Kontent qismiga oʻtish

Antara ibn Shaddod

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Islomgacha bo‘lgan badaviy shoirlar qatorida jangchi-shoir, qahramon, shaxsi afsonalarga burkangan Antara ibn Shaddod (VI–VII asrlar) alohida o‘rin tutadi. Uning shaxsi O‘rta asrlar arablarini katta qahramonona qasida yaratishga ilhomlantirgan.

Antara abs qabilasining taniqli askari va habash kanizakning o‘g‘li bo‘lgan. Qabila qonunlariga muvofiq u, kanizakning o‘g‘li sifatida, qul hisoblangan va poda boqishi kerak bo‘lgan. Biroq absiylar tay qabilasi bilan urushayotgan davrda Antara katta jasorat ko‘rsatib, qullikdan ozod qilingan va teng huquqli askarga, keyinchalik esa harbiy sarkardaga aylangan edi. Ammo g‘alabalar shoirni qabiladoshlarning nafratidan qutqarmadi. Antara unga sobiq asir (qul) sifatida amakivachchasi go‘zal Abla unga nisbatan nafrat bilan munosabatda bo‘lishidan ayniqsa ko‘p aziyat chekardi.

Antara – asosan lirik shoir. She’rlarining asosiy mazmuni – Ablaga bo‘lgan javobsiz muhabbatdan azob chekish, qabiladoshlarining adolatsiz munosabatidan g‘ussa va alamga botishdir. Antara she’rlarining aksariyati o‘z jasoratlarini maqtashga va shoir butun umr sodiq bo‘lib qolgan Ablaning go‘zalligini tavsiflashga bag‘ishlangan:

Shoirlar kuylash mumkin bo’lgan biror narsa qoldimikan,

Nahotki sen, ba’zi shubhalardan keyin, mahbubam uyini tanimading?

O al-Javadagi Ablaning uyi, gapir

Tongda xotirjam bo’lgin, o Ablaning uyi, tinch bo’l.

Antaraning asosiy asari, rivoyatlariga ko‘ra «Daxis va al-Gabra urushi» davrida kelib chiqishi tufayli Antaraning ustidan kulgan qabiladoshi bo‘lgan jangchiga javob sifatida yozilgan muallaqa edi. An’anaga ko‘ra, Antara muallaqani bir vaqtlar Abla yashagan qo‘noq izlarini ko‘rganda his etgan tuyg‘ulari haqida hikoya qilishdan boshlaydi... So‘ngra shoir Ablaning go‘zalligini ta’riflaydi va unga bo‘lgan muhabbati haqida hikoya qiladi. Ko‘rib turganimizdek shoir sezilar-sezilmas tarzda an’anaviy tartibdan chekinadi. So‘ngra, go‘yo esiga tushib qolgandek, ushbu mavzuga qaytadi va mashuqasi minib borayotgan tuyani ta’riflashga o‘tadi. SHu yerda tuyani tasodifan tuyaqush bilan qiyoslash shoirning tezyurar qushni tavsiflash uchun yana chalg‘ishiga sabab bo‘ladi. Shoir muallaqani o‘zining badaviy xislatlarini maqtash va jangovar g‘alabalarini tavsiflash bilan yakunlaydi:

Jangni ko’rgan har qanday odam senga xabar beradi,

Men qo'qqisdan jangga kiraman, biroq u yerda o’zimni o’ljadan tutib turaman.

Antaraning shoirona nutqi nihoyatda ifodalidir. So‘zlarini o‘ziga xos tarzda tanlash, joylashtirish va tovush uyg‘unligi tufayli Antara ajoyib badiiy effektga erishgan. Mahbubasi Ablani tavsiflashda uning nutqi nazokat va malohatga to‘liq, tuyani ifodalashda yugurib ketayotgan hayvon dupuri, jang manzaralarida – qurolning sharaqlashi eshitiladi va hokazo. Islomgacha bo‘lgan barcha boshqa shoirlar singari Antaraning deyarli hamma tavsiflari nihoyatda aniqligi bilan ajralib turadi. Faqat dushman kuchi haqida so‘z yuritgandagina, Antara o‘z qadr-qimmatini sharaflash uchun bir qadar bo‘rttirishga yo‘l qo‘ygan.

Antaraning hayoti va qahramonliklarini tavsiflashga o‘rta asr arab adabiyotida jild-jild kitoblar bag‘ishlangan. Afsonalarda Antara yengilmas jangchi va mard askar, mazlumlar himoyachisi, ezgulik va axloqiy poklik sohibi sifatida tasvirlanadi. VI–VII asrlardagi arablar uchun jozibali bo‘lgan ideal badaviy jangchi obrazi keyinchalik badaviy an’analar va badaviylar axloqi prinsiplaridan butunlay uzilish davrida arablar doimo murojaat etgan qandaydir romantik idealga aylangan.

[1]

  1. Ziyavuddinova, Muhlisa. MUMTOZ ARAB ADABIYOTI, TDSHI, Toshkent: TDSHI, 2011-yil — 219-bet.