Kontent qismiga oʻtish

Aragorn

Vikipediya, erkin ensiklopediya
"Uzuklar hukmdori" muxlislari tomonidan chizilgan Aragorn fan-tasviri

AragornJ. R. R. Tolkien qalamiga mansub "Uzuklar hukmdori" romanining bosh qahramonlaridan biri sanaladi. U iztoparlarning soʻnggi yoʻlboshchisi va Qayta birlashgan Qirollikning birinchi qiroli, Elendil (Isildur tomondan) qirollik sulolasining shimoliy ildizi boʻylab toʻgʻridan-toʻgʻri vorisidir. U Numenorliklarning soʻnggi vakillaridan biri sanaladi.

Ism va taxalluslari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Aragorn sindarin tilida "hurmatli shoh" ma'nosini anglatadi.
  • Daydi / Tezyurar / Darbadar (inglizcha: Strider) – Aragorn iztoparlar yoʻlboshchisi boʻlgan vaqtda unga Shimoliy Oʻrtayer xalqi tomonidan berilgan taxallus.
  • Dunadan (Dúnadan) – Aragornning yana bir taxallusi. Uni Rivendellda shunday atashgan. Dunedayn (sindarin tilida dúnedain, elflar tilidan tarjimada – "gʻarblik odamlar") – numenorliklar avlodi.
  • Telkontar (Telcontar) – Arnor va Gondor qirolliklar birlashuvidan soʻng Aragorn (Elessar) tomonidan oʻzining hukmron xonadoniga bergan nomi. Kvenya tilida bu "piyoda kezuvchi" ma'nosini bildiradi.
  • Torongil (Thorongil) – Aragorn tomonidan Uchinchi Davrning 2957-yilidan 2980-yiligacha ishlatilgan nom. Bu davr oraligʻida u Rohan va Gondor qoʻshinlarida yashirin xizmat qilgan. Bu ism Yulduz Burguti ma'nosini anglatadi. U Gondorning vaqtinchalik taxt egasi Ektelionning yaqin doʻsti boʻlgan va Aragorn boshliq Gondor qoʻshinlari Umbar qaroqchilariga qarshi shiddatli jang olib borgan. Gʻalabadan soʻng Aragorn Gondorga qaytib bormagan.
  • Elessar – Aragornning ikkinchi ismi va kvenya tilidan tarjima qilganda "elf toshi (qimmatbaho)" ma'nosini bildiradi. Bu ism unga Lorienda Galadriel tomonidan berilgan; Galadriel unga shu nomdagi sehrli toshni ham hadya etgan. Keyinchalik Aragornning nomini bilmagan gondorliklar uni Elessar yoki Edelharn shaklida chaqirishgan.
  • Envinyatar – kvenya tilidan "Yangilovchi" ma'nosini bildiradi va Aragorn toj kiygach, qabul qilgan nom.
  • Estel – bu ism Aragornga bolalik davrida Elrond tomonidan berilgan ismdir. Yigirma yoshgacha, oʻzining asl nomini bilguncha uni shunday atashgan. Elflar tilidan tarjima qilinganda, "umid" ma'nosini anglatadi. Bu Aragornning Oʻrtayer taqdiridagi ahamiyatiga ishora hamdir.

Tavallud va yoshlik

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Aragorn II (ajdodi Aragorn I sharafiga nomlangan) – Aratorn II va Gilraenning oʻgʻli, Uchinchi Davr 2931-yil 1-martida tugʻilgan. Uchinchi Davrning 2951-yilidan – dunedaynlarning 16- va soʻnggi yoʻlboshchisi. Aragorn II Isildurning toʻgʻridan-toʻgʻri 39-avlodi, Shimol dunedaynlari yoʻlboshchisi, Uzuk Jangidan soʻng esa Gondor va Arnorning Qayta birlashgan Qirolligi qiroli. Elrondning qizi Arvenning turmush oʻrtogʻi, Eldarion va bir necha qizlarning otasi.

Aragorn ikki yoshdaligida otasi orklar bilan jangda halok boʻladi. Aragorn Rivendellda Elrondning tarbiyasini oladi. Onasining iltimosiga koʻra uning nasl-nasabi sir saqlanadi, chunki uning Elendil avlodi va Isildur vorisi ekanligi ma'lum boʻlsa, u ham otasi va bobosi kabi halok boʻlishi mumkin edi. Shu sababli, u voyaga yetguniga qadar, Estel nomi bilan atab kelingan.

Aragornning Uzuk Jangiga qadar darbadarligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Uchinchi Davrning 2956-yilida Aragorn Gandalf bilan uchrashadi va uning doʻstiga aylanadi.

2957 – 2980-yillarda Aragorn Torongil nomi bilan Rohan qiroli Tengel (qirol Teodenning otasi) va Gondor taxtining vaqtincha egasi Ektelion II (Denetorning otasi) qoʻshinida yashirincha xizmat qiladi. Aragorn Sauron va uning ittifoqdoshlari tomonidan kuchayib borayotgan xavfga qarshi kurashishga harakat qildi va bu Gʻarb himoyachilarining jagovar ruhi koʻtarilishiga sabab boʻldi. Uzuk Jangida asqotgan harbiy tajribasini ushbu janglarda orttirdi. 2980-yilda Gondor kemalarining kichik eskadrasi bilan qaroqchilar tomonidan egallab olingan Umbar shaharchasini ozod etishga ahd qildi. Umbardagi gʻalabadan soʻng Torongil qoʻshinni tark etib, yakka oʻzi Sharqqa, Mordor tomonga yoʻl oldi.

2980-yildayoq Lorienga bordi va Arven bilan yana uchrashdi. Kerin Amrot tepaligida Galadrielning duolari bilan Arvenga unashtirildi. Aragorn unga oʻz xonadoni timsoli – Barahir uzugini sovgʻa qildi. Uzuk Ittifoqining elflar mehmonida boʻlgan vaqtida Aragorn yangi – Elessar ismini oldi. Qizini qaytib koʻrmaslikdan qoʻrqqan Elrond Aragornga nikoh uchun shart qoʻyadi: Aragorn Arnor va Gondor qiroli boʻlgan taqdirdagina u bunga rozilik beradi.

Uchinchi Davrning 3000-yilidan soʻng, Gandalfning iltimosiga binoan, iztoparlar bilan birga Shir qishlogʻini – tinch hobbitlar makonini qoʻriqlaydi. Shir chegaralari atrofida Aragorn Darbadar taxallusi bilan taniladi. 3001-yildan boshlab, Gandalfga Gollumni topishda yordam beradi, biroq bu harakat omadsiz yakunlanadi. 3017-yilda esa Mordordan shimolroqda, Oʻlik Botqoqlarda Gollumni topadi, bu Uzuk tarixini aniqroq oʻrganishda yordam beradi.

Rivendellda Bilbo Baggins bilan tanishadi va she'r yozishni oʻrganadi. Bilbo Bagginsning oʻzi Aragornning tarixidan xabar topib, unga she'r bagʻishlaydi:

Asl oltinda boʻlmas jilo;

Har darbadar unutilmas aslo;

Har kim ham ojizlanmas yillar zarbidan –

Ildizlarin zamin asraydi tubdan.

Kul yana olovga aylanur albat,

Nur porlar, atrof boʻlsa-da zulmat

Xanjar kaftga qaytadi mahkam,

Qirol boshiga qaytadi toj ham.

"Uzuklar hukmdori" romanidagi voqealargacha Aragorn gnomlarning yerosti qirolligi – Moriyada va Haradda (uning soʻzlariga koʻra u yerlarda "yulduzlar boshqacha nur sochadi") boʻladi. Tolkien bu sarguzashtlar qachon roʻy berganini aniqlashtirmagan.

Aragorn 20 yoshida oʻzining asl ismini va shajarasini Elronddan bilib oladi. Elrond unga Barahir Uzugi va Narsil boʻlaklarini beradi. Aragorn "hali vaqt kelmagani"ni aytib, Annuminas asosidan voz kechadi. Shu yili Aragorn Elrondning 2700 yoshli qizi Arvenni koʻrib, sevib qoladi. Soʻng Aragorn Rivendellni tark etib, Sauronning xizmatkorlari bilan jangga kirishadi va dunedaynlarning 16-yoʻlboshchisiga aylanadi.

Uzuk Jangida ishtiroki va taxtga chiqishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Aragorn Rohandagi Helm pastligidagi jangda va Gondor yerlarining qaroqchilardan xalos etilishida qatnashadi. Gandalfdan Izengard palantirini olib, Sauronning jodu qudratiga qarshi tura olgan ilk odamlardan biriga aylanadi va palantirni nazorat qilishni boshlaydi. Oʻliklar qoʻshinini janubga boshlab, umbarliklar flotini ozod etadi hamda janubiy provinsiyalardan qoʻshin toʻplaydi. Pelennor dalalarida Sauron qoʻshini bilan jang taqdirini oʻz qoʻshinlarini Qora Darvozalarga yetaklab, kutilmagan hujum bilan hal etadi.

Uchinchi Davrning 3019-yil 1-mayidan – Arnor va Gondorning Qayta birlashgan Qirolligi qiroli Aragorn II Elessarga sifatida taxtga koʻtariladi. Shu vaqtning oʻzida Arven bilan nikohlanadi va birga 120 yil umr kechiradi.

Toʻrtinchi Davrning 120-yilida vafot etadi, uning tanasi Minas Anorga (sobiq Minas Tirit) dafn etiladi. Vafotidan soʻng Qayta birlashgan Qirollik taxtiga uning oʻgʻli Eldarion oʻtiradi.

Uchinchi Davrning 3018 – 3019-yillarida Aragorn Uzuk Jangida qatnashadi. 3018-yilda Uzuk Birodarligi a'zosiga aylanadi. Gandalfning Kazad-Dum ustidagi koʻprikdan qulashidan soʻng boʻlinmaga oʻzi boshchilik qiladi. Boʻlinmani Reros Sharsharalarigacha olib boradi va Boromirni Frodo bilan yolgʻiz qoldirib, kechirilmas xatoga yoʻl qoʻyadi. Boromirning tazyiqlaridan qoʻrqqan Frodo uzukni taqib, koʻzdan gʻoyib boʻladi va Uzuk Birodarligi boʻlinib ketadi. Frodo ortidan ketgan Aragorn orklar hujumini, Boromirning soʻnggi jangi va hobbitlar Peregrin va Meriadoklarning asirga tushishini oʻtkazib yuboradi. Boromirni dafn etgach, Aragorn Gimli va Legolas bilan birga asirdagi hobbitlarni ozod qilish uchun yoʻlga chiqadilar. Uchlik orklar ortidan yoʻlda Balrog bilan jangdan soʻng qayta tirilgan Gandalfni uchratadi.

Aragorn ta'rifi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tolkien Aragorn haqida qisqa, lekin aniq ta'rifni "Uzuk Birodarligi"da keltirib oʻtadi: qotmadan kelgan, baland boʻyli, oq oralagan qora sochli, jiddiy oq yuzli, kulrang koʻzli. "Uzuklar hukmdori"ga ilova qilingan "Aragorn va Arven haqida doston"da Tolkien uning odatda ayanchli va qora xarakteri, biroq ba'zan kutilmagan quvonch onlari haqida yozgan. Kitob chiqqach, Tolkien Aragornning boʻyi kamida 6 fut 6 dyuymni (198 sm) tashkil etishini yozgan[1].

Rivendellda Elrond nazorati ostidagi tarbiyasi tufayli Aragorn elflar donishmandligini oʻrgandi. Shuningdek, tabobatda mohirlikka erishdi. U, masalan, atselas bilan ("qirol yaprogʻi" nomi bilan ham mashhur) davolashni bilgan. Pelennor Dalalaridagi jangdan soʻng Eomer va Imrahil uning jang mahoratini e'tirof etib, Aragorn bilan jang markazida boʻla turib, jarohatlanmasdan chiqib ketish mumkinligini aytadi. Isildurning avlodi sifatida Aragorn yetuk kurashuvchanlik ruhi va Sauron nazoratidan Orthank palantirini chiqarib olish mahoratiga ega boʻlgan.

Peter Jacksonning "Uzuklar hukmdori" trilogiyasida Aragorn rolini ijro etgan aktyor Viggo Mortensen

Aragorn obrazi zamonaviy san'atda

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Peter Jackson kinotrilogiyasida Aragon rolini Viggo Mortensen ijro etgan. Mortensen ijrosidagi obraz kitobdagi bilan deyarli bir xil mos keladi. Faqatgina Tolkien kitobda Aragornning yagona quroli Anduril qilichi boʻlganini yozadi. Filmda esa Aragorn kamon va xanjardan foydalangan sahnalar ham mavjud. Shuningdek, kitobda Aragornning baland boʻyli ekanligi tilga olinadi, filmda esa u oʻrtacha boʻyli odamdan biroz balandroq. Ushbu rolga nomzodlar orasida Russel Crowe, Daniel Day-Lewis va Stuard Townsend ham boʻlgan[2].
  • "Umidning tugʻilishi" muxlislar filmida Aragorn rolini Luke Johnston ijro etgan[3].
  • "Gollum ovi" filmida Elessar rolini Adrian Webster ijro etgan[4].
  • Peter Jacksonning. "Hobbit: Besh lashkar jangi" filmida Tranduil oʻgʻli Legolasga Aragornni topishni maslahat beradi.
  • UGO Networks sayti Aragornni barcha davrlarning eng yaxshi toʻqima qahramonlari roʻyxatiga kiritgan[5].
  • Empire jurnali Aragorn personajini "Barcha davrlarning eng yaxshi kinoqahramonlari" roʻyxatida 15-oʻringa loyiq topgan[6].
  1. The Lord of the Rings: A Reader’s Companion: «The Ring Goes South», p. 272
  2. Nathan Ian. Anything You Can Imagine: Peter Jackson and the Making of Middle Earth. — HarperCollins, 2018. — B. 328-345. — ISBN 978-0008192501.
  3. Lamont, Tom. Born of Hope – and a lot of charity, The Guardian (7 March 2010)
  4. http://www.popmatters.com/post/124307-the-hunt-for-gollum/
  5. „arxiv nusxasi“. 2012-yil 25-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 15-avgust.
  6. http://www.empireonline.com/100-greatest-movie-characters/default.asp?c=31