Ateroskleroz
Ateroskleroz (yunoncha athera – boʻtqa va skleroz) – yogʻsimon modda (lipoid)lar almashinuvi buzilib, ularning arteriya ichki qavatida toʻplanishi va biriktiruvchi toʻqimaning oʻsib ketishi natijasida kelib chiqadigan surunkali kasallik. Ateroskleroz qon aylanishining umumiy va mahalliy buzilishi bilan birga kechadi. Arteriya devori toʻqimasi xujayralaridagi oʻzgarishlar, ularda kechadigan bio-kimyoviy jarayonlardagi buzilishlar ateroskleroz paydo boʻlishi va rivojlanishida muhim rol oʻynaydi. Arteriyalar devorining ayrim sohalarida fibroz toʻqima rivojlanishi, shu sohalarda xolesterin va boshqa moddalar yigʻilishi ateroskleroz paydo boʻlishiga olib keladi. Bu arterial qon bosimining koʻtarilishi yoki arterial gipertenziyaga (qarang qon bosimi) bevosita bogʻliq. Ateroskleroz avj olishiga sabab boʻladigan kasalliklardan biri qandli diabetdir. Bunday bemorlar vrachning doimiy kuzatuvi ostida boʻlishlari lozim. Aterosklerozga moyillik keyingi avlod vakillarining maʼlum bir qismi orasida irsiy yoʻl bilan oʻtadi; ota-onasi ateroskleroz bilan ogʻrigan shaxslar irsiy moyillikka yoʻl qoʻymaslik uchun uning oldini olish choralarini koʻrishlari zarur. Aterosklerozda barcha arteriyalarning umumiy zararlanishi kam uchraydi. Asosan, bosh miya, yurak, buyrak va oyoq tomirlari zararlanadi. Bosh miya tomirlarida aterosklerotik oʻzgarishlar avjiga chiqqanda qon aylanishining oʻtkir buzilishi – insult roʻy berishi mumkin. Yurak muskulini qon bilan taʼminlaydigan tomirlar aterosklerozi toj tomirlar yetishmovchiligining yuzaga kelishiga sabab boʻladi. Bunday yetishmovchilik oqibatida stenokardiya, miokard infarkti va yurakning boshqa kasalliklari rivojlanishi mumkin. Oyoq arteriyalari sklerozida oyoqlar boʻshashadi, boldir muskullari ogʻriydi va tortishadi, yurishda oʻzgarish kuzatiladi. Aterosklerozning oldini olish uchun arteriyalar devorining butunligini saqlash va ularda xolesterin yigʻilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida bemorning hayot tarziga doir vrach maslahatlari va tavsiyalarini bajarish kerak.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |