Anov madaniyati
Anov madaniyati — Ashxobod yaqinidagi Anov qishlogʻi atrofida joylashgan ilk eneolit va soʻnggi jez davrlariga oid qadimgi dehqonchilik manzilgohlari va shahar harobalari. Eneolit va jez davri manzilgohlari saqlanib qolgan shimoliy va jan. Anov te-paliklari ayniqsa dunyoga mashhur. Anov madaniyati ni dastlab amerikalik geolog R. Pompelli va angliyalik arxeolog Shmidt tekshirgan. Anov madaniyati qatlamlaridan xom gʻishtdan qurilgan binolar qoldiqlari, turli mis buyum va zeb-ziynatlar, tosh yorgʻuchoqlar, sirtiga rang-barang naqshlar ishlangan sopol idishlar hamda jamiki borliqni vujudga keltiruvchi qudrat timsoli hisoblangan ayol haykalchalari topilgan. Arxeologik qazishlar va aerofoto suratlar eneolit davridayoq Oʻrta Osiyo hududida eng ilk sugʻorish inshootlari barpo boʻlganligini koʻrsatadi. Eneolitdan jez davriga oʻtish bosqichida sopol buyumlarga naqsh ishlash bilan birga inson va hayvonlar shaklini ham chizish keng tus olgan. Anov madaniyati yodgorliklarini boshqa mintaqa topilmalari bilan qiyosiy oʻrganilishi natijasida jez davrida, mil. av. 3-2 ming yillik oxirida Oʻrta Osiyo janubida ilk shahar madaniyati, qadimgi Sharq tipidagi mahalliy madaniyat vujudga kelgan deb hisoblanadi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |