Kontent qismiga oʻtish

Mirumar Asadov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Asadov Mirumardan yoʻnaltirildi)
Mirumar Asadov
Tavalludi 1927
Vafoti 2010-yil
Mukofotlari Oʻzbekiston Qahramoni

Mirumar Asadov (1927-yil, Samarqand shahri – 2010-yil) – meʼmorlik yodgorliklarini taʼmirlovchi usta, Oʻzbekiston Qahramoni (1996). Samarqand yodgorliklarni taʼmirlash bilim yurtini tugatgan (1941). Tojikiston davlat untida oʻqigan (1962 – 1965). Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomli opera va balet teatri binosi qurilishida (1947), Tojikistondagi qator yodgorliklarni taʼmirlashda ishtirok etgan (1950 –1955).

Mirumar Asadov 1927-yil 7-sentabrda Samarqand shahrida tugʻilgan. Ikkinchi jahon urushi boshlanganda Moskvadan Samarqandga sanʼat instituti koʻchirildi. Mirumar Asadovning shaxsiy xotiralariga koʻra, u moskvalik mutaxassislardan chizmachilik va naqqoshlik, yogʻoch oʻymakorligi boʻyicha buxorolik mashhur hunarmand Shirin Murodovdan bilim va tajriba oʻrgangan. 1941-yilda Samarqand yodgorlik taʼmirlash bilim yurtini tamomlagan.

1964-yilda Tojikiston Davlat universitetini tamomlagan.

1947-yilda Toshkentda Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri qurilishida, Tojikistondagi bir qator yodgorliklarni restavratsiya qilishda qatnashgan. Mirumar Asadov Tojikistonning Panjikent shahridagi Sadriddin Ayniy maqbarasi va Rudakiy maqbarasini taʼmirlashda qatnashgan.

1950—1955-yillarda Samarqanddagi Ulugʻbek madrasasi, Amir Temur maqbarasi, Bibixonim masjidi, Tillakori, shuningdek, Buxorodagi Mir Arab madrasasi, Bahouddin Naqshband maqbarasini taʼmirlashda qatnashgan. Toshkentdagi Yunusxon madrasasi va Qaldirgʻochbiy maqbarasida restavratsiya ishlarini olib borgan.

Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, usta ishlagan birinchi muhim obyekt Buxoro viloyatidagi Bahouddin Naqshband maqbarasi boʻldi. Deyarli vayron boʻlgan va tarixiy qiyofasini yoʻqotgan maqbara hukumatning maxsus farmoyishi asosida taʼmirlandi[1].

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 1996-yilda maʼnaviy madaniyat yodgorliklarini tiklashga qoʻshgan hissasi uchun Mirumar Asadovni "Oltin yulduzi" medali va „Oʻzbekiston Qahramoni“ unvoni bilan taqdirlagan.

Mirumar Asadov 2010 yilda vafot etgan[1].

Mirumar Asadov akalari Usta Mirusmon va Usta Mir-Saidlar bilan birgalikda tarixiy obidalarni restavratsiya qiluvchi ustalar sulolasini yetishtirdilar[2].


  1. 1,0 1,1 O'zbekiston Qahramonlari. Tashkent: Adabiyot, 2022 — 22-bet. ISBN 978-9943-9332-7-9.  (Wayback Machine saytida 2023-11-14 sanasida arxivlangan)
  2. National Encyclopedia of Uzbekistan. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi davlat ilmiy nashriyoti, 2022 — 880-bet. 
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil