qarshi oʻrta tibbbiyot bilim yurtlarini tugatgan Q.Zoirov, S.Jabborova, E.Mamirov, X.Erdonov, S.Xayitova, X.Bekmurodova, A.Toʻlaganov, X.Erdonayev, N.Nasriddinova kabi feldsherlar, doyalar ishga joylashdilar.
1969-yilning iyul oyida markaziy shifoxona bosh vrachi Sh. Bozorboyev oʻrniga Juma Xayitovich Choriyev tayinlandi va shifoxonaga 13 yil rahbarlik qiladi.
1973-yil markaziy shifoxonada mehnat qilayotgan oliy toifali vrachlar soni 62 nafarni tashkil etgan. Ulardan 21 nafari ayollardan iborat edi. Bu davrda Respublikada qishloq tibbiyot muassasalari ishini yanada takomillashtirish va qayta qurish borasida yangi qarorlar qabul qilinadi. Bunga koʻra 25-35 oʻrinli qishloq uchastka shifoxonalari tugatilib, ular oʻrniga Qishloq vrachlik ambulatoriyalari (QVA) tashkil etilgan. Termiz tumanining oʻzida Uchqizil, Tallimaron, Kommunizm jamoa xoʻjaliklari QVA lari, Keyinchalik Kuybishev, Kalinin, Yangiobod, Qizil Yulduz QVA lari tashkillashtirilgan.
1990-yilda Angor tuman markaziy shifoxonasida mehnat qilayotgan oliy maʼlumotli vrachlar soni 128 nafarga, 1992-yilda 136 nafarga yetgan[5].
2004-yilda Surxondaryo viloyati bolalar shifoxonasi jarrohlik boʻlimini 2009-yildan buyon boshqarib kelayotgan A. N. Otamurodov sogʻliwni saqlash boshqarmasi buyrugʻi bilan tuman markaziy shifoxonasi bosh vrachi lavozimiga tayinlandi.
Bu davrda koʻplab bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Jumladan, Boʻlimlar joylashgan binolar, ShTTY (Shoshilinch tez tibbiy yordam) boʻlimi qayta tamirlandi, Bolalar boʻlimi yangi binoga koʻchirildi. Tugʻruqxona boʻlimi qayta yangi qurildi. DOTS xonasi tashkil etilib zarur jihozlar bilan taʼminlandi. Tarqoq holda joylashgan 2 ta bolalar boʻlimi, 3 ta terapiya boʻlimi ixchamlashtirilib, bitta bolalar va 2 ta terapiya boʻlimlari tashkil qilindi. Tez tibbiy yordam va qabul boʻlimlari qayta tamirlandi. „Damas“ rusumidagi tez yordam mashinalari hizmatga topshirildi, ratsiyalar bilan taʼminlandi.
Foydalanilgan tez tibbiy yordam mashinalari
[tahrir | manbasini tahrirlash]UAZ-650 (1961)
GAZ-450 (1964)
GAZ-51 (1964)
„Moskvich“ tez yordam mashinasi (1964)
Angor tuman tibbiyot birlashmasi bosh vrachlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]F. I. Sh | Faoliyat yillari | Mutaxassisligi |
---|---|---|
N. B. Sklyadneva | 1952-yil | Stomatolog |
A. Bogatov | 1952-yil | Terapevt |
T. G. Arutyunov | 1952—1953-yillar | Stomatolog |
S. I. Levin | 1953—1957-yillar | Jarroh |
A. A. Axrorov | 1957-yil | Rentgenolog |
Sh. I. Bozorboyev | 1958—1959-yillar | Jarroh |
S. I. Levin | 1959—1960-yillar | Jarroh |
A. A. Axrorov | 1960—1961-yillar | Rentgenolog |
M. P. Poʻlatov | 1961—1962-yillar | |
Sh. I.Bozorboyev | 1962—1969-yillar | Jarroh |
J. X. Choriyev | 1969—1982-yillar | |
E. V. Vositov | 1982—2002-yillar | Jarroh |
N. A. Ashurov | 2002—2004-yillar | |
A. N. Otamurodov | 2004 | Jarroh |
Foydalanilgan adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]1. Angor tuman markaziy shifoxonasi 55 yoshda, A.Otamurodov, R.Eshmurodov. Angor tuman markaziy shifoxonasi 55 yoshda, 2007.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Angor tumani 1952-yil 16-aprelda tashkil tashkil etilgan edi“.
- ↑ „Angor tumani — Surxondaryo viloyatning tumani. 1952 yil 16 aprelda tashkil etilgan. 1962 yil 24 dekabrda Termiz tumaniga birlashtirilgan“ (2000-yil). 2023-yil 10-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 9-avgust.
- ↑ 3,0 3,1 3,2 3,3 A.Otamurodov, R.Eshmurodov. Angor tuman markaziy shifoxonasi 55 yoshda, Qaraldi: 2023-yil 9-avgust, 13-bet, Yangi asr avlodi, 2007 — 157-bet.
- ↑ „Hozirgi Angor tumani 1979 yil dekabr oyida tashkil etilgan“ (2022-yil).
- ↑ 5,0 5,1 5,2 A.Otamurodov, R.Eshmurodov. Angor tuman markaziy shifoxonasi 55 yoshda. Yangi asr avlodi — 2007-bet.
- ↑ A.Otamurodov, R.Eshmurodov. Angor tuman markaziy shifoxonasi 55 yoshda, Qaraldi: 2023-yil, 9-avgust, 19-bet, Yangi asr avlodi, 2007.
- ↑ A.Otamurodov, R.Eshmurodov. Angor tuman markaziy shifoxonasi 55 yoshda, Qaraldi: 2023-yil, 9-avgust, 20-bet, Yangi asr avlodi, 2007.