Kontent qismiga oʻtish

Arxeologiya instituti

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeologik tadqiqotlar instituti – Oʻzbekiston hududidagi moddiy madaniyat yodgorliklarini oʻrganuvchi ilmiy muassasa. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Tarix va arxeologiya instituti negizida (1970-yil) Samarqandda tashkil etilgan. Arxeologiya instituti Oʻzbekistonda olib boriladigan arxeologik tadqiqotlarga ilmiy-metodik rahbarlik qiluvchi markaz boʻlib, respublika hududidagi barcha moddiy madaniyat yodgorliklarida qazish ishlari olib borish uchun ruxsatnoma beradi. Oʻz tadqiqotlarini OzMU, Samarqand Davlat Universiteti, Oʻzbekiston Badiiyot akadimyasi Sanʼatshunoslik instituti, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Tarix instituti va boshqa ilmiy muassasalar bilan muvofiqlashtirib olib boradi. Arxeologiya instituti xalqaro ilmiy dasturga binoan respublikaning qator viloyatlarida Fransiya, Germaniya, Polsha, Italiya, Rossiya kabi mamlakatlar ilmiy markazlari bilan hamkorlikda arxeologik qazishmalar olib boradi (1984-yildan). Institutda tosh davri arxeologiyasi, Turon arxeologiyasi, Movarounnahr arxeologiyasi, ilmiy ishlab chiqarish boʻlimlari; tarixiy yodgorliklarning kimyoviy va texnologik tadqiqoti hamda konservatsiya qilish laboratoriyasi, kutubxona (55 mingdan ortiq asar) bor; Toshkent, Xiva va Termiz arxeologiya boʻlimlari tuzilgan. 7 fan doktori (3 akademik), 35 fan nomzodi, jami 90 ilmiy xodim ishlaydi. Institut „Oʻzbekiston moddiy madaniyati tarixi“ nomli yillik toʻplam nashr etadi (1959-yildan). U oʻz faoliyatida arxeologik tadqiqotlarga bagʻishlangan 120 ta ilmiy monografiya (5 tasi ajnabiy tillarda) va turli jurnal va toʻplamlarda mingdan ortiq maqolalar chop etdi. Arxeologiya institutida arxeologiyaning dolzarb masalalari boʻyicha bir necha xalqaro ilmiy anjumanlar oʻtkazildi (1973, 1986, 1988, 1991, 1994, 1997). Institut xodimlaridan A. Asqarov, Yu. F. Buryakov, R. Sulaymonov, M. Isomiddinov, M. Filanovich, T. Xoʻjayov va 665G. Shishkinalar Oʻzbekiston hududida ilk shahar madaniyatining shakllanishi hamda uning taraqqiyot bosqichlari tarixiga bagʻishlangan 14 monografiya uchun Beruniy nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandilar (1985). Institut qoshida aspirantura va doktorantura, arxeologiya mutaxassisligi boʻyicha maxsus doktorlik ilmiy kengashi mavjud[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil