Asar muallifi va uning shaxsini aniqlash

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Asar muallifi va uning shaxsini aniqlash

Asar muallifi va uning shaxsini aniqlash qo‘lyozma kitobning ilmiy tahlil etishda katta ahamiyatga ega. Bu asarning yaratilish tarixi va uning yozilishiga sabab bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy muhitni aniqlab olish uchun ham zururdir. Odatda, qadimgi qo‘lyozma asarlarda ko‘p hollarda muallifning ismi maʼlum va ko‘zga tashlanadigan joyda, masalan, asarning boshi yoki oxirida qayd etilmaydi. Baʼzan u muqaddima qismida, yoki asar o‘rtasida, voqealar bayoni orasida biron masala yuzasidan tilga olinadi. Ko‘p hollarda esa muallif o‘zining haqiqiy ismini aytmay, „faqiru haqir“, „ojiz va xoksor“, „bu g‘arib banda“ deb atash bilangina kifoyalanadi. Bunday hollarda asar varaqma-varaq, satrma-satr, alohida eʼtibor va sinchkovlik bilan o‘rganilishi lozim. Shunday ham bo‘ladiki, asarning biron yerida muallif o‘zi, otasi yoki yaqinlari haqida bir-ikki kalima aytib o‘tadi. Yoki bayon etilayotgan vlqeaga o‘zining munosabatini (masalan, „Abdullaxon taxtga o‘tirgan vaqtda kamina Hofizi Tanish ibn Mir Muhammad 33 yoshda edim“) bildiradi. Asar muallifining shaxsi, yaʼni uning qaysi ijtimoiy guruhga mansubligi, uning dunyoqarashini aniqlash uchun asarning umumiy g‘oyaviy yo‘nalishini to‘g‘ri belgilab olish uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Manbalarni ichki belgilariga qarab tahlil etish deganda qo‘lyozma asarning tarkibi va mazmunini tahlil qilish, tushuntirish, g‘oyaviy-siyosiy saviyasi va ilmiy qiymatini aniqlash masalalari anglashiladi. Qo‘lyozma asarning ilmiy qiymatini unda nimalar bayon etilganligi, voqea -hodisalarga muallifning xolis munosabati, keltirilgan dalil va maʼlumotlarning to‘g‘riligi va oldinga surilgan fikr va g‘oyalar bilan belgilanadi. Tarixiy asarning asl nusxa, original bo‘lishi yoki kompilyativ — yaʼni boshqalar maʼlumotlarni terib yoki aynan keltirishi, to‘la va noqisligi, qisqaligi, voqealarning qay tarzda bayon etilishi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ilmiy tadqiqotlarda original va mo‘'tabar qo‘lyozmalarga tayanib ish olib borish har bir dalil va maʼlumot, raqamlar eng ishonchli, nodir, birlamchi manbalardan olinishi kerak. Boshqalar kitobida keltirilgan maʼlumotlardan saqdanish lozim. O‘tmish jamiyat sharoitida yozilgan asarlarning mualliflari ko‘pincha o‘zlari keltirayotgan dalillardan to‘g‘ri xulosa chiqarmaydilar, ularning fikrlarida noaniqlik, chalkashlik va qarama-qarshilik ham uchraydi. Bu tabiiy hol, albatta chunki ular yashab ijod etgan muhitning o‘zi ziddiyatlar bilan ajralib turar edi. Yozma manbalarda qarama-qarshi fikrlar bilan bir qatorda xolisona mulohazalar ham uchraydi. Bunday paytlarda muallif ko‘pincha o‘z fikr va mulohazalarini pardozli iboralar va istiorali so‘zlar orasiga yashiradi. Goroskop — odam tug‘ilganda uning taqdirini yoki biron ulug‘ shaxs ishtirokida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan muhim voqeaning natijasini sayyoralarning o‘sha paytdagi holati va o‘rniga qarab maxsus jadvallar vositasida oldindan belgilash, shuningdek, ko‘p asr avval bo‘lib o‘tgan va aynan muallif bayon qilmoqchi bo‘lgan voqeaga o‘xshash faktlarni misol tariqasida keltirish yo‘li bilan bayon etganlar.