Angren tangaoʻti
Angren tangao‘ti | |
---|---|
Ilmiy tasniflash | |
Olam: | Eukariotlar |
Tip: | Yuksak oʻsimliklar |
Sinf: | Ikki urugʻpallalilar |
Turkum: | Tangao‘t |
Oila: | Burchoqdoshlar |
Binar nomi | |
Hedysarum angrenicum |
Angren tangaoʻti (lotincha: Hedysarum angrenicum) – ikki urugʻpallalilar sinfi, burchoqdoshlar oilasi, tangaoʻt turkumiga mansub koʻp yillik gulli oʻsimlik. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Toshkent viloyati Chatqol tizmasi va Ohangaron daryosi vodiysida uchraydi[1].
Tavsifi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Balandligi 20 sm gacha yetadigan koʻp yillik oʻt oʻsimlik. Oʻq ildiz sistemasiga ega. Poyasi juda qisqa yoki yoʻq boʻlib ketgan. Yer ustki qismini qishda sovuq urib ketadi. Barglari murakkab, ketma ket joylashgan, yashil, uzunligi 10-16 sm, bargchalari 3-4 juft, choʻziq aylana shaklida, ustki tomonining sirti qalinroq, ostki tomoni siyrak tuk bilan qoplangan. Gullari ikki jinsli, boshsimon toʻpgulda yigʻilgan. Toʻpgulining uzunligi 16-18 sm. Gultojibarglari pushti yoki och qizil tusda. Gulkosachabarglari yashil, uzun tuklar bilan qoplangan. Hasharotlar yordamida changlanadi. Iyun oyida gullab mevasi iyul avgustda pishib yetiladi. Mevasi quruq dukkak meva, qobigʻi yupqa pardasimon. Dukkagi tuksiz bir ikki baʼzan uch boʻgʻismli boʻlishi mumkin. Urugʻi orqali koʻpayadi.
Tarqalishi va oʻsish sharoiti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tabiatda juda kam tarqalgan, yakka yakka holatda oʻsadi. Toshkent viloyati Chatqol tizmasi va Ohangaron daryosi vodiysida uchraydi. Togʻlarning oʻrta qismidagi shimoliy yonbagʻirlarida, toshli tuproqlarda uchratish mumkin. Chorva mollarining koʻplab boqilishi natijasida oʻsoʻmlik ning urugʻ berish foizi kamayib ketgan. Ugom-chatqol davlat tabiat milliy bogʻi hududida muhofaza ostiga olingan[2].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Hedysarum angrenicum“.
- ↑ O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.