Ash-Shifo
“Ash-Shifo bi ta’rifi huquq al-Mustafo” molikiy faqih Qozi Iyozning (vaf. 544/1149) shamoil mavzusida yozgan eng mashhur asaridir. Bu asar “oʻxshashi yozilmagan”, “oʻz bobida haligacha misli ta’lif etilmagan foydali asar”, “mashoyixlardan musibat kunlarida “ash-Shifo”ni oʻqimoqning manfaatli ish ekani eshitilgan” kabi madhlar qozongan[1]
“Ash-Shifo” asari muqaddima va 4 qismdan iborat. Muqaddimada muallif asarning yozilish sababi haqida soʻz yuritadi. Birinchi qism Alloh taoloning Nabiy sollallohu alayhi vasallam sha’nini qavlan va fe’lan ulugʻlashligi xususida. Ikkinchi qism insonlarning Paygʻambar alayhissalom qarshisidagi vazifalari xususida. Uchinchi qism Paygʻambar alayhissalom haqlarida oʻylanishi va soʻzlanishi joiz va mustahil (mumkin boʻlmagan) boʻlgan ishlar haqida. Toʻrtinchi qism Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga til tekkizgan yoki u zot borasida xatolikka yoʻl qoʻyganlarning hukmlari borasida.
“Ash-Shifo” kitobi musulmon olamida juda keng tarqalgan. Vaqt oʻtishi bilan esa unga yozilgan koʻplab sharh, muxtasar, talhis, taxrijlar dunyoga kelgan. Hoji Xalifa “Kashf azuz-zunun” asarida “ash-Shifo” xususida asar bitgan 22 ta muallif va ularning asarlari nomlarini keltiradi. Mashhur alloma Jaloliddin Suyutiy (vaf. 911/1505) “ash-Shifo”dagi xabar va hadislarning taxrijiga bagʻishlangan “Manohil as-safo fi taxriji ahodis ash-Shifo” nomli ta’lifotni amalga oshirgan. Unda jami 1326 ta hadis va xabar taxrij qilingan. “Ash-Shifo” ga yozilgan sharhlar sirasida quyidagilarni sanab oʻtish mumkin:
1. Abdulloh ibn Ahmad Tijoniy – “Al-Vafo fi sharh ash-Shifo”.
2. Tojuddin Yamaniy – “Al-Iktifo fi sharhi alfoz ash-Shifo”.
3. Nuriddin Ali ibn Muhammad Oqbars – “Fath as-safo li sharhi ma’oni alfoz ash-Shifo”.
4. Abu Abdulloh ibn Muhammad Tilimsoniy – “Kunyatu ahl as-safo fi sharh ash-Shifo”.
5. Shummuniy – “Muzil al-hafo an alfoz ash-Shifo”.
6. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali Hasaniy Tilimsoniy – “Al-Manhal al-asfo fi sharhi ma tamassul-hojatu ilayhi min alfoz ash-Shifo”. Xoja Xalifa bu asarni “ash-Shifo”ning eng goʻzal sharhlaridan biri ekanini qayd etgan.
7. Shamsuddin Muhammad ibn Muhammad Dalajiy Usmoniy – “Al-Istifo li bayoni maoni ash-Shifo”.
8. Mulla Aliy Qoriy – “Sharh ash-shifo fi shamoili Sohib al-istifo”.
9. Shahobiddin al-Hafojiy – “Nasim ar-riyoz fi sharhi Shifo al-Qozi Iyoz”.
10. Abulhasan Aliy ibn Ahmad Fosiy Hurayshiy – “Fathul-fayyoz fi sharh ash-Shifo li-l-Qozi Iyoz”.
“Ash-Shifo”ga yozilgan sharhlar orasida eng mashhuri va keng tarqalgani Mulla Ali Qoriy (vaf. 1014/1606)ning “Sharhush-shifo fi shamoili sohibil-istifo” asaridir. Ushbu sharhning soʻngi zamonaviy nashri Bayrutda 2001-yilda 2 mujalladda amalga oshirilgan. Zamonamizning taniqli olimlaridan Vahba Mustafo Zuhayliy “Ash-shifo” va Mulla Aliy Qoriyning sharhi asosida ba’zi oʻzgartirish va qoʻshimchalar bilan “Shamoil al-Mustafo” asarini yozgan. Mazkur asar 2017-yilda Toshkentda Abdulaziz Moʻmin qalami bilan oʻzbek tiliga tarjima qilindi. “Ash-Shifo” asarining toʻliq oʻzbekcha tarjimasi esa, Jaloliddin Hamroqulov tomonidan amalga oshirgan va ushbu tarjima 2022-yilda nashr qilingan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ ʿAʼisha Bint ʿAbdurrahman Bewley, Muhammad ﷺ Messenger of Allah: ash-Shifaʼ of Qadi ʿIyad (Granada: Madinah Press, 1992)