Artrit
Artrit | |
---|---|
KXK-10 | M00-M25 |
KXK-9 | 710-719 |
MedlinePlus | 001243 |
eMedicine | topic list |
Artrit (yun. arthron – boʻgʻim, itis – yalligʻlanish) – boʻgʻimlarning yalligʻlanishi. Asosiy kasallik (mas, spondiloartrit) yoki boshqa kasallik (mas, revmatizm) belgisi boʻlishi mumkin: bir (monoartrit) yoki bir necha boʻgʻim (poliartrit) zararlanadi. Infeksiya (tif, paratif, sil, brutsellyoz va boshqalar), moddalar almashinuvining buzilishi, lat yeyish, surunkali kasalliklar (murtak bezlari, oʻrta quloq, burun yondosh boʻshliqlarining yalligʻlanishi, kasallangan tishlar) va boshqa sabab boʻladi. Intoksikatsiya (zaharlanish), sovqotish, odam organizmida mikroblarga qarshilik koʻrsatish qobiliyatining susayishi natijasida ham Artrit roʻy beradi. Oʻtkir, surunkali, allergik, yuqumli, revmatik (poliartrit), ekssudatli va boshqa Artritlar farq qilinadi. Artritlarda boʻgʻimlar ogʻriydi, qizarib shishadi, shakli oʻzgaradi va harakati cheklanadi; yalligʻlangan boʻgʻim sohasida suyuqlik (ekssudat) yigʻiladi. Bemor darmonsizlanadi, harorati koʻtariladi. Kasallik endi boshlanayotganda davo (dori-darmon, davo fizkulturasi, massaj) qilinsa, bemor tezda sogʻayib ketadi[1].
Etiologiyasi va patogenezi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yiringli artritga koʻproq stafilokokk, kamroq streptokokk va pnevmokok, enterobakteriyalar sabab boiadi. Infeksiya boʻgʻim boʻshligʻiga yonginasida boʻlgan yiringli oʻchoqdan
(osteomiyelit, teri osti flegmonasi yuz berganda) toʻgʻridan-toʻgʻri oʻtishi mumkin; sepsis yoki oʻtkir tromboflebit holatlarida esa u boʻgʻim boʻshligʻiga gematogen yoʻl bilan tushadi. Kamdan-kam hollarda boʻgʻimlarning oʻtkir yalligʻlanish kasalliklariga spesifik infeksiyalar (gonokokk, ich terlama tayoqchasi) sabab boʻlishi mumkin. Patologik-anatomik manzarasi. Jarayonning rivojlanish bosqichlariga koʻra seroz, fibrinoz va yiringli artritlar farqlanadi. Yalligʻlanish jarayoni natijasida boʻgʻim xaltachasida tez orada ekssudat yigʻiladi, giperemiya,
shish va toʻqimalarning infiltratsiyasi yuz beradi. Odatda jarayon faqat sinovial pardalar bilangina cheklanib qolmay, balki boʻgʻim xaltachasining hammasini qamrab oladi, boʻgʻim kapsulasi flegmonasi rivojlanadi. Yalligʻlanish boʻgʻim atrofidagi boshqa toʻqimalarga ham oʻtadi. Kasallik oʻtkazib yuborilgan hollarda boʻgʻim tuzilishi butunlay buziladi, koʻp miqdordagi yiringli oqmalar paydo boʻladi va yiringli jarayon boʻgʻimning suyak sathiga oʻtadi.
Klinik manzarasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yiringli artrit ogʻir oʻtadi. Koʻproq unga tizza (gonit), tos suyagi bilan son suyagini tutashtiruvchi (koksit), yelka va boldir suyagi bilan tovon suyagini biriktiruvchi boʻgʻimlar duchor boʻladi, bemor harakatlari birdan cheklanib, ogʻriq berayotgan boʻgʻimdan noliydi. Kasallangan oyoq yoki qoʻl yarim bukilgan boʻladi, mazkur boʻgʻim hajmi kattalashgan, terisi tarang tortilib, silliqlashgan boʻladi, shish yaqqol sezilib turadi. Kasallangan boʻgʻimli qoʻl yoki oyoqning harorati koʻtariladi, baʼzan flyuktuatsiya borligi aniqlanadi. Agar kasallik qoʻzgʻatuvchining virulentligi oʻrtacha boʻlsa, ekssudat shimilib ketishi va sogʻayish boshlanishi mumkin. Koʻpincha yalligʻlanish rivojlanib boradi, yiring boʻgʻim kapsulasini yorib chiqqan hollarda esa, boʻgʻim atrofi flegmonasi paydo boiadi, boʻgʻimning boylam apparati va togʻay toʻqimasi yemirilganda boʻgʻimda patologik harakatchanlik hamda boʻgʻim suyaklari sathi qotib qolishi (kontraktura) paydo boʻladi. Bunday asoratlar boʻgʻim harakati cheklanishi va ankiloz yuz berishi bilan birga kechadi. Kamdan-kam hollarda yalligʻlanish jarayoni umumiy yiring infeksiyasi bilan murakkablashadi. Suyakning boʻgʻimdan yarmi yoki toʻlaligicha chiqib qolishi, deformatsiyalangan artrozlar, ekzostozlar, boʻgʻimlarning ankilozlari – yiringli artrit oqibatlari hisoblanadi.
Differensial diagnozi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Boʻgʻimlarning yiringli yalligʻlanishini teri osti kletchatkasi abssessidan, teri osti flegmonasidan, oʻtkir osteomiyelitdan, boʻgʻim xaltasi shilliq pardasining yalligʻlanishidan, suyak silidan, suyak sarkomasidan, shuningdek, revmatik, yuqumli va posttravmatik artritdan farqlash lozim.
Davosi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Eng avvalo kasallangan qoʻl yoki oyoqni immobilizatsiya qilish zarur. Issiq muolajalar, ogʻriq qoldiradigan moddalar qoʻllanadi. Boʻgʻim punksiyasi va uning boʻshligʻiga antibiotiklar yuborish katta ahamiyatga ega. Boʻgʻim sinovial tuzilmalarining seroz yalligʻlanishi roʻy bergan hollarda bemorning sogʻayib ketishiga erishish mumkin. Punksiya ketma-ket bir necha kim davomida takrorlanadi. Bemorning ahvoli ogʻirlashgan hamda yiringli artrit avj olganda boʻgʻim boʻshligʻi ochiladi („artrotomia“), keng kesishlar qilinib, boʻgʻim boʻshligʻi antiseptik eritmalar va antibiotiklar bilan tozalanadi, ikki boʻshliqli polixlorvinil naychalar yordamida drenaj qilinadi. Davolashning umumiy qabul qilingan metodlari, shuningdek,
antibiotikoterapiyani, qon va qon oʻrnini bosadigan suyuqliklarni qoʻyishni, oksigenoterapiyani, yaxshi ovqatlanishni oʻz ichiga oladi. Harakat cheklanishining oldini olish maqsadida oʻtkir ogʻriqli davr tugashi bilanoq, funksional davolashni, davolash gimnastikasini, massajni, balchiqli, suvli va boshqa fizioterapevtik muolajalarni boshlash lozim.
Yiringli artrit asoratlarini davolash uchun qoʻllanadigan jarrohlik yoʻli bilan davolashlar orasida boʻgʻim rezeksiyasi ham borligini eslatib oʻtish lozim. Boʻgʻim sathi va kapsula butunlay yemirilgani aniqlangan hollardagina va oʻtkir yalligʻlanish bosilgandan keyingina amalga oshiriladi, uni bolalarga ham qoʻllash tavsiya etilmaydi. Keyingi yillarda yiringli artritni davolashda G. A. Ilizarov, O. V. Oganesyan va M. V. Volkov, V. K. Qalnberz tomonidan taklif qilingan kompress-distraksion apparatlarni qoʻyish muvaffaqiyat bilan qoʻllanilmoqda. Bu metod kontraktura va fibroz ankilozlar rivojlanishining oldini oladi[3].